Erta bahordan yerga nihol qadab, turli oʻsimlik koʻchatlarini ekish, daraxtlarni oqlash xalqimizga xos anʼanalardan biri. Azaldan davom etib kelayotgan bu harakatlar bugun xalqimiz orasida umummilliy tadbirga aylandi. Koʻklam kelishi bilan yurtimizda anʼanaviy “Yashil makon” umummilliy loyihasi start oladi. Yilda ikki marotaba ommaviy tarzda oʻsimlik va daraxt koʻchatlari ekilib, yashil hududlar va bogʻlar barpo etilmoqda.
Loyihaning ahamiyati faqat koʻchat ekishdangina iborat emas. Jarayonda oʻsimliklarning tur va navlari hududlar iqlimi, tabiati va boshqa qator xususiyatlari asosida mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladi. Olimlarimiz tomonidan oʻrganilib, tajribalardan soʻng dala maydonlari va shahar koʻchalariga ekilayotgan turlar nafaqat manzarali, balki shifobaxsh xususiyatga ega, ekologik jihatdan bir necha barobar koʻproq foydali. Ularning orasida har yili yangi navlarni ham uchratish mumkin. Keyingi yillarda shunday oʻsimliklarga tez-tez koʻzimiz tushayotgani, ularning nomlari bilan qiziqib qolayotganimiz boisi shunda.
Joriy yil koʻchat ekish mavsumida ularning orasiga yana bir yangi tur qoʻshiladi. Janubiy Koreya va Xitoyda “Evodiya” nomi bilan mashhur daraxt turi uzoq yillik tajribaga ega dorishunos Anvar Ibragimov tomonidan yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtirilib, “in-vitro” usulida koʻchatlari tayyorlandi. 2026 yilning ilk oylarida esa Oʻzbekiston amaliyotida yangi ushbu nav “Asalari daraxti” nomi bilan davlat reestriga kiritilib, barcha viloyat hududlarida ekish mumkin degan xulosa berildi.
Daraxt nomi uning xususiyatidan kelib chiqqan. Aytishlaricha, xushboʻy iforga ega, manzarali koʻrinishidan tashqari gullarida juda koʻp nektar-shira toʻplashi bilan ajralib turadi. Manbalarda oʻsimlik gullagan vaqtda atrofidan asalari arimaydi va bitta voyaga yetgan daraxtdan 60 kilogrammdan 90 kilogrammgacha asal olish mumkinligi yozilgan. Bir gektar maydonda esa bu 6-8 tonnagacha boradi. Anvar aka asalga boy daraxt turi haqida gapirar ekan, tafsilotlari bizni yanada koʻproq qiziqtira boshladi.
Oʻzbekiston amaliyotida hozircha bunga oʻxshash boshqa daraxt turi uchramaydi, — deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Ibrohim Rahmat” xususiy korxonasi rahbari, Sogʻliqni saqlash aʼlochisi, dorishunos Anvar Ibragimov. — Toʻgʻri, tajribada safora, qashqarbeda, indol, fatseliya, kashtan kabi nektar-shira beradigan oʻsimlik va daraxtlarni oʻstirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Ammo “Evodiya — asalari daraxti” yangi tur boʻlib, undan bugungacha mavjud shu turdagi oʻsimliklardan bir necha barobar koʻp shifobaxsh asal yigʻib olish mumkin. Odatda ekiladigan lipa daraxtidan ham evodiyadan koʻra oʻn barobar kam asal olinadi. Shu bois, yangi nav asalarilar uchun ozuqabop oʻsimlik sifatida juda foydali.
Gap shundaki, asalari oilalarini koʻpaytirish bir masala boʻlsa, ularni boqish ikkinchi masala. Buning uchun yurtimizda yetarli ozuqa bazasini yaratish kerak. Odatda asalarichilarimiz paxta dalalari, oʻrmon xoʻjaliklari, umuman, tabiatdan foydalanib asal yigʻishtirib oladi. Ammo dunyoda nektar beradigan mingga yaqin oʻsimlik mavjud. Asalari yigʻadigan 400 kilogramm nektar qayta ishlanish davomida 100 kilogramm asalga aylanadi. Oʻrganishlarim davomida nektarli oʻsimliklarning koʻpini hududimiz iqlim sharoitiga moslashtirish mumkinligini koʻrdim. Joylarda bu oʻsimliklarni oʻstirib, koʻpaytirish kerak.
Bu boradagi oʻrganishlarim 2020-yildan boshlandi. Korxonamizda asalari boqilgani, qolaversa, hukumatning tegishli qarorlari bilan mamlakatimiz boʻylab asalarichilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishda ularni asalari bilan changlatish amaliyotini keng joriy etish, asalari oilalari sonini keskin oshirish, zarur ozuqa bazasini yaratish, nektar-shira beradigan oʻsimliklar va daraxt turlarini ekib oʻstirish choralarini koʻrib borish vazifalari belgilangani xorijiy yangi navlarni oʻrganib, oʻzimizda sinab koʻrishimizga turtki berdi. Chunki bu masalaga tobora koʻproq eʼtibor qaratilib, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ham aniq vazifalar belgilangan.
2020-yilda Janubiy Koreya va Xitoyning ayrim viloyatlarida ekiladigan “Evodiya” daraxti urugʻlarini olib keldim. Bir tomonda pandemiya, boshqa tomonda oʻsimlik urugʻlarining qimmatligi va olib kelish muammolari sabab jarayon oson boʻlmadi. Korxonamizning ilmiy dala tajriba maydoniga urugʻlarni qadab, oʻzimizning sharoitda oʻstirdik va koʻchat unib chiqdi. Soʻng bir yillik koʻchatdan namuna olib, shartnoma asosida “in-vitro” laboratoriyasida koʻchat tayyorladik. Laboratoriyadan chiqqach, koʻchatlarni birinchi yili issiqxonaga, keyin ochiq maydonga ekdik. 2024-yil iyun oyining ikkinchi yarmidan boshlab esa daraxt gulga kirdi va 2025-yilda yanada koʻproq gulladi.
Koʻchatlarni ochiq maydonlarda ekish uchun yurtimizning turli viloyatlaridagi mutaxassislarga tarqatdik. Tajribalardan soʻng ushbu yangi daraxt turini barcha hududlarimizda oʻstirish mumkinligiga amin boʻldik. Joriy yil boshida Qishloq xoʻjaligi vazirligining nav-sinov markazi xulosalari asosida yangi tur “Asalari daraxti” nomi bilan davlat reestriga kiritildi. Bu “Evodiya” daraxtining ingliz tilidan tarjima qilingan nomi. Nemislar uni “xushboʻy olmos” deb ham ataydi.
“Evodiya” daraxti 4-5 yilda gulga kiradi. Ayni paytda esa ochiq maydonlarda ekish mumkin boʻlgan, 3 yillik ikki mingdan ortiq koʻchat mavjud. Ularni yurtimizning barcha hududlarida ekish mumkin.
Suvsizlikka chidamli oʻsimlik
Oʻsimliklarning eng katta xususiyati, albatta, oʻzidan koʻp miqdorda kislorod chiqarishi bilan bogʻliq. Bugun atmosfera havosi tobora ifloslanib borayotgan sharoitda odamlar nafaqat tabiatni asrab qolish, balki uni qayta tiklab, yashil hududlarni koʻpaytirishga intilayotgani boisi shunda. Olimlar esa bu oʻsimliklarning nafaqat ekologik, balki boshqa jihatlardan ham foydali boʻlishiga eʼtibor qaratmoqda.
Masalan, asalarilar uchun yil davomida ozuqa bazasini yaratishni olaylik. Bu jihatga yurtimizda alohida eʼtibor qaratiladi. Mutaxassislar oʻsimliklarning gullash davriga qarab, oyma-oy oʻstirish boʻyicha tavsiyalar beradi. Mart oyidan yurtimizda mevali daraxtlar gullay boshlaydi, aprelga kelganda esparset oʻsimligi gulga kirib, asalarilar undan ozuqa oladi. Undan keyin lipa daraxti gullaridan nektar-shira yigʻish mumkin. Endi bu ketma-ketlikni “asalari daraxti” davom ettiradi. “Evodiya” iyun oyi oʻrtalarida gulga kirib, bir oy davomida gullab turadi.
Maʼlumotlarga koʻra, daraxt shu qadar koʻp gul beradiki, shiraga boy bu gullar atrofidan asalari arimaydi. Tez oʻsadi va boʻyi 8-15 metrga yetadi. Mayda, oq, xushboʻy hamda toʻpgullari nihoyatda chiroyli manzara hosil qiladi, oʻzidan koʻp miqdorda kislorod chiqaradi. Yevropaning qator davlatlarida asalarilar uchun qimmatli kechki ozuqa manbai sifatida oʻstiriladi. Daraxt turiga qarab, u iyundan oktyabr oyigacha gullab, bir oy davomida koʻplab asalarilarni oʻziga jalb qiladi. Guldastada bir vaqtning oʻzida yigirmatagacha asalari ishlay oladi. Tinim bilmas hasharotlar ushbu oʻsimlik gullaridan lipa daraxtiga qaraganda oʻn barobar koʻproq asal yigʻadi. Bundan tashqari, kuniga taxminan uch kilogrammgacha gulchang toʻplashi mumkin.
— “Asalari daraxti” yorugʻlikni sevgani bois, juda tez oʻsish xususiyatiga ega. Bu aynan iqlim sharoitimizga mos tushadi, — deydi Anvar Ibragimov. — Yurtimizda “Evodiya” daraxti maydonlarini koʻpaytirish bevosita asalarichilik tarmogʻini yanada rivojlantirishga taʼsir etadi. Masalan, bizda asalga boy daraxt sifatida lipa ommalashgani bois, u bilan koʻproq solishtiramiz va oʻn gektar lipa daraxti maydonidan olinadigan asalni bir gektar evodiya daraxti maydonidan olish mumkinligining oʻziyoq noyob oʻsimlikning qiymatini koʻrsatadi. Afsuski, shu vaqtgacha yurtimizda bu daraxt ustida deyarli tadqiqotlar qilinmagan. Shunga qaramay, bugungacha oʻrganilgan ishlar xulosalari ancha ijobiy.
Yaʼni “asalari daraxti”ni oʻstirish va parvarishlash murakkab emas. Asosiysi, suvsizlikka chidamli va tuproq tanlamaydi. Oʻstirish davomida koʻp suv talab qilmaydi, dastlabki yillari meʼyorida namlik taʼminlansa kifoya. Tajribada ortiqcha sugʻorish ayrim koʻchatlarni nobud qildi. Daraxt uchun oʻziga yarasha namlik boʻlsa yetarli. Bu hozirgi qurgʻoqchilik va boshqa ekologik muammolar sharoitida juda maqbul xususiyat. Qolaversa, katta maydonlarda “Evodiya” daraxtini oʻstirish yerdan unumli foydalanishga xizmat qiladi. Chunki daraxt voyaga yetgunga qadar uning tagiga nektar beradigan va asalari uchun ozuqa boʻladigan turli oʻsimliklarni yoki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish mumkin. Bu qoʻshimcha daromad keltiradi.
“Asalari daraxti” unumsiz, kam tuproqli yerlarda ham oʻsaveradi va 4-5 yilda gullaydi. Toʻpgullari katta dastalarda toʻplanadi va ularga asalarilar qoʻnib, asal yigʻishni boshlaydi. Daraxt meva ham beradi. Manbalarda mevasi juda mayda boʻlib, qushlar uchun ozuqa boʻlishi yozilgan. Yurtimizda turli qushlarni koʻpaytiradigan tadbirkorlarimiz bundan foydalanishi mumkin, tabiatdagi qushlar uchun ham yaxshi ozuqa boʻladi.
Tanasi ham shifobaxsh
Anvar akaning asli kasbi dorishunos boʻlgani bois, oʻsimliklarni ayni shifobaxsh xususiyatlariga koʻra oʻrganadi. Bugunga qadar 6-7 xil oʻsimlikni yurtimiz sharoitiga moslashtirishga erishdi. Ularning koʻpi oʻrmon xoʻjaligi yerlarida yetishtiriladi. Shifobaxsh oʻsimliklardan dori tayyorlaydi. Ularning asosiy tarkibida asal mahsuloti boʻlgani sababli asalarichilikni ham yoʻlga qoʻygan. Asalari oilalarini boqish barobarida ularga ozuqa boʻladigan oʻsimliklarni oʻrganish ishlarini olib boradi. Yangi navlarni tajriba maydonlarida sinab koʻradi. “Asalari daraxti” uning ana shu izlanishlari mahsuli.
Aslida, asalni sevib isteʼmol qilmaydigan kishi topilmasa kerak. Tabiiy shifobaxsh mahsulotni doimiy isteʼmol qilish tanaga quvvat berib, koʻplab dardlarga shifo boʻlishi haqida kattalardan doim eshitamiz. Ayniqsa, bahor mavsumida kuzatiladigan holsizlik, lanjlikda darhol asal yalab yuborishni tavsiya qilishadi. Bu bejiz emas. Asal xalq tabobatida ham, zamonaviy tibbiyotda ham keng qoʻllaniladigan shifobaxsh mahsulot sanaladi.
Manbalarda yozilishicha, asal tashuvchilar sayyoramizda ibtidoiy odamlardan ancha yillar avval paydo boʻlgan. Odamzod aqlini taniganidan buyon asalni arilar in qurgan daraxt kovaklaridan olgan. Demak, asalarichilik ham ancha qadimiy soha. Eng qadimgi manbalarda turli kasalliklarni asal bilan davolash haqida qaydlar uchraydi. Hatto qadimda uni “uzoq umr koʻrish malhami”, “hayot sharbati” deb atashgan. Tibbiyot ilmining otasi, buyuk hakim Abu Ali Ibn Sino asalning koʻplab xususiyatlarini keltirib, turli kasalliklarga davo ekani haqida yozadi. Asalari mahsulotlaridan Ibn Sino 500, Abu Rayhon Beruniy 300 turdan ortiq dori-darmon tayyorlagani haqida maʼlumotlar uchraydi.
Zamonaviy tibbiyotda asalning qiymati baland. Yaʼni bu mahsulotning foydaga boyligi, shifo ekani ayon. Ammo biz isteʼmol qiladigan ozgina miqdordagi asalni toʻplash uchun qancha asalari oilasi mehnat qilishi, oʻnlab, yuzlab gulga qoʻnishini koʻpchilik tasavvur qila olmaydi. Maʼlumotlarga koʻra, asalari bir kilogramm asal toʻplash uchun uyasidan 120-150 ming marta uchib chiqishi, minglab chaqirim masofani bosib oʻtishi kerak. Ular asal toʻplashi uchun koʻproq ozuqa manbasi, yaʼni oʻsimlik gullari kerak.
“Asalari daraxti” ayni yoz oylarida asalarilar uchun kerakli ozuqani bera oladi. Ahamiyatlisi, bu daraxtning oʻzi ham shifobaxsh xususiyatga ega. Gulidan tashqari tanasi va barglaridan davolash maqsadlarida foydalanish mumkinligi yozilgan. Daraxt oʻzida yuqori miqdorda efir moylari va biologik faol moddalar saqlagani bois, tibbiyotda turli kasalliklarga malham sifatida qoʻllaniladi.
— “Evodiya” daraxtidan, bir tomondan, manzarali oʻsimlik sifatida yurtimizda yashil makonlarni yaratishda, boshqa tomondan, asal olish, dorivor oʻsimliklar tayyorlashda keng foydalanish mumkin, — deydi Anvar Ibragimov. — Ayni paytda “asalari daraxti”ning dorivor xususiyatlarini oʻrganish ustida ishlayapmiz. Farmatsevtika agentligi bilan asal mahsulotlaridan dori-darmon tayyorlash boʻyicha ishlarimiz davom etyapti. Qolaversa, oʻtgan yili davlatimiz rahbari Yevropa mamlakatlariga safarlari davomida Sloveniyadagi kompaniyalar bilan hamkorlikda yurtimizda asalari mahsulotlaridan dori ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlar tuzilgan. Shu bois, hozirgi vaqtda korxonamiz tomonidan Sloveniya va Ozarbayjondagi soha mutaxassislari bilan ushbu yoʻnalishda muzokaralar olib borilmoqda.
Shunday qilib, joriy bahor mavsumida yurtimizda ilk bor yangi tur — “asalari daraxti” koʻchatlarini ekish boshlanadi. Yoz oylarida ularning ilk gullarini koʻrishimiz hech gap emas. Taʼriflanganidek, daraxt gullari juda goʻzal va xushboʻy, nafaqat asalari oilalari uchun shira manbai, balki odamlarga estetik zavq ulashadigan manzarali oʻsimlik. U atrof-muhit musaffoligini taʼminlovchi daraxt sifatida ham keng ommalashishi shubhasiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri