Joriy yilning 1-fevralidan “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024-yil 1 mavsumi uchun tashabbuslar qoldirish boshlanadi.
Joriy yildan boshlab ovoz berishda sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etiladi.
Unga koʻra, bir shaxsning nomida nechta va qaysi turdagi sim-kartalar boʻlishidan qatʼiy nazar (“Uzmobile”, “MobiUz”, “Ucell” va “Beeline”) 1 kishi faqat 1-marta ovoz bera oladi. Yaʼni, boshqa kompaniya raqamidan yana ovoz bermoqchi boʻlganlar adashadi.
Shuningdek, loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etilishi kutilmoqda.
“Tashabbusli budjet” jarayonlarini tartibga solish boʻyicha amaldagi tartibga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlar koʻra, endilikda:
- “Tashabbusli budjet” jarayonlari “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili asosida oʻtkazilishi;
- Mening yoʻlim loyihasi har yili “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumi bilan birlashtirilgan holda oʻtkazilishi;
- loyihalarni saralab olishda shaffoflik va xaqqoniylikni taʼminlash maqsadida Ishchi komissiya yangilangan tarkib asosida shakllantirilishi;
- xarid qilish bilan bogʻliq loyihalar tegishli vazirliklar tomonidan tasdiqlangan elektron reestr asosida shakllantirilishi;
- asossiz ravishda loyihalarni rad etish holati kuzatilgan tuman va shaharlarda saralash bosqichi vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi;
- jamoatchilik nazorati doirasida fuqarolar qonun buzilishi holatlari yoki kamchiliklar kuzatilganda Portal orqali “Favqulodda xabar” qoldirilishi va ushbu loyihalar vakolatli organ tomonidan nazoratga olinishi;
- yil yakunlariga koʻra har yili dekabr oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonida faollik koʻrsatgan bir guruh fuqarolarni ragʻbatlantirilishi;
- kamchiliklarga yoʻl qoʻygan pudratchilarni “Shaffof-qurilish” tizimining Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritilishi boʻyicha taklif kiritilishi kabi oʻzgartirishlar nazarda tutilmoqda.