Hozir jamoat transporti borasidagi fikrimiz ancha oʻzgargan. Albatta, ijobiy tomonga. Buning uchun yetarli asoslar bor. Chunki foydalanuvchi sifatida yaratilayotgan sharoitlar, manzilga tezroq yetib olishimiz uchun koʻrilayotgan choralar, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari qulaylik yaratayotganini inkor etolmaymiz. Hatto shahar sharoitida odamlar shaxsiy avtomobildan koʻra, jamoat transportidan foydalanishni afzal koʻra boshladi.
Jamoat transporti
Mashinasini avtomobil toʻxtash joyida qoldirib, biror manzilga avtobus yoki metroda tezgina borib keladigan hamkasbim bunga bir misol. Aytishicha, shaharda tirbandlik ortib borayotgan hozirgi sharoitda mashinada yurish, keyin esa unga toʻxtash joyi topish muammosidan koʻra, jamoat transportida harakatlanish vaqtini ancha tejarkan. Bu fikrga boshqalar ham qoʻshilishiga koʻp guvoh boʻlyapman.
Haqiqatan, keyingi yillarda yurtimiz jamoat transporti barcha jihatdan mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Yoʻnalishlar kengayishi, intervallar qisqarishi, zamonaviy jamoat transporti vositalari olib kelinib, foydalanishga topshirilishi, xizmat koʻrsatish sifatining oshishi shular jumlasidan. Ayniqsa, zamonaviy toʻlov tizimining yoʻlga qoʻyilayotgani foydalanuvchilarga qulaylik yaratmoqda. Birgina karta yoki telefon qurilmasini maxsus tizimga tekkizish orqali bir necha soniyada yoʻl haqini toʻlab, vaqtni sezilarli tejash mumkin.
Qurilma qanday ishlaydi?
Metroga tushganda endi karta yoki telefonni qidirib oʻtirish ham shart boʻlmay qoldi. Kaftni maxsus qurilmaga bosib, yoʻlkirani toʻlash imkoni mavjud. Bunda kaft belgilangan qurilmadagi skaner ustiga tutiladi va tizim foydalanuvchini tomir chiziqlari asosida biometrik identifikatsiya qiladi. Shundan soʻng yoʻl haqi foydalanuvchining tizim orqali bogʻlangan plastik kartasidan avtomatik tarzda yechib olinadi. Buning nomi “MyID Palm” tizimi deyiladi.
Ushbu innovatsiya ilk bor 2023-yilda Toshkent metropolitenining “Xalqlar doʻstligi” bekatida ishga tushirilib, birinchi “Palm Pay” turniketi oʻrnatilgan edi. Sinov jarayonidan soʻng yangi mexanizm 2024-2025-yillarda birin-ketin boshqa bekatlarda ham joriy etila boshladi. Hozir poytaxtimizdagi 48 ta metro bekatida yoʻl haqini kaft orqali toʻlash tizimi ishlamoqda.
— “Palm Pay” yoʻl haqini hech qanday kontaktsiz, innovatsion usul orqali toʻlashdir, — deydi “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Doniyor Nurullayev. — Yangi tizim tomirlar tasviriga asoslangan biometrik identifikatsiyalash orqali amalga oshiriladi. Bunda metro foydalanuvchisining yonida bank kartasi yoki hamyoni boʻlishi shart emas. Shunchaki kafti yordamida pul toʻlaydi. Faqat oldin maxsus infokiosk yoki mobil ilova orqali bir marta roʻyxatdan oʻtiladi. Bu atigi bir necha daqiqa vaqtni oladi. Bugun Toshkent metropolitenining 30 ta yer osti bekatida “Palm Pay” infokiosklari oʻrnatilgan, 48 ta bekatdagi turniketlarda kaft orqali toʻlov imkoniyati yaratilgan. Joriy yil davomida qolgan bekatlarda ham yoʻlovchilar talabidan kelib chiqqan holda birin-ketin infokiosklar oʻrnatib boriladi. Hozir kaft orqali toʻlash tizimidan kuniga metro yoʻlovchilarining 3-4 foizi — taxminan 25-40 ming kishi foydalanmoqda. Zamonaviy texnologiya ommalashuvi bekatlardagi navbatlarni sezilarli darajada qisqartirib, yoʻlovchilar vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Kaft orqali pul toʻlash uchun dastlab roʻyxatdan oʻtish kerak. Bu jarayon bir marta amalga oshiriladi va foydalanuvchi 16 yoshdan oshgan hamda fuqarolik pasportini olgan boʻlishi talab etiladi. Roʻyxatdan oʻtish metro bekatlariga oʻrnatilgan “Palm Pay” infokioski yoki “ATTO” mobil ilovasiga shaxsiy maʼlumotlarni kiritgan holda kaftni skanerlash tarzida amalga oshiriladi. Soʻng virtual karta ochilib, mablagʻ bilan toʻldiriladi yoxud avvaldan mavjud boʻlgan transport kartasi ulanadi. Shundan soʻng toʻlov uchun kaftning oʻzi kifoya qiladi. Foydalanuvchi turniketga oʻrnatilgan qurilma ustiga istalgan kaftini tutish orqali yoʻl haqini toʻlashi mumkin.
Kassa operatorlari shtati bosqichma-bosqich tugatiladi
Bunday toʻlov usulidan faqat bir kishi — roʻyxatdan oʻtgan kaft egasining oʻzigina foydalana oladi. Ammo biometrik toʻlov xizmati barcha yoʻlovchi uchun majburiy emas, istagan kishi unga ulanishi mumkin. Mutaxassislarning aytishicha, bugun Toshkent metropolitenida yoʻl haqini toʻlashning 10 dan ortiq turi yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, oʻtgan yil yozdan buyon Toshkent metropoliteni bekatlarida chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrnatilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozir yer usti halqa yoʻnalishidagi barcha — 14 ta bekat hamda yer osti yoʻnalishining Paxtakor va Alisher Navoiy bekatlarida avtomatlashtirilgan infokiosklar ishlab turibdi. Foydalanuvchilar ushbu metro bekatlarida chiptani kassa operatoridan emas, elektron qurilmadan olmoqda. Natijada ushbu bekatlarning bittadan vestibyulida kassalar yopilib, xodimlar shtati tugatilgan. Keyinchalik barcha metro bekatida chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrnatilishi hisobiga kassa operatori va katta operator lavozimi shtati toʻliq tugatilishi rejalashtirilgan.
— Metro bekatlarida toʻlov tizimlarining toʻliq elektronlashtirilayotgani hisobiga naqd pulga chipta xarid qilinishi holati keskin qisqargan, — deydi Doniyor Nurullayev. — Bu oʻz-oʻzidan kassa operatori lavozimidagi xodimlarga talabni kamaytiradi. Raqamlashtirish jarayonida baʼzi faoliyat turlariga ehtiyoj yoʻqolib borishi tabiiy hol. Qolaversa, toʻlovlarni avtomatlashtirilgan apparatlar orqali ortiqcha navbatlarsiz amalga oshirish odamlar uchun ham qulay. Shunday boʻlsa-da, lavozimi qisqartirilayotgan xodimlarga oʻz istagi va imkoniyatidan kelib chiqib, kasb-hunar kurslarida bepul oʻqish taklif etilmoqda.
Bir million yoʻlovchi talabiga moslashish zarurati
Metro jamoat transportining eng tezkor, xavfsiz va qulay turlaridan. Shuning uchun ham keyingi yillarda undan foydalanuvchilar soni karrasiga oshib boryapti. Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda bir kunda 280-300 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 1 milliondan oshib, rekord natijani qayd etdi. Bu kichik raqamlar emas. Birgina shu koʻrsatkich orqali mamlakatimizdagi rivojlanish shiddati, aholi va sayyohlar oqimi ortib borayotgani, barcha yoʻnalishdagi tezkorlik va oʻsishni anglash mumkin.
Asosiysi, odamlarning jamoat transportidan foydalanishga ishonchi ortgan. Bu, albatta, quvonarli, ammo talabning ortishi foydalanuvchilarga doimiy tirbandlikda qolish, poyezdlar kelishini uzoq kutishga majbur boʻlish, eskicha tizim sabab ortiqcha vaqt va asab ketishi kabi noqulayliklarni tugʻdirmasligi kerak. “Toshkent metropoliteni” DUKda keyingi yillarda koʻrilayotgan chora- tadbirlardan koʻzlangan maqsad ham shu — har bir yoʻlovchiga yanada koʻproq qulaylik yaratish.
— 1977-yilda ochilgan Toshkent metropoliteni faoliyatiga salkam 50 yil toʻlmoqda. Odamlar yaxshi biladi: 40 yilga yaqin vaqt davomida metropoliten deyarli oʻzgarishlarsiz, eskicha tizimda ishlagan. Keyingi oʻn yildagina uning qiyofasi butkul oʻzgardi. Estakada uslubidagi yangi yoʻnalishlar, har tomonlama qulay harakat tarkiblari va bekatlar, zamonaviy eskalatorlar, raqamlashgan toʻlov tizimlari — bularning barchasi Toshkent metrosini mutlaqo yangi koʻrinishga keltirdi, — deydi Doniyor Nurullayev. — Deyarli 40 yilda metropoliten bekatlari 29 tani tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib jami bekatlar soni 50 taga, yoʻnalishlar uzunligi esa 71 kilometrga yetdi. Oxirgi toʻrt yilda zamonaviy turdagi 41 ta yangi harakat tarkibi xarid qilinib, poyezdlar soni 80 taga yetkazildi. Bu jarayon shiddatli tus olib, joriy yilda yana 14 ta poyezd xarid qilish koʻzda tutilgan. Chunki metro foydalanuvchilari tobora koʻpayib bormoqda. Baʼzan tigʻiz vaqtlarda tirbandliklar haddan ziyod ortadi. Bunday sharoitda eng maqbul yechimlarni qoʻllash, tiqilinchni kamaytirish, poyezdlar harakatlanish oraliq vaqtini qisqartirish boʻyicha doimiy ishlar qilinayotgani boisi shunda.
Qolaversa, metro foydalanuvchilari uchun boshqa qulayliklar ham yaratilyapti. Ayniqsa, 2025-yilda bu ishlar faol bosqichga chiqdi. Jumladan, yer osti bekatlarida eskirgan eskalatorlar oʻrniga zamonaviylari ishga tushirilyapti. Eski turdagi vaqt intervallarini koʻrsatuvchi soatlar yangilanib, energiya tejamkor, yorqin, koʻproq maʼlumotlar bilan boyitilgan elektron soatlar oʻrnatildi. Ahamiyatlisi, elektron soatlarni metropoliten mutaxassislari mahalliy sharoitda ishlab chiqardi. Qurilmalarni yasash jarayonida zarur texnik detallar yigʻilib, ularga maxsus dasturiy taʼminot oʻrnatilgan.
Oʻtgan yili yoʻlovchi oqimi yuqori boʻlgan Chilonzor, Paxtakor, Buyuk ipak yoʻli va Amir Temur xiyoboni metro bekatlarida zamonaviy ona-bola xonalari hamda jamoat hojatxonalari foydalanishga topshirildi. Birin-ketin boshqa metro bekatlarida ham shunday xonalar ochilishi nazarda tutilgan. Bu metro stansiyalari infratuzilmasini yaxshilash, yoʻlovchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarning bir qismi. Mazkur jarayonda keng jamoatchilikning taklifi va talablari ham inobatga olinayotir.
Avvallari odamlarni metroga tushgandan keyin telefon aloqasi uzilib qolib, internet ishlamasligi bezovta qilardi. Hozir yer osti boʻylab poyezd ichida harakatlanayotganda ham bemalol internetdan foydalanish mumkin. Mutaxassisning taʼkidlashicha, ayni yoʻnalishdagi ishlar sabab, metro bekatlari va yoʻlovchi xonalarida barcha asosiy aloqa operatorlarining signal qamrovi taʼminlangan. Shuningdek, bekatlarda bepul hamda tezkor Wi-Fi tizimi ishga tushirilgan. Metro tunellari va yer osti yoʻllarida ham optik tolali liniyalar, takrorlovchi stansiyalar va boshqa texnik jihozlar oʻrnatilib, signal uzatishning uzluksizligi hamda sifatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Metropolitenning soʻnggi yillarda barpo etilgan yer usti bekatlarida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham qator sharoitlar yaratildi. 19 ta yer usti bekatida 20 ta lift ularga xizmat koʻrsatyapti. Zamonaviy eskalatorlarda ham qulaylik yuqori.
Oʻtgan yilning yoz oylaridan boshlab esa Toshkent yer osti metrosi bekatlarida keksalar, yosh bolalilar va nogironligi boʻlgan shaxslarga zinadan chiqishda qulaylik yaratish maqsadida elektron koʻtargich (pandus)lar oʻrnatish boshlandi. Avvaliga bir necha bekatda sinov tariqasida qoʻyilgan panduslar soni hozir anchagina koʻpayib qolgan.
— Toshkent metropoliteni bekatlarida jami 54 ta elektron koʻtargich (pandus) oʻrnatish ishlari rejalashtirilgan boʻlib, shundan 38 tasi hozir yoʻlovchilarga xizmat qilyapti, — deydi Toshkent metropoliteni elektromexanika xizmati distansiya boshligʻi Ibrohim Ismoilov. — Ularning hammasi soz holatda ishlab turibdi. Yangi qurilmadan foydalanish hali ommalashmagani bois, odamlarda yetarlicha koʻnikma mavjud emas. Lekin panduslarning hammasi toʻliq ishga tushirilgan. Panduslar hamma uchun emas, asosan, keksalar, yosh bolali ayollar, imkoniyati cheklangan shaxslarga moʻljallangan. Biroq ayrim yoshlarning qurilmadan bemaqsad foydalanishi, ularni oʻynashi, atay buzib qochishi holatlari uchramoqda. Bu harakatlar elektron panduslarda nosozlik chiqishiga sabab boʻlyapti. Shunday ekan, zamonaviy qurilmalarni oʻrnatish bilan birga ulardan foydalanish madaniyatini ham shakllantirishimiz kerak.
Ayrim bekatlarda ikkinchi vestibyul ochildi
Haqiqatan, hozir koʻpchilik kundalik transport sifatida metrodan faol foydalanadi. Bekatlardagi odamlar oqimi ancha yuqori. Interval qisqarganiga qaramay, poyezdlar doim toʻla. Tigʻiz vaqtlardagi foydalanuvchilar oqimini aytmasa ham boʻladi, baʼzan qarshimizdagi yoʻlni koʻrmasdan turib harakatlanishimizga, kelgan poyezdga sigʻmasdan qolib ketishimizga toʻgʻri keladi. Avvallari rivojlangan davlatlarda shunday manzarani koʻrardik, hozir oʻzimizda ham bu odatiy holga aylandi.
Oqimning ortib borayotgani sabab oʻtgan yili dekabrda Toshkent metropolitenining 4 ta bekatida ikkinchi vestibyullar ochildi. Yoʻlovchi kamligi sabab ulardan koʻp yil foydalanilmagan. Metro qatnoviga talab ortgach, qoʻshimcha yoʻlaklarni qayta ochish taklif etilib, bu boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan. Jarayonda vestibyullar qaytadan texnik taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda yangi ochilgan toʻrtta vestibyul toʻliq ishlamoqda.
Joriy yil boshida esa yana bir yangilik eʼlon qilindi. Unga koʻra, Toshkent metropoliteni liniyalarining grafik sxemasi, masalan, Yunusobod yoʻli va halqa yer usti yoʻlida birinchi hamda oxirgi bekatlar orasidagi oʻrtacha masofa vaqti hamda ayni shu oraliqdagi poyezdlar harakatining oʻrtacha vaqti (daqiqalar va soniyalar) yangilangan. Sxemaga metro bekatlari yaqinida qoʻshimcha shahar atrofi avtostansiyalari va metro bekatlaridan borish mumkin boʻlgan diqqatga sazovor joylar qoʻshilgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri