Er umummilliy boylikdir, u , ayniqsa, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish va ishlab chiqarishning asosini tashkil etadi.  Demak, uni asrash, har qarichidan samarali foydalanish barchamizning burchimizdir. SHuning uchun mamlakatimizda erdan oqilona foydalanish, er resurslarini muhofaza qilish, har bir qarich erning hisob-kitobini yuritish, erlardan foydalanishda uchrayotgan salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlash hamda ularni bartaraf etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Ayni kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Er kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etilmoqda. Bu orqali qonunchilikda bir qator muhim yangiliklarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Ma'lumki, amaldagi Er kodeksi 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan. Unga bugunga qadar bir necha bor o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan bo'lsa-da, o'tgan 22 yil davomida yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqilmagan edi. Ushbu kodeksda 20 tadan ortiq havola beruvchi normalar mavjud, shuningdek, bir qator masalalarning amaliyotda huquqiy echimini topish zarurati yuzaga keldi. Masalan, amaldagi Er kodeksida qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan er uchastkalarini xususiylashtirish, er uchastkalarining xususiy mulkdorlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, er uchastkalari bilan bog'liq zararlarni qoplash bo'yicha normalar yo'q.

Bundan tashqari, erlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida, jumladan, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan belgilangan maqsadda, oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, er to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilish holatlarini hamda er xususidagi nizolarni hal etishda vakolatga ega davlat organlarining funktsiyalari belgilanmagan. Er uchastkalariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, er uchastkalarini ajratishda shaffoflikni ta'minlash, er uchastkalariga bo'lgan huquqlarning cheklanishi va ularni bekor qilish, er uchastkasiga bo'lgan huquqlarni himoya qilish va ularni tiklash, erdan foydalanuvchilarga etkazilgan zarar o'rnini qoplash asoslari, erlardan, jumladan, tuproqdan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo'yicha, shuningdek, er xususidagi nizolarni hal etuvchi organlar to'g'risidagi normalar ham mavjud emas.

Shularni inobatga olib, Er kodeksi loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqildi. Erlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi, jumladan, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan belgilangan maqsadda oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, shuningdek, er to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilish holatlarini hamda er xususidagi nizolarni hal etishda vakolatga ega davlat organlarining funktsiyalari amaldagi tahrirda belgilanmagani ham kodeks loyihasini ishlab chiqishga asos bo'ldi.

Kodeks loyihasining 8-bobi er uchastkalarini berish (sotish) tartibiga bag'ishlangan. Unga ko'ra, er uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron auktsioni orqali berilishi o'rnatilishi munosabati bilan, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga er berish tartibi belgilanmoqda. Er uchastkasini berish masalalari ushbu moddaning beshinchi qismida ko'rsatilayotganligi sababli chiqarilmoqda.

Dehqon xo'jaligini yuritish uchun berilgan er uchastkalari qishloq xo'jaligi korxonalarining eri bo'lishi mumkin emasligi sababli chiqarilmoqda. Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlarni faqat ijaraga berish nazarda tutiladi. Shuningdek, “O'rmon to'g'risida”gi qonun talablariga ko'ra, o'rmon xo'jaligini yuritish, shuningdek, o'rmon ehtiyojlari uchun er uchastkalari berish tartibi belgilanmoqda. Qishloq xo'jaligi erlarini tejash maqsadida shahar va shaharchalarda uy-joy qurish er uchastkalari normalarini 0,04 gektargacha kamaytirish ko'zda tutilmoqda.

Shuni ham ta'kidlash joizki, er resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash maqsadida yangi norma kiritilmoqda. Shuningdek, aholi punktlarida muhandislik kommunikatsiyalarni qurishda mablag'larni tejash maqsadida alohida hollar belgilanmoqda.

Amaldagi Er kodeksida er uchastkalari qaysi hollarda berilishi va qaysi hollarda unga bo'lgan huquq sotilishi belgilanmagan, bu esa joylarda tushunmovchilikka olib kelmoqda. Shu kamchilikni bartaraf etish maqsadida amaldagi qonun hujjatlaridan kelib chiqib, er uchastkalari to'lovsiz beriladigan fuqarolar toifasi belgilanmoqda. Dehqon xo'jalikliklarining er uchastkalariga bo'lgan huquqlarini himoya qilish maqsadida to'ldirilmoqda. Er resurslaridan oqilona foydalanish ijara huquqi bilan er berish normalari kiritilmoqda.

Albatta, tiriklik manbai bo'lib kelgan erning har qarichidan oqilona foydalanish iqtisodiy barqarorlik kafolati, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir. Dunyoda aholi sonining o'sib borishi, sanoatning jadal sur'atlarda rivojlanishi, global iqlim o'zgarishi oqibatida sayyoramiz ekologik holatining yomonlashishi, er va suv resurslari kabi tabiiy ne'matlarning cheklanganligi sharoitida insoniyatning tabiiy resurs bo'lgan erdan oqilona foydalanishni talab qiladi. Yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan O'zbekiston Respublikasining Er kodeksi bu borada katta huquqiy maydon yaratishi aniq.

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 agrar va suv xo'jaligi masalalari qo'mitasi a'zosi