Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

    Sanoat 22 Sentabr 2025 1146

    Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.

    Bu haqda Prezident “Yengil sanoat sohasida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–174-son, 19.09.2025 y) nida belgilandi.

    Farmonga koʻra, agentlik toʻqimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yoʻnalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

    Agentlik qoshida Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.

    Agentlik tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga 2025-yil 1-oktyabrdan quyidagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari qoʻllaniladi:

    • xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
    • eksport shartnomalari boʻyicha sugʻurtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni oʻqitish uchun grantlar ajratish;
    • xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bogʻliq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.