Mazkur jarayon Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “YERXUSUSIYLASHTIRISH” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan ularga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun murojaatlar kelib tushish boshlandi.
Fargʻona viloyati, Qoʻqon shahri, “Yogʻ bozori” MFY, O. Maxmudov koʻchasi 27-uyda yashovchi fuqaro Muxamadiyev Ramz Erkinovichga qarashli meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan 271 kv.m yer maydoniga fuqaroning tegishli arizasiga muvofiq mulk huquqini beruvchi ENG BIRINCHI DAVLAT ORDERI rasmiylashtirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoasi Ramz Erkinovichni Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida boshlangan islohotlardan birining birinchi samarasi sohibi boʻlganliklari bilan samimiy muborakbod etadi!