Bunda yerdan foydalanishni oqilona va samarali tashkil etish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin.
Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasidan qaysi jihatlarni olish mumkin?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari shu maqsadda yer resurslarini tartibga solish va xususiylashtirish boʻyicha xorij tajribasini oʻrgandi.
Rivojlangan mamlakatlarda yer resurslarini muvofiqlashtirish va xususiylashtirishda yerdan foydalanish va yerga mulk sifatida egalik qilishga oid huquqlar qonunchilikda aniq belgilab qoʻyilgan.
Masalan, Germaniyada yerni sotib olish huquqi oʻsha hududda yashaydigan va 10 yildan beri ijarachi boʻlib ishlaydiganlarga beriladi.
Ispaniyada yerni ijaraga berish tartibiga koʻra, 50 gektardan ortiq sugʻoriladigan yer maydoni yoki ming gektardan ortiq yaylovni ijaraga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida yer resurslarini xususiylashtirish jarayoni yetarli darajadagi davlat nazorati ostida amalga oshiriladi. Masalan, AQSH va Irlandiyada yil davomida bor-yoʻgʻi 3 foiz yer mulk sifatida almashiniladi. Bu koʻrsatkich Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiyada 2 foizni, Germaniyada esa 1,5 foizni tashkil qiladi.
Koʻp holllarda yer resurslari foydalanuvchilarga uzoq muddatli ijara asosida beriladi. Masalan, AQSH va Germaniyada yerlarning 42 foizi, Yangi Zelandiyada 40 foizi, Britaniya va Kanadada 39 foizi, Belgiyada 66 foizi, Fransiyada 56 foizi, Niderlandiyada 32 foizi, Portugaliyada 25 foizi, Yaponiyada 15 foizi uzoq muddatga ijaraga berilgan. Yerning ijara narxlari va toʻlovlar auksion-birja yoki arbitraj orqali aniqlanadi.
XX asrning oʻrtalarida AQSHda yerga xususiy mulkchilik shakllariga oid qonun qabul qilindi. Natijada shartsiz va umrbod erga egalik qiluvchi mulkdorlar hamda oilaviy yer mulki (homesteads) egalari vujudga keldi. Bular esa AQSHda yer ijarasi keng tarqalishiga va yer kapital bozori hamda yer banklari kabi moliya institutlarining rivojlanishiga olib keldi. AQSHdagi yer islohotlari fermerlarning rivojlanishi bilan birga moliya bozorining kapitalizatsiyasi oshishiga xizmat qildi.
Hindistonda yangi yer islohotlari natijasida qishloq xoʻjaligi yerlarining 85 foizi kambagʻal aholiga ijara shaklida berildi hamda subsiyadiya va grant shaklida mulk sifatida sotildi. Natijada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 4-5 baravar ortdi hamda kambagʻal aholining toʻlov qobiliyati koʻtarildi.
Xitoyda amalga oshirilgan yer islohotlari natijasida 90 mln. gektar yer qishloq aholisiga ijaraga berildi. Natijada kambagʻal qishloq aholisining 90 foizi ish oʻrniga ega boʻldi. Ushbu kichik yer egalarining qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish kooperativlariga birlashishi ularni iqtisodiy faoliyat drayveriga aylantirdi. Oqilona yer islohotlari natijasida Xitoy gʻalla eksport qiluvchi davlatga aylandi.
Tahlillar aksariyat mamlakatlarda yer bozori kuchli nazorat qilinishini koʻrsatdi. Bunda davlat hokimiyati yerni bir toifadan ikkinchi toifaga oʻtkazish, sotish uchun ruxsatnomalar berish, ekologik holatini nazorat qilish, xususan, yer eroziyasini, degradatsiyasini va choʻllanishining oldini olish vakolatlarini oʻzida saqlab qoldi.
Demak, yer resurslarini tartibga solish va xususiylashtirishda yer turlari va toifalaridan kelib chiqib, yerga mulk sifatida egalik qilish huquqi hamda yerdan foydalanish huquqlarini (ijara shaklda) qonunchilikda aniq va ravshan belgilash tavsiya qilinadi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligida yerni ijaraga berishda oʻsha hududda istiqomat qilayotganlik yoki mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrnini yaratayotganlik omillariga eʼtibor berish maqsadga muvofiq.