Vazirlikning maʼlum qilishicha, mazkur oʻsuvchan koeffitsiyent aholi isteʼmolchilarining 98 foiziga mutlaqo taʼsir qilmaydi. Chunki mamlakatimizdagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortigʻi 1000 kilovatt/soatdan koʻp elektr energiyasi yoqadi xolos. Ularning atigi 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatdan oshiq, bor-yoʻgʻi, 4 mingdan ortiq isteʼmolchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi isteʼmol qiladi.

Avvalo, tarif narxi oshayotgani yoʻq. Oʻsha 295 soʻm joy-joyida turibdi.

Xoʻsh unda buni qanday tushunish mumkin?

"Odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda "yashirin iqtisodiyot" unsurlariga barham berish uchun qoʻshimcha oʻsuvchan koeffitsiyent qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda.

Bunda siz bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflasangiz, 295 soʻmdan 295 ming soʻm toʻlaysiz.

1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha sarflasangiz, 1000 kilovatt/soat uchun 295 soʻmdan 295 ming, aytaylik, 4850 kilovatt/soat yoqqan boʻlsangiz, 1001 dan 4850 gacha 590 soʻmdan 2 million 271 ming 500 soʻm+295 ming soʻm=jami 2 million 566 ming 500 soʻm toʻlaysiz.

Oldin siz buning uchun jami 1 million 430 ming 750 soʻm toʻlardingiz xolos.

Agar bir oyda 9420 kilovatt/soat ishlatsangiz-chi?

Xuddi boyagidek 1000 kilovatt/soat uchun 295 ming soʻm, 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha 590 soʻmdan 2 million 360 ming soʻm, 5001 kilovatt/soatdan 9420 kilovatt/soatgacha 3 million 911 ming 700 soʻm, jami 6 million 566 ming 700 soʻm toʻlov qilasiz.

Oʻsuvchan koeffitsiyentgacha esa bir oyda 9420 kilovatt/soat sarflagan isteʼmolchi bunga 2 million 778 ming 900 soʻm toʻlardi.

Yaʼni u bir oyda 6 million 358 ming 500 soʻm shartli subsidiya olgani holda, aholining qolgan 98 foiz qismidan koʻra bir necha oʻn karra koʻproq elektr energiyasini isteʼmol qilardi.

1-noyabrdan keyin bunga chek qoʻyiladi.

Xuddi shu oʻsuvchan tarif 10 ming kilovatt/soatdan ziyod tok ishlatadiganlarga ham qoʻllanilmoqda. Endi kimda-kim bundan koʻp svet yoqsa, u uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi. 

Yaʼni, siz bir oyda 12 ming 400 kilovatt/soat sarflasangiz (aql bovar qilmaydi, ammo hozir ham xuddi shu miqdorda elektr energiyasi yoqadiganlar bor), unga quyidagicha toʻlov qilasiz.

1000 kilovatt/soatgacha – 295 soʻmdan – 295 ming soʻm.

1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha – 590 soʻmdan – 2 million 360 ming soʻm.

5001 kilovatt/soatdan 10 ming kilovatt/soatgacha – 885 soʻmdan – 4 million 425 ming soʻm.

10 ming kilovatt/soatdan 12 ming 400 kilovatt/soatgacha – 1180 soʻmdan – 2 million 832 ming soʻm.

Jami: 9 million 912 ming soʻm.

1-noyabrgacha esa xuddi shuncha miqdorda elektr energiyasi isteʼmol qilgan abonent 3 million 658 ming soʻm toʻlardi xolos. Shu bilan birga, u davlatdan 8 million 370 ming soʻm shartli subsidiya ham olardi.

Xullas, bu oʻsuvchan koeffitsiyentlar adolatli hamda energiya tejamkor va energiya samarador yechim boʻlmoqda", deyiladi vazirlik izohida.