Uchrashuv davomida amaldagi hamkorlikdagi loyihalarning borishi, shuningdek, muqobil energetika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, A.Sultanov ishlab chiqarish loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirishni taʼminlash, jumladan, “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan issiqlik elektr stansiyasi (IES) va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish hamda kelgusida texnik xizmat koʻrsatish muhimligini taʼkidladi.

Loyiha doirasida Oʻzbekiston tomoni dunyodagi pandemiya cheklovlari bilan bogʻliq qiyin logistika holatga qaramay, qurilish-montaj ishlarining reja-jadvallarga muvofiq olib borilayotganidan mamnunligini bildirdi.

Taʼkidlash kerakki, Buxoro viloyatida Saudiya kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 1,3 milliard dollar boʻlgan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi amalga oshirilyapti.

Ayni paytda mazkur loyiha doirasida potensial kreditorlar bilan muzokaralar oʻtkazilib, obyektlarda qoʻshimcha tadqiqot-oʻrganishlari olib borilyapti.

Muhokama davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol energetikasi loyihasining borishi koʻrib chiqildi. Qayd etish kerakki, “ACWA Power” kompaniyasi mazkur shamol elektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun past boʻlgan, yaʼni elektr energiyasining 1 kVt/soati uchun 2,57 sent tarifini taklif qilib, tender gʻolibi boʻldi. 2021-yil 17-dekabrda Saudiya kompaniyasi bilan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.

Uchrashuv davomida Muhammad Abunayan “ACWA Power” kompaniyasining vodorod energetikasi boʻyicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqishini taʼkidladi.

Xususan, “Air Products” xalqaro kompaniyasi ishtirokida ushbu yoʻnalishda uch tomonlama hamkorlik imzolandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.