Sayohat davomida mehmonlar o'zlari uchun foydali bo'lgan ko'plab bilimlarga ega bo'lib, juda katta taassurot olishdi. Jumladan, "Euromedia" xalqaro xolding departmenti direktori Galina Amirova shunday dedi:

“O‘zbekistonga kelib, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida ko‘plab tanishlar va do‘stlar orttirdik. Yorqin, rang-barang va unutilmas taassurotlar uchun, ko‘rsatilgan iltifot va mehmondo‘stlik uchun barchaga minnatdorchiligimni bildiraman. Turizm va sport vazirligi, hamkasblarimiz, matbuot xizmatlari, ommaviy axborot vositalari vakillariga, bu yerga kelayotgan mehmonlar va sayyohlarga xursandchilik ulashayotgan barcha-barchadan mamnun bo'ldik. Biz juda ko‘p diqqatga sazovor joylarni ko‘rdik, O‘zbekistonning boy tarixiga nazar soldik va ishonamizki, bu sayohatimiz birinchi va oxirgisi emas. Do‘stligimiz, hamkorligimiz, media-hamkorligimiz yanada mustahkam bo‘ladi deb umid qilaman”.

Vladimir Denisov, “EuroMedia” nashriyot uyi direktori: Bugun biz qadimiy Buxoroga tashrif buyurdik va bizni turfa xil hissiyotlar qamrab oldi – bu shahar uni tomosha qilish hamda go‘zalligidan zavqlanishga munosibdir. Shu bois yangi turistik mahsulot yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu loyiha nafaqat O‘zbekistonga sayohat qilayotgan xorijliklar, balki O‘zbekistonda voyaga yetib, hozirda Rossiyada yashayotgan kishilar uchun ajoyib imkoniyat bo‘lar edi.

Shuningdek, yana bir betakror shahar – Samarqandda bo‘lgan chog‘imizda Amir Temur maqbarasi hamda  boshqa noyob arxitektura yodgorliklari naqadar asrab-avaylanayotgani, ularni  restavratsiya qilish ishlari faol olib borayotganligiga guvoh bo‘ldik.

Ishonchim komilki, yaqin yillarda sayyohlar oqimi, shu jumladan Rossiyadan tashrif buyuruvchilar soni yanada ortadi. Bu yurtning diqqatga sazovor joylari, mazali milliy taomlari va ajoyib dam olish maskanlari talaygina. Shunday ekan, O‘zbekistonga tashrif buyuring!”