Bundan oldin Missiyaning Oraliq hisoboti (2019 yil 13 dekabr`) va Saylovning dastlabki natijalari va xulosalari to'g'risidagi bayonoti (2019 yil 23 dekabr`) e'lon qilingan edi.

DIIHB – EXHT mintaqasida saylovlarni kuzatish sohasidagi etakchi tashkilot hisoblanadi. Har yili mazkur byuro EXHT mamlakatlaridagi saylovlarni tashkilot majburiyatlari, boshqa xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka rioya qilinishini baholash uchun minglab kuzatuvchilarni yuborishni muvofiqlashtiradi va tashkil etadi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining EXHT DIIHB bilan hamkorligi an'anaga aylangan. Mazkur tashkilotning missiyalari O'zbekistondagi parlament va prezidentlik saylovlarida kuzatuvchi sifatida 1999 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. O'tgan parlament saylovlarini kuzatish uchun EXHT DIIHB ilk marotaba to'laqonli missiyani yubordi. Saylovlar kuni EXHT parlament Assambleyasi delegatsiyasi bilan birgalikda Xalqaro missiya shakllantirildi va unda 37 mamlakatdan 316 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi.

DIIHB Missiyasining yakuniy hisobotida, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida o'tkazilgani va mustaqil fikrlarga nisbatan toqat qilish muhitining oshgani haqida xulosa qilingan. Parlament saylovlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan O'zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan islohatlarni amalga oshirishga yo'naltirilgan 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasiga binoan o'tkazilgani qayd etilgan. “Saylovgacha bo'lgan muddatda mustaqil fikrlar yanada ko'proq tinglandi va fuqarolar o'z siyosiy qarashlarini Internetda, ijtimoiy tarmoqlar va turli bloglar orqali joylab borishlarida erkinlikni his etdilar”, – deyiladi hisobotda.

Hisobotda Markaziy saylov komissiyasining ishi ijobiy baholanib, “parlament saylovlariga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko'rish va o'tkazish uchun ulkan kuch safarbar etilgani” ta'kidlangan. Xususan, saylov komissiyalari a'zolarini tayyorlash, ularning saylovlarni tashkil qilish va o'tkazishga oid ko'nikmalarini oshirish, saylovlarda ko'p sonli xalqaro va mahalliy, jumladan, siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, OAV vakillarining to'sqinliklarsiz ishtirokini ta'minlash, saylovchilar o'rtasida izchil va seziluvchan axborot kampaniyasini o'tkazish borasida olib borilgan ishlariga yuksak baho berilgan.

Ayniqsa saylov komissiyasi a'zolarini o'qitish natijalari alohida ta'kidlangan: “Missiya vakillari tashrif buyurgan aksariyat saylov uchastkalaridagi komissiya a'zolari yangi Saylov kodeksini yaxshi bilishlarini ifoda etgan”.

Ijobiy holat sifatida Missiya O'zbekiston tomonidan milliy huquqiy bazani EXHT doirasidagi majburiyatlarga yaqinlashtiradigan EXHTning bir qator tavsiyalarini qabul qilganini qayd etgan. “Saylov kodeksi saylov jarayonlari to'la qayta ko'rib chiqilganidan keyin qabul qilindi. Ushbu jarayonda O'zbekiston hukumati DIIHBning avvalgi tavsiyalarini ko'rib chiqdi, DIIHB bilan konstruktiv muloqotlar o'tkazib, DIIHBdan va Evropa Kengashining Venetsiya komissiyasidan Kodeks loyihasi bo'yicha fikr-mulohazalar bildirishni so'radi”, deb qayd etilgan.

Saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi muhim jihatlardan biri sifatida ta'kidlanib, “Saylovchilarning yagona elektron ro'yxatining joriy etilishi - ilgari bo'lgani kabi saylovchilarni qog'ozda ro'yxatga olishga nisbatan ulkan yutuqdir”, deyladi hisobotda.

Deputatlikka nomzodlar safida xotin-qizlar  (41 foizgacha) va boshqa millat vakillari ulushining (8,4 foizgacha) sezilarli darajada oshishi ham ijobiy deb baholangan. Hisobotda ta'kidlanadiki, “Prezident SHavkat Mirziyoev 2019 yilning iyunida siyosiy partiyalarni avvalgi saylovlarda xotin-qizlarning nomzodini kam ko'rsatgani uchun tanqid qilgan edi. O'z navbatida, siyosiy partiyalar 2019 yida o'tgan parlament saylovlarida xotin-qizlardan iborat nomzodlar ulushini 2014 yilgi saylovlardagi 32 foizdan 41 foizgacha ko'paytirdi, ulardan 48 nafari saylangani esa (32 foiz) jiddiy ko'payishni tashkil qildi”.

DIIHB saylov jarayonlarini yanada takomillashtirish borasida O'zbekistonga yordam berishga tayyor ekanligini ta'kidlar ekan, yakuniy hisobotida bir qator tavsiyalarini taklif qildi.

Xususan, ustuvor tavsiyalar sifatida siyosiy partiyalarni tuzish va faoliyat yuritishiga to'sqinlik qiluvchi nomutanosib huquqiy qoidalarni bekor qilish, “uch erkinlik” – yig'ilishlar o'tkazish, uyushmalarga birlashish va so'z erkinligini ta'minlash uchun mavjud qonunchilik bazasini qayta ko'rib chiqish, nomzodlar uchun “yashash tsenzi” (O'zbekiston hududida kamida besh yil)ni, tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish, nodavlat notijorat tashkilotlariga saylovlarni kuzatish huquqini berish, bir saylovchining bir necha bor ovoz berishni oldini olish maqsadida saylov kuni saylovchilarni ruyhatga olishni ta'qiqlash.

SHuningdek, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konventsiyani ratifikatsiya qilish va muomalaga layoqatsiz shaxslarga ovoz berish huquqini taqdim etish, saylovoldi tashviqoti davrida tashviqot mitinglarini o'tkazish uchun ruxsat berish tartibini bekor qilib, o'rniga xabardor qilish tartibini o'rnatish, partiyalar va nomzodlarni xususiy mablag'lardan moliyalashtirishga ruxsat berish, partiyalarning moliyaviy hisobdorlik tizimini takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar berildi.

Markaziy saylov komissiyasi EXHT DIIHB Missiyasiga O'zbekistonga umume'tirof etilgan standartlar va eng yaxshi amaliyotlarga muvofiq adolatli, shuningdek xalqaro saylov majburiyatlariga muvofiq oshkora saylovlarni o'tkazishda ko'rsatgan ko'magi uchun samimiy minnatdorchilik bildiradi.

Markaziy saylov komissiyasi EXHT DIIHB bilan konstruktiv muloqotni davom ettirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo'yicha izchil ishlarni amalga oshirishga tayyorligini bildiradi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati