Hozir jamoat transporti borasidagi fikrimiz ancha oʻzgargan. Albatta, ijobiy tomonga. Buning uchun yetarli asoslar bor. Chunki foydalanuvchi sifatida yaratilayotgan sharoitlar, manzilga tezroq yetib olishimiz uchun koʻrilayotgan choralar, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari qulaylik yaratayotganini inkor etolmaymiz. Hatto shahar sharoitida odamlar shaxsiy avtomobildan koʻra, jamoat transportidan foydalanishni afzal koʻra boshladi.

Jamoat transporti

Mashinasini avtomobil toʻxtash joyida qoldirib, biror manzilga avtobus yoki metro­da tezgina borib keladigan hamkasbim bunga bir misol. Aytishicha, shaharda tirbandlik ortib borayotgan hozirgi sharoitda mashina­da yurish, keyin esa unga toʻxtash joyi topish muammosidan koʻra, jamoat transportida harakatlanish vaqtini ancha tejarkan. Bu fikrga boshqalar ham qoʻshilishiga koʻp guvoh boʻlyapman.

Haqiqatan, keyingi yillarda yurtimiz jamoat transporti barcha jihatdan mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Yoʻnalishlar kengayi­shi, intervallar qisqarishi, zamonaviy ja­moat transporti vositalari olib kelinib, foydalanishga topshirilishi, xizmat koʻrsa­tish sifatining oshishi shular jumlasidan. Ayniqsa, zamonaviy toʻlov tizimining yoʻlga qoʻyilayotgani foydalanuvchilarga qulaylik yaratmoqda. Birgina karta yoki telefon qu­rilmasini maxsus tizimga tekkizish orqali bir necha soniyada yoʻl haqini toʻlab, vaqtni sezilarli tejash mumkin.

Qurilma qanday ishlaydi?

Metroga tushganda endi karta yoki tele­fonni qidirib oʻtirish ham shart boʻlmay qoldi. Kaftni maxsus qurilmaga bosib, yoʻlkirani toʻlash imkoni mavjud. Bunda kaft belgilangan qurilmadagi skaner us­tiga tutiladi va tizim foydalanuvchini tomir chiziqlari asosida biometrik iden­tifikatsiya qiladi. Shundan soʻng yoʻl haqi foydalanuvchining tizim orqali bogʻlangan plastik kartasidan avtomatik tarzda yechib olinadi. Buning nomi “MyID Palm” tizimi deyiladi.

Ushbu innovatsiya ilk bor 2023-yilda Toshkent metropolitenining “Xalqlar doʻst­ligi” bekatida ishga tushirilib, birinchi “Palm Pay” turniketi oʻrnatilgan edi. Sinov jarayonidan soʻng yangi mexanizm 2024-2025-yillarda birin-ketin boshqa bekatlarda ham joriy etila boshladi. Hozir poytaxtimiz­dagi 48 ta metro bekatida yoʻl haqini kaft orqali toʻlash tizimi ishlamoqda.

— “Palm Pay” yoʻl haqini hech qanday kontaktsiz, innovatsion usul orqali toʻlash­dir, — deydi “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Doniyor Nurullayev. — Yangi tizim tomirlar tasviriga asoslangan biometrik identifi­katsiyalash orqali amalga oshiriladi. Bunda metro foydalanuvchisining yonida bank kar­tasi yoki hamyoni boʻlishi shart emas. Shuncha­ki kafti yordamida pul toʻlaydi. Faqat oldin maxsus infokiosk yoki mobil ilova orqali bir marta roʻyxatdan oʻtiladi. Bu atigi bir necha daqiqa vaqtni oladi. Bugun Toshkent metropolitenining 30 ta yer osti bekatida “Palm Pay” infokiosklari oʻrnatilgan, 48 ta bekatdagi turniketlarda kaft orqali toʻlov imkoniyati yaratilgan. Joriy yil davomida qolgan bekatlarda ham yoʻlovchilar talabidan kelib chiqqan holda birin-ketin infokiosk­lar oʻrnatib boriladi. Hozir kaft orqali toʻlash tizimidan kuniga metro yoʻlovchila­rining 3-4 foizi — taxminan 25-40 ming kishi foydalanmoqda. Zamonaviy texnologiya ommalashuvi bekatlardagi navbatlarni se­zilarli darajada qisqartirib, yoʻlovchilar vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Kaft orqali pul toʻlash uchun dastlab roʻyxatdan oʻtish kerak. Bu jarayon bir marta amalga oshiriladi va foydalanuvchi 16 yosh­dan oshgan hamda fuqarolik pasportini ol­gan boʻlishi talab etiladi. Roʻyxatdan oʻtish metro bekatlariga oʻrnatilgan “Palm Pay” infokioski yoki “ATTO” mobil ilovasiga shaxsiy maʼlumotlarni kiritgan holda kaft­ni skanerlash tarzida amalga oshiriladi. Soʻng virtual karta ochilib, mablagʻ bilan toʻldiriladi yoxud avvaldan mavjud boʻlgan transport kartasi ulanadi. Shundan soʻng toʻ­lov uchun kaftning oʻzi kifoya qiladi. Foy­dalanuvchi turniketga oʻrnatilgan qurilma ustiga istalgan kaftini tutish orqali yoʻl haqini toʻlashi mumkin.

Kassa operatorlari shtati bosqichma-bosqich tugatiladi

Bunday toʻlov usulidan faqat bir kishi — roʻyxatdan oʻtgan kaft egasining oʻzigina foy­dalana oladi. Ammo biometrik toʻlov xizmati barcha yoʻlovchi uchun majburiy emas, istagan kishi unga ulanishi mumkin. Mutaxassislar­ning aytishicha, bugun Toshkent metropolite­nida yoʻl haqini toʻlashning 10 dan ortiq turi yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, oʻtgan yil yozdan buyon Toshkent metropoliteni bekatlarida chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrna­tilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozir yer usti halqa yoʻnalishidagi barcha — 14 ta bekat ham­da yer osti yoʻnalishining Paxtakor va Ali­sher Navoiy bekatlarida avtomatlashtirilgan infokiosklar ishlab turibdi. Foydalanuv­chilar ushbu metro bekatlarida chiptani kassa operatoridan emas, elektron qurilmadan ol­moqda. Natijada ushbu bekatlarning bitta­dan vestibyulida kassalar yopilib, xodimlar shtati tugatilgan. Keyinchalik barcha metro bekatida chipta sotib olish uchun avtomatlash­tirilgan bankomatlar oʻrnatilishi hisobiga kassa operatori va katta operator lavozimi shtati toʻliq tugatilishi rejalashtirilgan.

— Metro bekatlarida toʻlov tizimlari­ning toʻliq elektronlashtirilayotgani hi­sobiga naqd pulga chipta xarid qilinishi holati keskin qisqargan, — deydi Doniyor Nurullayev. — Bu oʻz-oʻzidan kassa operatori lavozimidagi xodimlarga talabni kamay­tiradi. Raqamlashtirish jarayonida baʼzi faoliyat turlariga ehtiyoj yoʻqolib borishi tabiiy hol. Qolaversa, toʻlovlarni avtomat­lashtirilgan apparatlar orqali ortiqcha navbatlarsiz amalga oshirish odamlar uchun ham qulay. Shunday boʻlsa-da, lavozimi qis­qartirilayotgan xodimlarga oʻz istagi va im­koniyatidan kelib chiqib, kasb-hunar kursla­rida bepul oʻqish taklif etilmoqda.

Bir million yoʻlovchi talabiga moslashish zarurati

Metro jamoat transportining eng tezkor, xavfsiz va qulay turlaridan. Shuning uchun ham keyingi yillarda undan foydalanuvchi­lar soni karrasiga oshib boryapti. Maʼlu­motlarga koʻra, 2021-yilda bir kunda 280-300 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻl­sa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 1 milliondan oshib, rekord natijani qayd etdi. Bu kichik raqamlar emas. Birgina shu koʻrsatkich orqa­li mamlakatimizdagi rivojlanish shiddati, aholi va sayyohlar oqimi ortib borayotgani, barcha yoʻnalishdagi tezkorlik va oʻsishni ang­lash mumkin.

Asosiysi, odamlarning jamoat trans­portidan foydalanishga ishonchi ortgan. Bu, albatta, quvonarli, ammo talabning ortishi foydalanuvchilarga doimiy tirbandlikda qo­lish, poyezdlar kelishini uzoq kutishga maj­bur boʻlish, eskicha tizim sabab ortiqcha vaqt va asab ketishi kabi noqulayliklarni tugʻ­dirmasligi kerak. “Toshkent metropoliteni” DUKda keyingi yillarda koʻrilayotgan chora- tadbirlardan koʻzlangan maqsad ham shu — har bir yoʻlovchiga yanada koʻproq qulaylik yaratish.

— 1977-yilda ochilgan Toshkent metropo­liteni faoliyatiga salkam 50 yil toʻlmoqda. Odamlar yaxshi biladi: 40 yilga yaqin vaqt da­vomida metropoliten deyarli oʻzgarishlarsiz, eskicha tizimda ishlagan. Keyingi oʻn yilda­gina uning qiyofasi butkul oʻzgardi. Estaka­da uslubidagi yangi yoʻnalishlar, har tomon­lama qulay harakat tarkiblari va bekatlar, zamonaviy eskalatorlar, raqamlashgan toʻlov tizimlari — bularning barchasi Toshkent metrosini mutlaqo yangi koʻrinishga keltir­di, — deydi Doniyor Nurullayev. — Deyarli 40 yilda metropoliten bekatlari 29 tani tash­kil etgan boʻlsa, bugunga kelib jami bekatlar soni 50 taga, yoʻnalishlar uzunligi esa 71 kilometrga yetdi. Oxirgi toʻrt yilda zamona­viy turdagi 41 ta yangi harakat tarkibi xarid qilinib, poyezdlar soni 80 taga yetkazildi. Bu jarayon shiddatli tus olib, joriy yilda yana 14 ta poyezd xarid qilish koʻzda tutilgan. Chun­ki metro foydalanuvchilari tobora koʻpayib bormoqda. Baʼzan tigʻiz vaqtlarda tirband­liklar haddan ziyod ortadi. Bunday sharoitda eng maqbul yechimlarni qoʻllash, tiqilinchni kamaytirish, poyezdlar harakatlanish oraliq vaqtini qisqartirish boʻyicha doimiy ishlar qilinayotgani boisi shunda.

Qolaversa, metro foydalanuvchilari uchun boshqa qulayliklar ham yaratilyapti. Ayniq­sa, 2025-yilda bu ishlar faol bosqichga chiq­di. Jumladan, yer osti bekatlarida eskirgan eskalatorlar oʻrniga zamonaviylari ishga tushirilyapti. Eski turdagi vaqt intervalla­rini koʻrsatuvchi soatlar yangilanib, energiya tejamkor, yorqin, koʻproq maʼlumotlar bilan boyitilgan elektron soatlar oʻrnatildi. Ahamiyatlisi, elektron soatlarni metropo­liten mutaxassislari mahalliy sharoitda ishlab chiqardi. Qurilmalarni yasash jarayo­nida zarur texnik detallar yigʻilib, ularga maxsus dasturiy taʼminot oʻrnatilgan.

Oʻtgan yili yoʻlovchi oqimi yuqori boʻl­gan Chilonzor, Paxtakor, Buyuk ipak yoʻli va Amir Temur xiyoboni metro bekatlarida za­monaviy ona-bola xonalari hamda jamoat hojatxonalari foydalanishga topshirildi. Birin-ketin boshqa metro bekatlarida ham shunday xonalar ochilishi nazarda tutilgan. Bu metro stansiyalari infratuzilmasini yaxshilash, yoʻlovchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarning bir qismi. Mazkur jarayonda keng jamoatchilikning tak­lifi va talablari ham inobatga olinayotir.

Avvallari odamlarni metroga tushgandan keyin telefon aloqasi uzilib qolib, inter­net ishlamasligi bezovta qilardi. Hozir yer osti boʻylab poyezd ichida harakatlanayotganda ham bemalol internetdan foydalanish mum­kin. Mutaxassisning taʼkidlashicha, ayni yoʻnalishdagi ishlar sabab, metro bekatlari va yoʻlovchi xonalarida barcha asosiy aloqa operatorlarining signal qamrovi taʼmin­langan. Shuningdek, bekatlarda bepul hamda tezkor Wi-Fi tizimi ishga tushirilgan. Met­ro tunellari va yer osti yoʻllarida ham optik tolali liniyalar, takrorlovchi stansiyalar va boshqa texnik jihozlar oʻrnatilib, signal uzatishning uzluksizligi hamda sifatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Metropolitenning soʻnggi yillarda bar­po etilgan yer usti bekatlarida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham qator sharoitlar yaratildi. 19 ta yer usti bekatida 20 ta lift ularga xizmat koʻrsatyapti. Zamo­naviy eskalatorlarda ham qulaylik yuqori.

Oʻtgan yilning yoz oylaridan boshlab esa Toshkent yer osti metrosi bekatlarida kek­salar, yosh bolalilar va nogironligi boʻl­gan shaxslarga zinadan chiqishda qulaylik yaratish maqsadida elektron koʻtargich (pan­dus)lar oʻrnatish boshlandi. Avvaliga bir necha bekatda sinov tariqasida qoʻyil­gan panduslar soni hozir anchagina koʻpayib qolgan.

— Toshkent metropoliteni bekatlarida jami 54 ta elekt­ron koʻtargich (pandus) oʻrnatish ishlari rejalashtirilgan boʻlib, shundan 38 tasi hozir yoʻlovchilarga xizmat qilyap­ti, — deydi Toshkent metro­politeni elektromexanika xizmati distansiya boshligʻi Ibrohim Ismoilov. — Ular­ning hammasi soz holatda ish­lab turibdi. Yangi qurilmadan foydalanish hali ommalashma­gani bois, odamlarda yetarlicha koʻnikma mavjud emas. Lekin pan­duslarning hammasi toʻliq ishga tushi­rilgan. Panduslar hamma uchun emas, aso­san, keksalar, yosh bolali ayollar, imkoniyati cheklangan shaxslarga moʻljallangan. Biroq ayrim yoshlarning qurilmadan bemaqsad foydalanishi, ularni oʻynashi, atay buzib qochishi holatlari uchramoqda. Bu harakatlar elektron panduslarda nosozlik chiqishiga sabab boʻlyapti. Shunday ekan, zamonaviy qu­rilmalarni oʻrnatish bilan birga ulardan foydalanish madaniyatini ham shakllantiri­shimiz kerak.

Ayrim bekatlarda ikkinchi vestibyul ochildi

Haqiqatan, hozir koʻpchilik kundalik transport sifatida metrodan faol foyda­lanadi. Bekatlardagi odamlar oqimi ancha yuqori. Interval qisqarganiga qaramay, poyezdlar doim toʻla. Tigʻiz vaqtlardagi foy­dalanuvchilar oqimini aytmasa ham boʻla­di, baʼzan qarshimizdagi yoʻlni koʻrmasdan turib harakatlanishimizga, kelgan poyezdga sigʻmasdan qolib ketishimizga toʻgʻri keladi. Avvallari rivojlangan davlatlarda shunday manzarani koʻrardik, hozir oʻzimizda ham bu odatiy holga aylandi.

Oqimning ortib borayotgani sabab oʻtgan yili dekabrda Toshkent metropolitenining 4 ta bekatida ikkinchi vestibyullar ochildi. Yoʻlovchi kamligi sabab ulardan koʻp yil foy­dalanilmagan. Metro qatnoviga talab ort­gach, qoʻshimcha yoʻlaklarni qayta ochish taklif etilib, bu boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan. Jarayonda vestibyullar qaytadan texnik taʼ­mirlanib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda yangi ochilgan toʻrtta vestibyul toʻliq ishlamoqda.

Joriy yil boshida esa yana bir yangilik eʼlon qilindi. Unga koʻra, Toshkent metro­politeni liniyalarining grafik sxemasi, masalan, Yunusobod yoʻli va halqa yer usti yoʻlida birinchi hamda oxirgi bekatlar ora­sidagi oʻrtacha masofa vaqti hamda ayni shu oraliqdagi poyezdlar harakatining oʻrtacha vaqti (daqiqalar va soniyalar) yangilangan. Sxemaga metro bekatlari yaqinida qoʻshimcha shahar atrofi avtostansiyalari va metro be­katlaridan borish mumkin boʻlgan diqqatga sazovor joylar qoʻshilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri