Energetika vaziri zapravkalarda benzin yetishmayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

    Energetika 23 Noyabr 2023 1323

    Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22-noyabrdagi Oliy Majlis qonunchilik palatasi yig‘ilishida aholiga benzin yetkazib berish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.

    Vazirning aytishicha, respublikada benzinga boʻlgan talabni qondirish boʻyicha choralar koʻrilyapti.

    “Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda zapravkalarda benzin yetishmayotgani haqidagi gaplar juda koʻp muhokamalar qilinmoqda. Joylarga chiqib masalani oʻrganyapmiz. Bu yerda taqchillik yuzaga kelgan deb boʻlmaydi. Holatni sunʼiy manipulyatsiya qilgan zapravkalarga nisbatan choralar koʻrilyapti. Albatta, ehtiyojni qondirish uchun ichki ishlab chiqarishni oshirish va import qilib ham benzin olib kelinmoqda. Toʻgʻri, Rossiya hukumati tomonidan kiritilgan maʼlum muddatli cheklov ham bunga taʼsir qildi. Lekin 5-6-oktabr kunlari prezidentimizning Rossiyaga tashriflari davomida hukumatlararo kelishuvga erishilgan. Yaʼni u cheklov boʻlsa boʻlmasa, bizga istisno tariqasida benzinni kafolatlangan tarzda olib chiqish imkoniyati yaratildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonga Rossiya kompaniyalaridan benzin import qilish boshlandi”, — dedi vazir.

    Joʻrabek Mirzamahmudovning qoʻshimcha qilishicha, respublikada yil boshidan beri 1 million 160 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilgan.

    Yana 371 ming tonna benzin import qilinishi koʻzda tutilgan. Shundan “Oʻzbekneftgaz” AJ 100 ming tonna, tadbirkorlar 270 ming tonna benzin import qilishi rejalashtirilmoqda. Yil yakunigacha 1 million 329 ming tonna benzin tashqaridan olib kelinadigan xomashyo va ichki resurslar hisobidan yetkazib beriladi. Noyabr va dekabr oylarida 80 ming tonna benzin import qilinib, ehtiyoj ortgan paytda taʼminlash koʻzda tutilgan, — dedi vazirlik rasmiysi.