Yurtimizda ilk bor Atletlar komissiyasi tuzildi

    Sport 31 Mart 2022 1003

    Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining Atletlar komissiyasi tashkil etilib, uning tarkibi shakllantirildi.

    Bu haqda Milliy Olimpiya qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, atletlar komissiyasi aʼzolari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi talablari asosida tegishli sport federatsiyalari tomonidan tavsiya etilgan 12 nafar sportchi orasidan ovoz berish yoʻli bilan saralab olindi.

    Anonim tarzda oʻtgan saylash jarayoni yakunida quyidagi sportchilar Atletlar komissiyasi tarkibiga aʼzo boʻlishdi: Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Rishod Sobirov (dzyudo), Dmitriy Shokin (taekvondo), Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Zaynab Dayibekova (qilichbozlik), Svetlana Radzivil (yengil atletika) va Komiljon Toʻxtayev (togʻ changʻisi).

    Tarkib aniqlab olingach Komissiya aʼzolari dastlabki yigʻilishni oʻtkazib, oʻzaro kelishgan holda Komissiyaga rahbar va oʻrinbosarlar tarkibini shakllantirib olishdi. Unga koʻra, Dmitriy Shokin Atletlar komissiyasi raisi, Oksana Chusovitina hamda Bekzod Abdurahmonov uning oʻrinbosarlari boʻldilar.

    Atletlar komissiyasi aʼzolari MOQ Bosh assambleyasi va Ijroiya qoʻmitasi tarkibiga kirib, muhim jarayonlarda oʻz fikrlarini bildirish, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega boʻladilar. Bu borada Zaynab Dayibekovani MOQ Ijroiya qoʻmitasiga, Svetlana Radzivil hamda Komiljon Toʻxtayev nomzodlarini esa Bosh Assambleyaga koʻrsatish boʻyicha taqdimnoma Qoʻmita rahbariyatiga kiritildi.

    Qayd etish joiz, Atletlar komissiyasi sportchilarimizning xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida mamlakatimizda Olimpizm harakatini yanada targʻib qilish yoʻlida faoliyat olib boradi.