Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi xabariga koʻra, bu safar vakilamiz Fransiyaning Forbak shahrida tashkil etilgan “Meeting international de Forbach” turnirida shohsupaga koʻtarildi.
Xudoyorova bu gal ham oʻzining sevimli uch hatlab sakrash yoʻnalishida qatnashdi. Turnir ochiq havoda oʻtgan boʻlsa ham, bellashuvlar vaqtida havo haroratining +11 darajaga tushib ketgani atletlar uchun noqulaylik tugʻdirdi.
Natijalarga toʻxtaladigan boʻlsak, Tokio-2020 ishtirokchisi Roksana Xudoyorova medallar uchun Olimpiada finalchilari bilan raqobatlashdi. Yakunda 13,42 metr natija bilan hamyurtimiz kumush medalga sazovor boʻldi. Gʻoliblik 14,14 metrga sakragan finlyandiyalik Kristina Makelaga nasib etgan boʻlsa, mezbon Rugi Diallo 13,31 metr bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
“Meeting international de Forbach”, Fransiya
Uch hatlab sakrash, ayollar:
1. Kristina Makela (Finlyandiya) – 14,14
2. Roksana Xudoyorova (Oʻzbekiston) – 13,42
3. Rugi Diallo (Fransiya) – 13,31
Eslatib oʻtamiz: bu Xudoyorova uchun soʻnggi besh kun ichidagi uchinchi start boʻldi. Avstraliyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazgan atletimiz 25-may kuni Gretsiyada, 27-may kuni esa Polshada oʻtgan xalqaro musobaqada beshinchi oʻrin bilan kifoyalangan edi.