Keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san'at rivojiga, xususan, baxshichilik, maqom, milliy estrada san'atini yanada ravnaq toptirish masalasiga katta e'tibor qaratilyapti. Joylarda opera va baxshichilikka ixtisoslashgan maktablar, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti umidli operachi, baxshi va maqomchilarni tarbiyalashga xizmat qilsa, Milliy estrada ijrochilik maktablarining yaratilishi sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim omil bo'ladi.

2020-yil 2-dekabrda Prezidentimizning “O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori e'lon qilingandan so'ng nafaqat milliy, balki jahon estradasi rivojiga munosib hissa qo'shgan san'atkorning xotirasiga bag'ishlab ko'plab tadbirlar o'tkazildi, uning kitoblari, qo'shiqlari jamlangan al`bomlar, rassom sifatida yaratgan asarlari ko'rgazmasi taqdimotlari bo'lib o'tdi.

2021-yil 16-oktyabr kuni esa davlatimiz rahbarining “O'zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati institutini tashkil etish to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. Milliy estrada ijrochilik maktablarini yaratish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatdan samarali foydalangan holda milliy estrada san'atini jadal rivojlantirish maqsadida faoliyat boshlaydigan ta'lim muassasasi soha rivojiga munosib hissa qo'shishga bel bog'ladi.

Milliy estrada yo'nalishini rivojlantirish uchun alohida institut tashkil etishga turtki bo'lgan omillar, uning boshqa san'at oliygohlari, umuman, musiqiy bilim beruvchi muassasalardan farqli jihatlari, ta'lim sifati xususida mutasaddi va mutaxassislarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

 Milliy estrada yo'nalishida yagona ta'lim maskani

Kamoliddin O'rinboyev, O'zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist:

– O'zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Milliy estrada san'ati instituti tashkil etilishi, avvalo, estrada ijrochiligi yo'nalishlari bo'yicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug'ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatli.

Bu erda yaratiladigan o'quv-metodik adabiyotlar, notaga ko'chiriladigan milliy estrada ijrochiligi namunalari, shuningdek, atoqli kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar ijodini chuqur o'rganish milliy estradamiz uchun munosib vakillarni tarbiyalashimizda muhim omil bo'ladi.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy o'zlikni anglash tuyg'usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish asosiy vazifa deb belgilandi. Bu ishlarni respublikamizda yagona hisoblanadigan aynan shu institut amalga oshiradi!

O'tgan asrda paydo bo'lib, rivojlanib, taraqqiy etgan estrada janrlari ijtimoiy-ma'naviy hayotimizga shu qadar kirib bordiki, hatto milliy estrada san'atimiz shakllandi. Milliy estrada bugun yurtimiz madaniyati tizimida o'ta muhim o'rin tutmoqda. Chunki u ommaviy san'at turi sifatida ming-minglab kishilarga birday ta'sir ko'rsatib, hamisha insonlarning ruhiy ehtiyojlarini tezkor qondirish qudratiga ega, desak mubolag'a bo'lmaydi.

estrada san'atini rivojlantirish masalalari ko'proq repertuar muammosi hal etilishiga bog'liq. Buning uchun shoirlar, kompozitorlar, aranjirovkachilar tanilgan va yosh xonandayu sozandalar uchun yangi asarlar yaratishi, keng targ'ib etish orqali ularni tarqatish muhim vazifadir.

Qolaversa, O'zbekistonda milliy estrada san'atini rivojlantirish uchun turli hududlarda ijod qilayotgan iqtidorlarni, havaskor san'atkorlarni izlab topish va qo'llab-quvvatlash, mehnatini munosib rag'batlantirib, ishlarini takomillashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini sifat bosqichiga ko'tarish, bu jarayonda xorijiy tajribalarni yanada keng tatbiq etish, milliy estrada san'ati tarixi va nazariyasi tadqiqotini kuchaytirish zarur.

Mamlakatimizda milliy estradani rivojlantirishga barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgan ekan, shu sohadagi barcha ijodkorlardan xalqimizga manzur bo'ladigan yangi badiiy barkamol qo'shiq va kuylar yaratib, faol ijod qilishlarini kutib qolamiz.

Musiqa fanlari professional ta'lim darajasiga ko'tariladi

Ibrohim Yo‘ldoshev, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti rektori:

– O'zbek milliy estrada san'ati boy tarixga ega. “estrada” tushunchasi kirib kelgunga qadar ham uning turli janr va ko'rinishlari mavjud bo'lib, professional darajada XX asrda shakllangan. Jumladan, O'zbekiston xalq artisti Tamaraxonim, Usta Olim Komilov kabi san'atkorlar milliy estradaning poydevoriga asos solgan bo'lsa, O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov professional estrada san'ati maktabini yaratgan. Mashhur “Yalla” guruhi, Yunus To'raev, Mansur Toshmatov, Nasiba Abdullaeva, YUlduz Usmonova, Kumush Razzaqova, Ozodbek Nazarbekov, Kozim Qayumov kabi ijodkorlar bevosita Botir Zokirov yaratgan milliy estrada maktabi davomchilari bo'lib, uning rivojiga munosib hissa qo'shishgan. Mazkur jarayon o'ziga xos tajriba maydoni, ustoz-shogird an'anasi, estrada san'atining milliy spetsifikasini vujudga keltirib, o'z o'rnida o'rganilishi va tadqiq etilishi, qolaversa, yosh avlodga o'rgatilishi lozim bo'lgan san'at turiga aylandi.

Bu holat milliy estrada san'ati sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, professional estrada ta'limini joriy etishga sabab bo'ldi.

Botir Zokirov nomidagi institut aynan estrada janrlari bo'yicha professional ta'limga asoslanadi. Bunda ustoz-shogird an'analari bilan birga jahon estrada san'ati ta'limidagi ilg'or metodikalar asosida o'quv mashg'ulotlari o'tkaziladi, xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvi yo'lga qo'yiladi hamda dunyo miqyosida iqtidorli o'zbek yoshlarining mahoratini namoyish etishga yanada kengroq imkoniyat yaratiladi.

Milliy estradamizni rivojlantirish borasida dastlabki e'tiborni ta'limning quyi bo'g'inlariga qaratish kerak. Xususan, barcha musiqa va san'at maktablari, o'rta ta'lim maktablarida, avvalo, musiqa va musiqa bilan bog'liq bo'lgan barcha fanlar professional ta'lim darajasiga o'rganilishi lozim.

Botir Zokirov maktabi an'analari barhayot

Dilorom Omonullayeva, O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi:

– Davlatimiz rahbarining Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati institutini tashkil etish to'g'risidagi qarori estrada yo'nalishidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Unda,  shuningdek, milliy estrada namunalarini notaga ko'chirish, musiqiy estrada bo'yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish va tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o'ziga xos ijro uslublari va an'analarini qayta tiklash hamda rivojlantirish, ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, rivojlantirish ham ko'zda tutilgani ahamiyatlidir.

Qarorda bizni quvontiradigan yana bir jihat bor. Bu ham bo'lsa, milliy estrada yo'nalishida zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish masalasidir. Fond estrada yo'nalishidagi bebaho qo'shiqlarni saqlab qolishga imkon beradi. Vaholanki, shu paytgacha sohaga mutlaqo e'tibor berilmagandi. endi qaror asosida xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada qo'shiqchiligi orqali milliy o'zlikni anglash tuyg'usi, yuksak badiiy-estetik, musiqiy did va tafakkurni kamol toptirish, estrada yo'nalishlarida xorijiy oliy ta'lim muassasalari va tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, o'zaro tajriba almashish, qo'shma ta'lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyati tug'ilmoqda, desak yanglishmaymiz.

Institut professor-o'qituvchilari va kontsertmeysterlariga Madaniyat vazirligi tizimida uzoq muddat xizmat qilgani uchun oylik ustama tatbiq etilishi ta'lim sifatini ta'minlashga xizmat qiladi.

2021/2022-o'quv yilidan boshlab institutning ilmiy-pedagogik kadrlari tarkibini oliy ta'lim va ilmiy tashkilotlarda hamda Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan, jumladan, xorijiy o'quv va ilmiy maskanlarda malaka oshirib kelgan professor-o'qituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohadagi salohiyatli amaliyotchi mutaxassislar orasidan shakllantirish ko'zda tutilgan. Qolaversa, mamlakatimizdagi bolalar musiqa va san'at maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va san'at kollejlariga institutning etakchi professor-o'qituvchilari hamda yurtimizda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlarini biriktirish orqali mahorat darslarini yo'lga qo'yish belgilangan.

Estrada san'ati yo'nalishiga qadam qo'yayotgan har bir yosh san'atkor Botir Zokirov ijodini mukammal o'rganishi, bu jarayonda ustoz san'atkorning shaxsiga ham murojaat qilishi kerak. Chunki Botir Zokirovning hayot yo'lidan ibrat oladigan jihatlar juda ko'p. U Mutal Burxonov, Ikrom Akbarov, Manas Leviev, enmark Solihov kabi etuk kompozitorlar va qo'shiqchi shoirlar bilan hamkorlikda haqiqiy, umrboqiy estrada qo'shiqlarini meros qoldirdi.

Botir Zokirov o'zbek milliy estrada san'atini dunyoga tanitgan, o'z davrida megayulduz darajasida mashhur bo'lgan. Shuning uchun ham institutda Botir Zokirov xotirasiga bag'ishlangan yodgorlik majmuasi va muzey, o'zbek milliy estradasi namoyandalarining “ustoz-shogird” ijrochilik maktablari, zamonaviy ijodiy studiyalar va axborot-resurs markazlari tashkil qilinayotgani bizni mamnun etmoqda.

***

Yana bir jihat: faoliyati yo'lga qo'yiladigan muzey Botir Zokirov va Zokirovlar sulolasi hayoti va faoliyati, milliy estrada san'atimiz rivojlanishi va dunyo miqyosida keng targ'ib etilishini yorqin aks ettiruvchi eksponatlar jamlanib, san'atkor ijodiga mansub tasviriy san'at namunalari hamda adabiy asarlar jamlanadi, muntazam ravishda ko'rgazma-ekspozitsiyalar tashkil etiladi.

Botir Zokirov bilan 1976 yildan buyon umrining oxiriga qadar aka-ukadek bo'lib ijod qilgan Mansur Toshmatovning aytishicha, buyuk ijodkorning qo'shiqlarini Magadanda ham, Uzoq Sharqda ham, Saxalinda ham, Sankt-Peterburgda ham, Moskvada ham, Evropa, Osiyo, Amerika qit'alarining qator davlatlarida ham yaxshi bilishar, yaxshi ko'rib eshiti­shardi.

 “Men o'z kundaligimni ajoyib yoshligimning eng baxtiyor kunlaridan — bolaligimning ilk orzulari ro'yobga chiqqan kunidan boshlagim keladi… O'sha kuni men Toshkent davlat konservatoriyasi vokal fakul`teti tayyorlov bo'limiga imtihonni muvaffaqiyatli topshirdim. O'sha daqiqalarda men sahnada turib hassos va talabchan tinglovchilar qarshisida kechirgan cheksiz hayajonlarim, iztiroblarim kuylashim bilanoq tumanday tarqab ketdi”.

Botir Zokirovning kundalik daftaridan olingan mana shunday iliq xotiralar institut talabasi bo'lish orzusidagi har bir yigit-qizga begona tuyg'u emas. San'atkorning kuylash mahorati, maqsadlari yo'lidagi chinakam jasorati tufayli qalbiga otash uchquni tushgan talabadan ham yuksak parvozlarni umid qilishga haqlimiz. estrada san'atida Botir Zokirov qoldirgan o'chmas iz ularni dunyoning eng buyuk davlatlariga-da etaklab borsin!

Munojat Mo'minova,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri.