Masalan, yurtimizda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima boʻladi, degan savollar dolzarb boʻlib bormoqda.

Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini oʻrganib, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.

Soʻnggi paytlarda uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi oʻrtasida nizolar uchrayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablagʻlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.