Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, eksportyorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, eksportbop tovarlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida eksportyorlar soni 6 417 ga yetdi. Eksportga chiqadigan mahsulotlar nomenklaturasi 3938 taga yetkazildi.

2022 yil yakuni bilan tovarlar va xizmatlar eksporti 19 mlrd 309 mln dollarni tashkil etdi. 2023 yilning 9 oyida eksport koʻrsatkichi – 17,7 mlrd. dollarni  tashkil etdi.

Maʼlumki, jahon bozorlarida raqobat tobora keskinlashib borayotgan sharoitda mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali yangi bozorlarga kirib borish va anʼanaviy bozorlarda oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-sonli "Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori bilan Eskportni ragʻbatlantirish agentligi tuzilgan.

Bugungi kunda Agentlik Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida eksportni qoʻllab-quvvatlovchi davlat instituti boʻlib, milliy eksport qiluvchilarga jahon bozorida mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va tashqi iqtisodiy faoliyat doirasida mavjud toʻsiqlarni yechish uchun moliyaviy va nomoliyaviy yordam taqdim etmokda.

Asosiy eʼtibor mahalliy sanoat korxonalari tomonidan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar eksportining oshirilishiga qaratilmoqda (eksport hajmlarining oʻsishi asosiy drayver sohalar sifatida belgilab olingan toʻqimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallari, mineral oʻgʻitlar va kimyo sanoati mahsulotlari va boshqalar).

Jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan 2022-yilda eksportyor korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

586 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha 310 mlrd. soʻmlik kompensatsiya toʻlab berilgan;

Ushbu korxonalar asosan hoʻl va quritilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat, toʻqimachilik va trikotaj, farmatsevtika, charm-poyabzal, elektrotexnika va qurilish hamda boshqa turdagi sanoat mahsulotlarini eksport qilgan. Eksportning umumiy qiymati 894,8 mln. dollarga teng boʻlgan mahsulotlar 37 ta davlatlarga yetkazib berilgan.

- 314 ta eksportyor korxonalarga garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda 44,7 mlrd. soʻmlik sugʻurta mukofoti xarajatlari qoplab berildi. Buning natijasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan 647,9 mln. dollarlik eksport amalga oshirilgan;

- 294 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish boʻyicha 41,3 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi. Buning natijasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar halqaro standartlarga moslashtirilib, jahon bozoriga sifat jihatidan raqobatlashadigan 987,2 mln. dollarlik mahsulotlar tashqi bozorlarga eksport qilingan;

- 473 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro koʻrgazma-yarmarka tadbirlarini tashkil etish boʻyicha 41,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

- 73 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga davriy nashrlarga obuna boʻlish, taqdimotlar va reklama kompaniyalarini oʻtkazish boʻyicha 4,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

-  mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish uchun 74 ta eksport qiluvchi korxonalarga 511 mln. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

-  eksport qiluvchi korxonalarga vakolatli organlarning meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur sertifikatlarni (fitosanitar sertifikati, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat, muvofiqlik sertifikati) rasmiylashtirish bilan bogʻliq 34,8 mlrd soʻmlik xarajatlar qoplab berildi;

- 14 ta hudud boʻyicha 272 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun 18 ta tijorat bankiga 164,1 mln. dollar miqdorida moliyaviy resurs ajratildi;

– 722,8 mln. dollarlik tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qilgan 747 ta korxonalarga 84,4 mlrd. soʻm miqdoridagi subsidiyalar ajratildi.

2023-yil yanvar-sentyabr oylarida eksportyor korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

- 611 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha 305,2 mlrd. soʻmlik kompensatsiya toʻlab berildi;

- 249 ta eksportyor korxonalarga garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda 33,7 mlrd. soʻmlik sugʻurta mukofoti xarajatlari qoplab berildi;

- 230 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish boʻyicha 33,8 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

- 323 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro koʻrgazma-yarmarka tadbirlarini tashkil etish boʻyicha 33,6 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

- 98 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga davriy nashrlarga obuna boʻlish, taqdimotlar va reklama kompaniyalarini oʻtkazish boʻyicha 3,5 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

-  eksport qiluvchi korxonalarga vakolatli organlarning meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq 28,1 mlrd. soʻmlik xarajatlar qoplab berildi;

-  mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish uchun 32 ta eksport qiluvchi korxonalarga 287,2 mln. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi;

- tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi 1 109 ta korxonaga 89,1 mlrd. soʻmlik subsidiya ajratildi;

- 14 ta hudud boʻyicha 272 ta eksport qiluvchi korxonalarga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun 18 ta tijorat bankiga 233,7 mln. dollar miqdorida moliyaviy resurs ajratildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida Agentlik tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga jami 515 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatilgan boʻlib, 1 mlrd 660 mln dollar miqdorida eksport amalga oshirilishiga erishildi.

Shu bilan birga, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida, shu jumladan “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Eksportchilar markazi tashkil etildi.

Eksportchilar markazi faoliyati doriasida qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish, eksportoldi moliyalashtirish uchun kredit ajratish, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, bojxona rasmiylashtiruvi, karantin nazorati bilan bogʻliq 922 ta muammoli masalalalarning 598 tasi oʻz yechimini topdi.