Yengil tabiatli ayol bir necha erkakka OIV infeksiyasini yuqtirdi

    Ayolga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

    Andijon viloyati Marhamat tumanida doimiy roʻyxatda turib, Buxoro shahar Piridastgir koʻchasida vaqtincha ijarada yashab kelgan, 2002-yilda tugʻilgan Q.S. ismli ayol OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida 2018-yil 18-may kunidan Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish Markazi tomonidan roʻyxatga olingan.

    Unga boshqa shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida tegishli tartibda ogohlantirish berilgan.

    Shunga qaramasdan, ayol 2023-yil 12-mart kunidan 2023-yil 13-mart kuniga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida Romitan tumani hududida joylashgan choʻl zonasida Romitan tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro bilan birga bir necha marotaba jinsiy aloqada boʻlib, oʻzida OIV infeksiyasi borligini oldindan bilgan holda ushbu kasallikni boshqa shaxslarga yuqtirish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilgan.

    Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga koʻra, hozirgi kunda ushbu ayolga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

    Ushbu ayolning yana qayerda, kimlar bilan yaqin munosabatlarga kirishgani, qabohat urugʻini qasddan yana kimlarga yuqtirgan boʻlishi mumkinligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.