Eron bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi

    Sanoat 23 Oktabr 2023 523

    Joriy yilning 20-21-oktyabr kulari Eron taraqqiyoti va rivojlanishi markazi vitse-prezidenti Abbasali Ahmadian boshchiligidagi Eron delegatsiyasi vakillari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tashrif buyurdi.

    Uchrashuv davomida sohada oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning sifatini nazorat qilish yoʻnalishida tajriba almashish, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, laboratoriya mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlash joiz, Eron farmatsevtika sanoati mintaqada jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Xususan, mamlakatda import dori vositalarining 97 foizi mahalliylashtirilgan boʻlib, murakkab va yangi turdagi original dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar hukumat darajasida qoʻllab-quvvatlanadi.

    Uchrashuvda Eron tomoni, talab yuqori boʻlgan dori vositalarini hamyonbop narxlarda yetkazib berish va qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

    Oʻz navbatida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Agzam Nartayev, Eron mahalliy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan farmmahsulotlarni yurtimizda roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikatlashtirish borasida oʻrnatilgan talablar boʻyicha atroflicha tushuntirish berib, shaffoflikni taʼminlash va qulaylik yaratish maqsadida mazkur jarayonlar toʻliq raqamlashtirilayotganligi haqida maʼlum qildi.

    Muloqot yakunida, sohada oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish, axborot almashish va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni rejalashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Eron taraqqiyoti va rivojlanishi markazi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

    Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi

    markazi matbuot xizmati