Xalqaro turnirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, sportchilar, sanʼatkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat delegatsiya bugun ertalab Bolgariyaga yetib bordi.
Qayd etish lozimki, kurash boʻyicha xalqaro turnirda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan saralangan kurashchilar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Musobaqada erkaklar uchun vazn toifalari -73, -90 hamda +90 kg etib belgilangan boʻlsa, ayollar -63 hamda +63 kg vaznda gʻoliblik uchun gilamga chiqadi.
Musobaqada Oʻzbekiston sharafini erkaklar oʻrtasida +90 kg vaznda nomdor polvonimiz, qitʼa va jahon chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Muhsin Hisomiddinov, qizlar oʻrtasida esa -63 kg vazn toifasida koʻp karra mamlakat chempioni Malikaxon Qahhorova himoya qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirda kurash bilan bir qatorda yurtimizning turizm salohiyati, oʻzbek milliy hunarmandchiligi namunalari, sanʼatimiz durdonalari ham namoyish etiladi.