Mazkur iqtisodiy ittifoq 183 million aholidan iborat yagona bozor hisoblanadi. YEOII hududida qazib olinayotgan neft dunyo “qora oltin”ining 14,2 foizini yoki yiliga 634,2 mln. tonnasini, tabiiy gaz esa 20,2 foizini yoki 744,7 mlrd.kub.m.ini tashkil etadi. Shuningdek, YEOIIda 1255,0 mlrd. Kvt. miqdordagi elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu jahon miqyosidagi ulushning qariyb 5 foiziga toʻgʻri keladi.
Mehnat bozori
Oʻz navbatida, YEOIIda umumiy ishlab chiqarish oʻsib borayotgani bois, mazkur ittifoq hududida mehnat resurslariga, xususan mehnat migrantlariga boʻlgan talab ham tobora kuchayib bormoqda. Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining maʼlumotlariga koʻra, YEOIIga aʼzo davlatlar iqtisodiyotiga oʻrtacha bir yilda jalb etilayotgan mehnat migrantlarining soni 1,8 mln. kishini (shundan 97,6 foizi Rossiyaga toʻgʻri keladi) tashkil etadi.
Bizga ayonki, YEOII hududida (asosan Rossiyada) ishlayotgan mehnat migrantlarining salmoqli qismi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat. Boshqacha aytganda, YEOIIdagi mehnat resurslariga boʻlgan talabning maʼlum qismini Oʻzbekiston taʼminlamoqda. Mazkur vaziyat Oʻzbekiston hukumati oldiga qator vazifalarni qoʻymoqda, xususan, ushbu davlatlarga ish izlab ketayotgan mehnat migrantlari uchun qulayliklar va yetarli sharoitlar yaratib berish, katta maosh toʻlanadigan ish oʻrinlariga joylashishlari uchun ularni mutaxassislik boʻyicha tayyorlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash va hokazolar.
YEOII davlatlarida ayni vaqtda 2,3 mln. nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Xususan, bu koʻrsatkich Rossiyada 2 millionga yaqin, Qozogʻistonda — 300 ming, Qirgʻizistonda — 25 ming nafar oʻzbekistonliklarni tashkil etadi.
Oʻzbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan muammo va toʻsiqlar
Birinchi muammo – bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi. Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizning 30 foizidan ortigʻi ishlash va yashash uchun rasmiy ruxsatnoma (patent) olmagan holda ishlamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash huquqini qoʻlga kiritish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiladigan boʻlsalar, ularga faqat 1 yil muddatga patent beriladi, xolos. Buning uchun esa, taxminan 500 AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita sarflanadigan mablagʻ kerak boʻladi.
Bundan tashqari, har oyda taxminan 50–125 AQSH dollari miqdoridagi majburiy toʻlovlar toʻlanishi va boshqa sarf-xarajatlar eʼtiborga olinsa, har yili bir kishi 1700 AQSH dollarining bahridan oʻtishi kerak.
Qozogʻistonda esa, ruxsatnoma olish bilan bogʻliq xarajatlar yiliga 200-1000 dollarni tashkil etib, uni dastavval ish beruvchi toʻlab beradi, keyinchalik ishchi-migrantning oyligi hisobidan qoplab olinadi.
Ikkinchisi, kasb-hunarga oid taqiqlarning mavjudligi. Oʻzbekistonlik migrantlarga dorixonalar, chakana turgʻun boʻlmagan chakana savdo shahobchalari va bozorlarda ishlash taqiqlanadi.
Oʻzbekistonlik migrantlar ixtisoslashgan doʻkonlarda alkogol va tamaki sotish kabi sohalarda ishlashi mumkin, ammo ular tashkilot xodimlari umumiy sonining 15 foizidan koʻp boʻlmasligi kerak. Sport sohasida migrantlar koʻpi bilan 25 foiz, quruqlikdagi yoʻlovchi va yuk tashish transportida esa - korxona xodimlari sonining eng koʻpi bilan 26 foizi boʻlishi kerak.
Qishloq xoʻjaligi sohasida mazkur chegara 50 foizni, qurilish sohasida esa 80 foizni tashkil qiladi.
Uchinchisi esa, Oʻzbekistonlik migrantlar YEOII davlatlaridan biriga kelganlaridan soʻng olti oy oʻtgach, soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkaziladilar, yaʼni masalan Rossiyada ular jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq stavkasini 13 foiz oʻrniga 30 foiz miqdoridagi soliqni toʻlaydilar.
Shu va boshqa masalalar oʻzbekistonlik migrantlarning erkin mehnat faoliyatini olib borishlari uchun yetarli sharoit yaratish boʻyicha mavjud imkoniyatlarni batafsil oʻrganib chiqish va keng tahlil qilish zarurligini keltirib chiqarmoqda.