Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Toshkent viloyati Angren shaharchasiga yaqin Yangiobod shaharchasi va Namangan viloyati Pop tumani Chorkesar qishloqlarida sovet davrida juda katta quvvatda ishlagan uran kon shaxtalari hozirda demontaj qilish ishlariga muhtoj ekanligi haqida bong urmoqda.
Uning taʼkidlashicha, ayrim xalqaro loyiha tashkilotlari tomonidan ushbu kon shaxtalarida radioaktiv modda tarqalish holatlari chuqur oʻrganilib, hududga yaqinlashmaslik belgilari oʻrnatilgan.
“Ammo soʻnggi paytlarda togʻ turizmi rivojlanib, aynan mana shunday hududlar ham sayyohlarining tashrif buyuradigan “noyob“ hududlariga aylanib qolayotgani achinarli. FVV va shu sohaga aloqador tuzilmalar ayni kunlarda ushbu kon shaxtalaridagi radioaktiv holat boʻyicha munosabat berib oʻtishsa yomon boʻlmasdi“, deb yozadi olim.








