YEXHT DIIHB metodologiyasi boʻyicha ehtiyojlarni baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.
Tashrif dasturiga muvofiq EBM ekspertlari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan uchrashadi.
Joriy yil 28-mayda Missiya ekspertlari YEXHT DIIHB saylov departamenti katta maslahatchisi Keara Kastaldo hamda saylovlar boʻyicha maslahatchisi Kaxa Inaishvili Markaziy saylov komissiyasi raisi З.Низамходжаев bilan uchrashdi.
Uchrashuvda DIIHB saylovlarni kuzatish Missiyalarining natijalari boʻyicha berilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.
Umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari shuningdek, Byuroning yakuniy hisobotlarida keltirilgan tavsiyalarni hisobga olgan holda milliy saylov qonunchiligi va saylov tizimini yanada takomillashtirishda 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, ekspertlar Parlament quyi palatasi va saylov organlari tizimidagi oʻzgarishlar bilan tanishdilar. Ushbu oʻzgarishlarga koʻra mamlakatda saylov organlarining yagona markazlashgan tizimi shakllantirilmoqda, Parlament quyi palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi.
Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari DIIHB missiyalarining 2023-yilda oʻtkazilgan referendum va muddatidan ilgari prezident saylovini kuzatish boʻyicha yakuniy hisobotlarini tahlil qilish va ulardagi tavsiyalarni saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi uchun minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, mamlakatimizda saylov tartib-taomillari tamoyillarini umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiq takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.