Yevrokomissiya a'zo davlatlarga Isroil tovarlari uchun savdo imtiyozlarini to'xtatishni taklif qildi

    Yevrokomissiya a'zo davlatlarga Isroil tovarlari uchun savdo imtiyozlarini to'xtatishni va Isroil rasmiylariga qarshi sanksiyalar kiritishni taklif qildi.

    Isroilga qarshi sanksiyalar taklifi tafsilotlari Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy vakili Kaya Kallas va savdo komissari Marosh Shefchovich tomonidan o'tkazilgan qo'shma matbuot anjumanida taqdim etildi.

    “Isroil hukumatining G'azoga hujumi gumanitar inqirozni yanada kuchaytiradigan yangi eskalatsiyadir”, dedi Kallas.

    U radikal isroillik vazirlarga, bosib olingan Falastin hududlaridagi yerlarni egallab olgan zo'ravon ko'chmanchilarga va ularni qo'llab-quvvatlovchi tashkilotlarga qarshi sanktsiyalar paketini e'lon qildi. “Men aniq aytmoqchiman: maqsad Isroilni jazolash emas, balki G'azodagi gumanitar vaziyatni yaxshilash”, deya ta'kidladi Yevropa Ittifoqi oliy vakili.

    Uning ta'kidlashicha, barcha a'zo davlatlar G'azodagi vaziyat chidab bo'lmas holga kelgan, deb hisoblaydi. “Hujumlar tugashi, azob-uqubatlar to'xtashi va barcha mahbuslar ozod etilishi kerak. Bunga erishish uchun qo'limizdagi barcha vositalardan foydalanishimiz kerak. Qolaversa, G'arbiy Sohildagi ikki davlat mavjudligining maqsadga muvofiqligiga putur yetkazadigan xavfli o'zgarishlarni ham unutmasligimiz kerak”.

    U, shuningdek, Yevrokomissiya savdo imtiyozlarini qisman to'xtatib turish taklifini ma'qullaganini e'lon qildi, deb xabar berdi aa.com.tr.