Eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi

    Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilishi kerakligi taʼkidlandi.

    Masalan, yurtimizda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima boʻladi, degan savollar dolzarb boʻlib bormoqda.

    Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini oʻrganib, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.

    Soʻnggi paytlarda uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi oʻrtasida nizolar uchrayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

    Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablagʻlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.