Energetika xartiyasi Oʻzbekiston energetika sohasini isloh qilish jarayonini qoʻllab-quvvatlab, bu borada jahon darajasidagi mutaxassislarni jalb qilish orqali eng yaxshi xalqaro tajribani taqdim etadi.

Uchrashuv davomida Energetika xartiyasida mamlakat energetikasining bozor munosabatlariga oʻtishi bilanoq islohotlar jarayonida yanada samaradorlikka erishish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining energiya samaradorligi sohasidagi siyosatini chuqur koʻrib chiqish” taqdim etildi.

Unda shuningdek, Oʻzbekiston energetika bozorining tuzilishi, mamlakatdagi energiyaga boʻlgan talab va taklif, energiya resurslari narx siyosati, suv va energiya resurslari oʻrtasidagi munosabatlar, hozirgi ekologik menejment va hozirgi kunda respublikada amal qilayotgan energetika siyosati va energiya samaradorligi siyosatining boshqa tarkibiy qismlari tahlil etildi.

Qilingan tahlillar asosida elektr energetika, sanoat, binolar, transport, yoritish va energiya isteʼmol qiluvchi qurilmalar, markaziy isitish sohalarida energiya samaradorligiga erishish boʻyicha Energetika xartiyasining tavsiyalari taqdim etildi.

Tomonlar taqdim etilgan xulosalar va tavsiyalarni muhokama qildi. Unga koʻra sohani yanada isloh qilish maqsadida oʻzaro tajribalarni qoʻllash mumkinligi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda Xartiya tavsiyalari Energetika vazirligining mamlakatda amalga oshirilayotgan energiya samaradorligi chora-tadbirlarining holati va istiqbollari boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlashga ham koʻmaklashadi.

Avvalgi uchrashuvlarda Energetika xartiyasi rahbari U.Rusnak Oʻzbekiston energetika sohasini isloh qilish, eng yaxshi xalqaro tajribani oʻrganish va moslashtirish, qabul qilingan hujjat va majburiyatlarda belgilangan muddatlarni oʻz vaqtida bajarish, energiya uskunalarini yangilash, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha yaxshi koʻrsatkichlar koʻrsatayotganini taʼkidladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.