YeOTB Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlikka tayyor

    Investitsiyalar 19 Noyabr 2021 621

    Rossiya Federatsiyasida boʻlib turgan vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi N.Podguzov bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida tomonlar Oʻzbekistonning YeOTB aʼzosi maqomini olishi borasida birga olib borilayotgan saʼy-harakatlarning bugungi holati, qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning borishi va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

    Bugunga kelib, bazaviy infratuzilmani zamonaviylashtirish, suv xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilganligi taʼkidlandi. Ushbu loyihalarni ilgari surish hamda ularni amalga oshirish uchun YeOTB mablagʻlarini jalb qilishga doir navbatdagi tadbirlar koʻrib chiqildi. Kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Bankdan Oʻzbekiston tijorat banklariga kredit liniyalarini ajratish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

    YeOTB va Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlantirish agentligi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bank rahbariyati Agentlikka investitsiya loyihalarini boshqarish, baholash va ekspertizasini oʻtkazish sohalarida maslahat yordami berishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar ishlab chiqilayotgan loyihalarni batafsil muhokama qilish, aniq kelishuvlarga erishish, shuningdek Agentlik bilan oʻzaro hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun Bank ekspert guruhini Oʻzbekistonga yuborishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Rossiya va Qozogʻiston vakolatli vakillari tomonidan 2006-yil 12-yanvar kuni imzolangan davlatlararo bitimga muvofiq mintaqaviy taraqqiyot banki hisoblanadi. YeOTBning vazifalari unga aʼzo mamlakatlarning bozor iqtisodiyotiga oʻtishlariga koʻmaklashish, iqtisodiy oʻsishlarini ragʻbatlantirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirishdan iborat.