Bugungi kunda trikotaj kiyim va mato, gazlama, kabel, maishiy texnika, mevalar, uzum, dukkakli ekinlar, qayta ishlangan meva-sabzavot kabi eng koʻp eksport boʻladigan 10 turdagi mahsulotni tashqi bozorlarga olib kirishda koʻplab toʻsiqlar borligi qayd etildi.

Tarmoqlar har doimgi eksport bozorlari bilan cheklanib qolayapti, yangi bozorlarga kirib borishga ularda toqat yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi

Mutasaddilarga eksportbop 10 turdagi tayyor mahsulotning har biriga 10 tadan yangi istiqbolli bozorni belgilab, bozorlarda mahsulotlarga texnik va sifat talablarini oʻrganib, oʻzimizni korxonalarga ularni oʻrgatish, laboratoriyasiga yordam berish topshirildi.

Xorijdagi hamkasblar bilan muzokara oʻtkazib, sertifikat, boj va yigʻimlarni yumshatish boʻyicha choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va eksportni oshirish boʻyicha yangi imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.

Toʻqimachilik sanoatida kiyim-kechak, uy tekstili, mehmonxona uchun sochiq, choyshab, yostiq, matras, parda kabi oʻzimizda ishlab chiqarsa boʻladigan tovarlar asosan chetdan olib kelinayotgani qayd etildi.

Shu bois aralash tola va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Buning uchun birinchi bosqichda 125 ming tonna sunʼiy toladan ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha 15 ta loyiha ishga tushirilishi belgilandi. Shuningdek, Andijon shahrida 15 million dollarlik, Samarqand shahrida 20 million dollarlik loyiha hisobiga sunʼiy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda toʻqimachilikda yana kamida 700 million dollar qoʻshilgan qiymat yaratish, trikotaj boʻyoqxonalar quvvatini 40 foizga, gazlama matoda – 30 foizga olib chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi toʻqimachilik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim joriy qilish topshirildi. Yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratilishi belgilandi.

Bu mablagʻlar yirik tozalash inshootlari qurib beriladigan hududda boʻyoqxonalar tashkil qilish loyihalariga beriladi. Ularga suvni tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.