Eng maqbul echim yoxud “yashil energiya”ni joriy etish bo'yicha etakchi davlatlar qatoriga kirishning oson usuli

    Mamlakatimizda sanoatning keskin rivojlanishi, qolaversa, aholi sonining ortishi elektr energiyasiga bo'lgan talab o'sishiga olib keldi.

    Bugun yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 90 foizidan ortig'i issiqlik elektr stantsiyalari ulushiga to'g'ri keladi. Bu ushbu elektr stantsiyalarida tabiiy gaz, ko'mir va mazut sarflab, elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda, degani. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, valyutani yoqib, elektr energiya ishlab chiqaryapmiz. Bundan tashqari, elektr energiyasini ishlab chiqarish sarf-xarajatlarining qimmatligi, dunyoda tabiiy gaz, neft` va ko'mir kabi tabiiy boyliklar zaxirasi tugayotgani, atmosferaga zararli ta'sirlari, elektr energiyasiga bo'lgan talabning oshishi bizdan jiddiy o'ylanish va ekologik toza, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishni taqozo etmoqda.

    Qayta tiklanuvchan energiya manbalari ekologik jihatdan toza va atrof-muhitga hech qanday zarar keltirmaydi. Respublikamizda eng samarali va qulay qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosan quyosh va shamol energiyalari hisoblanadi.

    Prezidentimizning “2022–2026 yillarga mo'ljallangan YAngi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi farmonida mamlakatimizda “YAshil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarda joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko'rilishi nazarda tutilgan. Mazkur strategiyaning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, muqobil energiya imkoniyatlaridan va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan iborat.

    e'tiborlisi, bu borada mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat sanoat tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarida, shu bilan birga, aholi o'rtasida ham muqobil energiyadan foydalanish afzalliklari, imkoniyatlari va iqtisodiy samaralari haqida keng targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Natijada xorijiy sarmoya yoki davlat sherikchilik asosida qurilayotgan shamol va quyosh fotoelektr stantsiyalaridan tashqari, davlat korxona va tashkilotlari, tadbirkorlik sub'ektlari va aholi xonadonlarida ham muqobil energiya, xususan, quyosh panellaridan foydalanish keng yo'lga qo'yilmoqda.

    Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida berilgan imtiyozlar joylarda “yashil energetika”ga o'tish ishlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur qaror mamlakatimizda elektr energiyasi taqchilligining qoplanishiga qaratilgan muhim hujjat bo'ldi. Unga ko'ra, qator tarmoqlarda qayta tiklanuvchi manbalarni keng joriy etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoit yaratish mexanizmlarini joriy qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xonadonlarda kichik quvvatli quyosh panellarini o'rnatishni rag'batlantirish bo'yicha “Quyoshli xonadon” dasturini amalga oshirish iste'molchilarga qulaylik yaratmoqda.

    Birgina Jizzax viloyatining Paxtakor tumani misolida oladigan bo'lsak, hududda 15848 ta iste'molchi mavjud. Ularning 15168 nafari jismoniy va 680 tasi yuridik shaxs sanaladi. Tumanning 2023 yilda elektr energiyasiga yillik talabi 98,7 million kilovatni tashkil qiladi. Ushbu ehtiyojni to'la qondirish maqsadida kichik quvvatli panellarni 159 ob'ektda, 17850 kvadrat maydonga o'rnatish rejalashtirilgan. SHundan 86 ta aholi xonadoniga 400 ming kilovatt soat, joriy yilda foydalanishga topshiriladigan ko'p qavatli uylarda 60 ming kilovatt soatli kichik fotoelektr stantsiyalari o'rnatish ishlari boshlangan. Ahamiyatlisi, iste'molchi ehtiyojidan ortgan elektr energiyasining har kilovatini 1000 so'mdan davlatga sotib, qo'shimcha daromad topishi yo'lga qo'yilmoqda. Paxtakorlik Farrux Pirimqulov ushbu imtiyozlardan to'liq foydalanib kelayotganlardan biri.

    – Xonadonimga 18 kilovatli quyosh panelini o'rnatganman. Buning uchun o'z mablag'imdan tashqari, bankdan uzoq muddatli 15 foizli imtiyozli kredit olib foydalandim. Ayni paytda soliq.uz platformasidan ro'yxatdan o'tib, har kuni oilamiz ehtiyojidan ortiq ishlab chiqarilgan 12 kilovatt soat elektr energiyasini davlatga sotayapman, – deydi u.

    – Qaror asosida joriy yil Jizzax viloyatidagi 498 ta ijtimoiy soha ob'ekti va davlat idorasining 25 ming kvadrat metr tom qismiga 5 megavatt kichik quvvatli qurilmalar, 8,3 ming litrli gelio-kollektorlar o'rnatiladi– deya izohlaydi “O'zenergoinspektsiya” Jizzax hududiy bo'limi boshlig'i Baxtiyor Norbekov. – 750 tadbirkorning bino va inshootlari tom qismiga jami 15 megavatt quvvatli, mingdan ziyod aholi xonadonlariga quvvati 6 megavatt quyosh panellari o'rnatiladi. Joriy yilda foydalanishga topshirilidigan 36 ta ko'p qavatli uylar ham energiya tejamkor qurilmalar bilan ta'minlanadi. Bundan tashqari, Zafarobod tumanida loyiha qiymati 4 milliard 300 million so'mlik 2 ta kichik mikro gidroelektr stantsiyasi barpo etiladi.

    Umuman, viloyatda kamida 2 ming megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat bor. SHundan kelib chiqib, Jizzaxda 2023 yilda 270 megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushiriladi va shuning hisobiga 236 million kilovatt soat energiya ishlab chiqarilib, tanqislik ortig'i bilan qoplanadi. Buning hisobiga jami 71 million kub metr gaz tejaladi.

    – Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish afzalliklarini o'rganib, universitetimizda muqobil energiya imkoniyatlaridan foydalanish, tejamkor elektr energiyasi texnologiyalarini joriy etishga alohida e'tibor qaratganmiz. SHu kungacha universitetimiz bo'yicha jami 222 ta quyosh paneli o'rnatib, ayni paytda ushbu qurilmalarning beminnat xizmatidan foydalanayapmiz. Kelajakda boshqa binolarimizga ham quyosh panellarini o'rnatmoqchimiz. Bundan tashqari, ko'chalarni yoritishda, suv isitishda ham shundan foydalanishni rejalashtirganmiz. Umuman, universitetimiz bo'yicha elektr tejamkorlikni 40 foizga etkazmoqchimiz, – deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori SHavkat SHaripov.

    Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o'rnatishning davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi, bu borada bir qator imtiyozlar berilishi tadbirkorlik sub'ektlarining ham bu sohaga e'tiborini oshirmoqda.

    Zarbdor tumanidagi elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Farhod O'rozov hududda amalga oshirlayotgan ishlar haqida quyidagi ma'lumotlarni aytib berdi.

    – Ayni paytda tumanimizdagi korxona va tashkilotlarga quvvati 227 kilovatt bo'lgan muqobil elektr manbalari o'rnatib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, tumanimizda birinchilardan bo'lib “Bo'ston pall tri” MCHJ quvvati 10 kilovatli, “Zarbdor parranda” MCHJ 20 kilovatli, “Zarbdor elevator” MCHJ esa 30 kilovatli quyosh panellari o'rnatib, o'zini elektr energiyasi bilan ta'minlab kelmoqda. Bularni ko'rib, boshqa tadbirkorlik sub'ektlari, jumladan, avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi egalalari ham quyosh panellarini o'rnatishga qiziqish bildirmoqda. Viloyatimizda 72 ta avtomobillarga siqilgan gaz sotish shoxobchasi mavjud. Agar shularning kamida 50 foizi muqobil manbalarga o'tkazilsa, bir yilda viloyatda besh million besh yuz kilovatgacha elektr energiyasi tejalashiga erishiladi.

    Soha mutaxassislarining xulosasiga ko'ra, 2023–2025 yillarda dunyoning elektr energiyasiga bo'lgan talabi har yili 3 foizdan o'sib boradi. Birgina Jizzax viloyatida elektr etishmovchiligi o'tgan yilda 123 million kilovatt-soatga etgan bo'lsa, joriy yilda bu raqam 156 million kilovatt- soat bo'lishi kutilmoqda. Ayni paytda esa ushbu etishmovchiliklarni qoplashning eng maqbul varianti sifatida muqobil energiya imkoniyatlaridan, asosan quyosh nurlaridan samarali foydalanish ko'rilmoqda. Zero, yurtimizda yilning uch yuz kundan ortig'i quyoshlidir.

    Darhaqiqat, mamlakatimizda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Prezidentimizning yuqoridagi qarori esa mazkur sohani yanada rivojlantirishning huquqiy asosini yaratdi, bu borada boshlangan ishlar ko'lamini kengaytirdi. e'tiborlisi, aholi muqobil energiya afzalliklarini amalda ko'rmoqda.

    Bugungi kunda davlatimiz tomonidan “yashil energiya”ni joriy etish bo'yicha e'tibor, imtiyoz va imkoniyatlar kuchaygan. Xorijiy investorlar, tadbirkorlar va aholining ham bu sohaga qiziqishi ortib borayapti. Bularning bari yaqin kelajakda mamlakatimizning elektr energiyasiga bo'lgan o'z ehtiyojini to'liq ta'minlashi barobarida, dunyoning “yashil energiya”ni joriy etish bo'yicha etakchi davlatlari qatoridan joy olishiga xizmat qilishi shubhasiz.

    Farhod NE'MATOV,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri