Yevropa Ittifoqi Komissiyasining “GSP+” tizimi doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga ilk monitoring missiyasi tashrifi yakunlandi

    Xalqaro hamkorlik 1 Aprel 2022 893

    Joriy yil 24-30-mart kunlari Yevropa Ittifoqi Savdo boʻyicha Bosh direktorati vakillarining Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda birinchi marotaba Oʻzbekistonda monitoring missiyasi tashrifi boʻlib oʻtdi.

    Tashrif maqsadi – “GSP+” tizimi benefitsiari maqomida respublika tomonidan ratifikatsiya qilingan 27 ta xalqaro konvensiyalarning bajarilishi uchun vakolatli vazirlik va idoralar bilan mazkur konvensiyalar talablarini amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish jarayonida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularni amaliyotda qoʻllanilishini muhokama qilish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazish.

    Oʻzbekistonning “GSP+” tizimi benefitsiari maqomini olish boʻyicha pacmiy” arizasini topshirish jarayonida respublika Hukumatu monitoring doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik olib borish boʻyicha tegishli majburiyatlarni qabul qilgan.

    Tashrif davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Savdo-sanoat palatasi, BMT, XMT, YUNISEF, BMTTD va boshqa xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari vakillari hamda bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan mazkur masalalar yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillari ushbu monitoring missiyasi davomida Namangan viloyatidagi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga muntazam mahsulot eksportini amalga oshiruvchi toʻqimachilik klasterlariga tashrif buyurgan holda, korxonadagi ishlab chiqarish obyektlarida ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro inson va mehnat huquqlari talablariga muvofiqligi jihatidan koʻzdan kechirdilar.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillari monitoring missiyasining mehnat huquqlari hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish klasterlari boʻyicha yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida Yevropa tomoni vakillariga mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro konvensiyalar talablarini respublika qonunchiligiga tatbik etish doirasida amalga oshirilgan chora ­ tadbirlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.

    Tashrif yakuni yuzasidan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida, “GSP+” benefitsiari maqomi Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada diversifikatsiya qilish va rivojlantirishda zamin yaratishi va mazkur imtiyozlar Oʻzbekistonning barqaror oʻsishi va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi asosiy samarali savdo-iqtisodiy vosita boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Yevropa vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, inson huquqlarini hurmat qilishga asoslangan davlat tizimini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, iqtisodiy shaffoflikni taʼminlash va turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli tub islohotlar mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlikni mustahkamlashi jihatidan eʼtirof etildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vakillari bilan GSP+ tizimi imtiyozlaridan samarali foydalanish va xalqaro konvensiyalar talablarini milliy qonunchilikka tatbiq etish doirasida kelgusida ham yaqindan hamkorlik munosabatlarini olib borish yuzasidan kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.