Eng koʻp grant oʻrinlari ajratgan nodavlat oliy taʼlim tashkiloti maʼlum boʻldi

    Nodavlat oliy taʼlim muassasalari moliyaviy jihatdan mustaqil boʻlib, toʻlov kontrakt summasini mustaqil belgilaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yurtimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha 1 000 ta oʻrin ajratib borish va bu oʻrinlarni nodavlat oliygohlar oʻrtasida taqsimlash yoʻlga qoʻyildi.

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularga imkoniyat yaratish maqsadida davlat tomonidan ajratilgan oʻrinlardan tashqari oʻz tashabbuslari bilan ajratilgan grantlarni aniqlash boʻyicha monitoring oʻtkazdi.

    Unga koʻra, joriy yilda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari iqtidorli yoshlarga 2000 tadan ortiq grant oʻrin ajratgani va turli stipendiyalar joriy qilgani maʼlum boʻldi.

    Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻz mablagʻi hisobidan eng koʻp grant oʻrinni Toshkent viloyatidagi ISFT (International school of finance technology and science) instituti hamda Toshkent shahridagi AKFA hamda Inha universitetlari ajratgan.

    – Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatayotgan investor faqat pul topishni maqsad qilgan boʻlsa, muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Dunyodagi nufuzli xususiy universitetlar ham iqtidorli yoshlar uchun grant oʻrinlar ajratadi, – deydi ISFT instituti rektori Mansur Niyazmetov. – Zero, iqtidorli yoshlar kelgusida ish beruvchilar oʻrtasida universitet mavqeini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchidan, kursdoshlari oʻrtasida taʼlim muhitini yaratadi. Yetakchi sifatida boshqalarni ortidan ergashtira oladi.

    Bu yil kunduzgi taʼlimga 800 nafar talaba jalb qilishni rejalashtirgan boʻlsak, ularning 30 foizi grant asosida oʻqishga qabul qilinmoqda. Shundan 10 tasi Prezidentimiz qarori asosida bizga davlat hisobidan ajratib berilgan boʻlsa, 250 tasini oʻz tashabbusimiz bilan joriy qildik.

    Xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga kichik hissamizni qoʻshish maqsadida 50 ta oʻrinni aynan qizlarimizga ajratganmiz. Kelgusi yillarda ham grant oʻrinlarni yanada koʻproq ajratish, qizlarimizni qoʻllab-quvvatlashni rejalashtirganmiz.

    Yoshlarimiz yaratilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanib nafaqat mahalliy miqyosda, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishadi, deb umid qilyapmiz,

    Bugun aksariyat nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining 1-kursiga qabul jarayoni davom etayotgan boʻlib, boshqa nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari ham ichki imkoniyatlardan kelib chiqib grant oʻrinlari ajratishi mumkin, deyiladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.