YETTB va Oʻzbekiston koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda

    Investitsiyalar 22 Mart 2022 782

    Joriy yil 22-martda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu uning Bank rahbari sifatida Oʻzbekistonga ilk tashrifidir.

    Uchrashuv chogʻida YETTB va Oʻzbekiston oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.

    Xususan, xususiy sektorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ekologik toza energiya va resurslarga doir yechimlarini ilgari surishdan iborat boʻlgan YETTBning 2018-2023-yillarga moʻljallangan Mamlakatlar strategiyasini amaliyotga joriy qilish boʻyicha navbatdagi tadbirlar koʻrib chiqildi.

    Investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati oʻrganildi. Hozirgi kunda YETTB moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining umumiy qiymati 1,7 milliard yevroga teng 57 ta loyihadan iborat. Tomonlar joriy loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish boʻyicha keyingi qoʻshma harakatlarni muhokama qildilar, shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan yangi loyihaviy tashabbuslarining muhim jihatlarini muhokama qildilar.

    Toʻqimachilik sanoatida kooperatsiyani faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. YETTB Prezidenti “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek toʻqimachiligiga eʼlon qilingan boykotni bekor qilinishini olqishlab, Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etish borasida koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

    Shuningdek, YETTB Boshqaruvchilar Kengashining shu yil Marokash shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi yillik yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Uchrashuv doirasida Oʻzbekistonning investitsiyaviy istiqbollariga bagʻishlangan alohida sessiyani tashkil etishga kelishib olindi. Unda xalqaro hukumat va ishbilarmon doiralar vakillari eʼtiboriga mamlakatimizning tarmoqlar va hududlar kesimidagi investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etiladi.

    Uchrashuv kun tartibida YETTB faoliyatini Oʻzbekiston hududlarida kengaytirish istiqbollariga alohida oʻrin berildi. Mamlakatning turli hududlarining iqtisodiy xususiyatlari va salohiyatidan kelib chiqqan holda 3 ta manzilli infratuzilma va sanoatni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Bunda tanlangan loyihalarni amalga oshirishda YETTB tomonidan moliyaviy va texnik yordam koʻrsatilishi nazarda tutiladi. Loyihalarni ishlab chiqish va tanlash Bank mutaxassislari tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida mamlakatning har bir hududida tashkil etilgan “loyiha guruhlari” bilan birgalikda amalga oshiriladi.

    Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. YETTB Prezidenti Bank tomonidan gender tengligi masalalarini hal etish boʻyicha loyiha va dasturlarga investitsiyalarni koʻpaytirish va ularning umumiy investitsiya hajmidagi ulushini 40 foizgacha oshirishni rejalashtirayotganligini maʼlum qildi. Shu nuqtayi nazardan, Bank rahbariyati “Ayollar biznesda” dasturini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mamlakatimiz tijorat banklariga maqsadli kredit liniyalari taqdim etish orqali Oʻzbekistonda ayollarning huquq va imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Bundan tashqari, konstruktiv muloqot chogʻida “yashil” energetika, togʻ-kon sanoati, transport va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida muzokaralar chogʻida muhokama qilingan qoʻshma dastur va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha navbatdagi saʼy-harakatlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.