Epizootik barqarorlik nega muhim?

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 10-mart sonida akademik Jaloliddin Azimovning “Epizootik barqarorlik nega muhim?” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugun jahon miqyosida antropogen omillar kuchayishining atrof-muhit bioindikatorlari — hayvonot olamiga taʼsiri tobora ortmoqda. Natijada uning ayrim turlari keskin kamayishi va yoʻq boʻlib ketish xavfini yuzaga keltirmoqda. Shu bois, hayvonot dunyosi xilma-xilligini asrash dunyo miqyosidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Mamlakatimizda ham atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar bajarilmoqda.

    Jumladan, hayvonlarni tabiiy muhitda muhofaza qilish jarayonini takomillashtirish, ularning yashash muhiti va xilmaxilligini saqlab qolishga eʼtibor qaratilgan. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar tufayli muhofaza etiladigan hududlar kengaytirilib, yangilari tashkil etilmoqda. Bu esa hayvonot olami xilma-xilligini saqlash va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ilm-fandagi tadqiqotlarni maqsadli yoʻnaltirish, izlanish va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishda katta ahamiyatga ega.

    Bu borada Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti katta ilmiy maktab vazifasini oʻtayapti. 1950-yili tashkil etilgan institut dastlab yurtimizning yovvoyi hayvonot olamini oʻrganish borasidagi ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullangan. Keyinchalik Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Botanika ilmiy ishlab chiqarish markazi va Zoologiya instituti birlashtirilib, Oʻsimlik va hayvonot olami genofondi instituti tashkil etildi.

    Shundan soʻng institut mamlakatimizdagi hayvonot va oʻsimlik olamini oʻrganish borasida tadqiqot ishlarini oʻtkaza boshladi. Prezidentimizning 2017-yil 4-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan alohida ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etildi.

    Unga koʻra, Zoologiya instituti zimmasiga Oʻzbekiston hududidagi hayvonot olami, xilma-xilligi va biologiyasi, ekologiyasi boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ishlanmalarni tartibga solish, hayvonot olamidan oqilona foydalanish vazifasi yuklatildi. Bu ilm-fanimiz uchun katta voqea boʻldi. Hozir institutda 7 ta laboratoriya, Termitlarga qarshi kurashish markazi va uning huzurida noyob obyekt sifatida zoologiya kolleksiyasi faoliyat yuritadi.

    Jumladan, Umumiy parazitologiya laboratoriyasida umurtqali hayvonlar gelmentofaunasining shakllanish yoʻllari, taksonomiyasi va qarshi kurash choralarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy ishlar olib borilyapti. Asli, veterinar vrachman. Lekin institutdagi uzoq yillik amaliy va ilmiy faoliyatim mutaxassisligimni rivojlantirish, tajribamni qoʻllash, milliy kadrlar tayyorlash, veterinariya xizmatini takomillashtirish, hayvonlar kasalligini tashxislash va davolashda profilaktik choralarni ishlab chiqish, bioxilmaxillikni saqlashga qaratildi.

    Koʻplab davlatlarda boʻlgani singari aksariyat viloyatlarimizda ham qishloq xoʻjaligi hayvonlari orasida parazitar kasalliklar tarqalishi katta iqtisodiy zarar yetkazadi. Bu chorva hayvonlarining rivojlanishdan qolishi, mahsuldorligi pasayishi, nobud boʻlishi, oziq-ovqat sifati buzilishi kabi holatlarda kuzatildi. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1985–1986 va 2004- yillarda shistosomoz (oriyentobilgarsioz) kasalligi tarqalishi juda katta talafotga sabab boʻldi.

    Xususan, 2000-yillargacha Boʻzatov tumanida 56 ming qoramol bor edi. Biroq shistosomoz kasalligining epidemiologiyasi tufayli ularning 80 foizi qirilib ketdi. Natijada Yerkindaryo, Shaxaman dalalaridan to Moʻynoqqacha choʻzilgan hududda ilgari uyur-uyur yilqisi, podapoda qoramol, suruv-suruv qoʻy, Dautkoʻldagi marjon baliqlari bilan mashhur boʻlgan tuman 2004-yili tugatildi.

    Ushbu sharoitdan kelib chiqib, fundamental va amaliy tadqiqotlar sohadagi muammolarni yechishga qaratilib, qator choralar koʻrilmoqda. Albatta, ayni paytda mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik xizmati ancha yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligida chorvachilikning barcha sohasi boʻyicha mahsuldorlikni oshirish, ekologik toza mahsulotlar olish, hayvonlarni parazitar kasalliklardan himoya qilish, epizootik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

    Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining 2019-yil 4-sentyabrdagi sessiyasida Boʻzatov tumanini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, umumiy maydoni ikki ming oʻttiz besh kvadrat kilometr boʻlgan ushbu tuman tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Boʻzatov tumanini qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi xalqimizni behad quvontirdi.

    Endilikda Boʻzatov, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Qoʻngʻirot tumanlari chorvachilikka ixtisoslashgan hududlardir. Hozir bu tumanlarda chorva hayvonlari kasalliklarining oldi olinib, epizootik barqarorlik taʼminlangan, chorvachilik rivojlanib, toza mahsulotlar yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Ilmiy tadqiqotlarning amaliyotga joriy qilinishi tufayli Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Taxtakoʻpir, Boʻzatov tumanlarida yiliga 10 milliard soʻmdan koʻproq iqtisodiy samaradorlikka erishilmoqda. Bu esa ilm-fan, taʼlim, innovatsion tadqiqotlarning birgina koʻrsatkichidir.

    Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan. Sababi, tabiatga befarq munosabat, unga antropogen taʼsirning kuchayib borishi, isrofgarchilik, ilgʻor va rivojlanayotgan davlatlar oʻrtasidagi oziq-ovqat muvozanati boʻyicha farqning oʻsayotgani, iqlim oʻzgarishlari qator salbiy omillarni keltirib chiqaryapti. Noz-neʼmatlarimiz, chuchuk suv, ummonlar, oʻrmonlar, biologik xilma-xillik keskin surʼatda kamaymoqda. Yer unumdorligi pasayib, tuproq degradatsiyaga uchrayotir.

    Bugunning talabi esa bioxilmaxillikni asrab qolish, qishloq xoʻjaligi hayvonlarining salomatligini saqlash, kasalliklarni bartaraf etish va toza mahsulot olish, oziq-ovqat jihatidan ekologik xavfsizlikni taʼminlashdan iborat. Bularning barchasi Zoologiya institutining umumiy laboratoriyasida tadqiq etilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning bioxilma-xilligi hozirgi paytda maʼlum boʻlgan 27 mingga yaqin turni oʻz ichiga oladi. Ular orasida oʻsimliklar dunyosi 11 mingga yaqin va hayvonot dunyosi 15,6 ming turdan ortiq.

    Mamlakatimizda uy hayvonlari — qoramollar 13 milliondan ortiqni, mayda shoxli chorva 23–24 millionni tashkil qiladi. Shu maʼnoda, mamlakatimiz sharoitida qishloq xoʻjaligida olinadigan hayvonlar organizmi parazitar kasalliklarni yuzaga keltirishi oʻrganilgan. Ayni paytda shistosomoz kasalligi dunyoning 72 davlatida uchraydi, 2,5 million odamda klinik belgilari ham kuzatilgan. Xususan, Afrika, Lotin Amerikasida bu kasallik ancha avj olgan.

    Bizda hayvonlar kasalligining har bir turini aniqlab, aksariyat qismining biologik, ekologik xususiyatini oʻrganib, ularga nisbatan koʻriladigan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Qishloq xoʻjaligida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish barobarida aholini ham shu kabi kasalliklardan himoya qilishga hissa qoʻshamiz. Qolaversa, veterinariya va chorvachilik sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan maxsus dastur mavjud.

    Davr shiddat bilan oʻzgarar ekan, biz — ilm-fan kishilaridan tadqiqot ishlarini maqsadli yoʻnaltirish, ishlanmalarning amaliyotga tatbiq etilishini taʼminlash, sohada olingan natija va yutuqlarni xalqaro nufuzli jurnallarda chop etish orqali butun dunyo olimlariga yetkazish talab qilinmoqda. Shu maqsadda hozirga qadar shogirdlarimiz mingdan ortiq ilmiy maqola chop etdi. Ularning aksariyati xorijiy nashrlarda berildi.

    Chorva hayvonlari kasalliklari chet davlatlarda ham uchrayotgani bois, bunday maqolalarga qiziqish va talab katta boʻlmoqda. Qolaversa, ishlanmalarimizdan keng foydalangan holda yuqori natijalarga erishilyapti. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar natijasida 30 dan ziyod monografiya va sohaga oid koʻplab kitoblar yaratilgan. Ular ilm ahli va ishlab chiqarish sohasi xodimlariga tarqatildi. Shuningdek, yana bir monografiyamiz Yevropada ingliz tilida chop etilish arafasida.

    Demak, ilm-fandagi yutuqlarimiz nafaqat yurtimiz, balki chet davlatlarda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, koʻplab shogirdlarimiz Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya kabi davlatlarda faoliyat yurityapti. Institutimiz mamlakatimiz uchun malakali kadrlar tayyorlash bilan birga xorijiy davlatlarning ham mutaxassislarga boʻlgan talabini qondiryapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Zoologiya institutining Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Buyuk Britaniya qirolligi ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan memorandumlar imzolab, hamkorlikni yoʻlga qoʻygani faoliyatimiz koʻlamini kengaytirmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, institut yurtimiz hayvonot dunyosi xilma-xillik jihatidan boy tarkibga egaligini hisobga olgan holda, noyob, kamayib borayotgan va endemik turlarni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqib, ularni maxsus pitomniklarda koʻpaytirish orqali eksport salohiyatini oshirishga hissa qoʻshmoqda. Kelgusida ham maqsadli ishlarni bajarib, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga xizmat qiladi.