Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida forum ishtirokchilari eʼtiborini Orolboʻyi mintaqasidagi muammolar, Oʻzbekiston hukumati tomonidan mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlarga qaratdi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoning dolzarb ekologik muammolarini hal qilishda xalqaro tashkilotlarni jalb etish borasidagi tashabbuslarini alohida taʼkidladi.

Bundan tashqari, Qozogʻiston delegatsiyasi bilan birgalikda Orol dengizi muammosi boʻyicha qoʻshma bayonot YEXHTning rasmiy tillarida tarqatildi. Oʻzbekiston tomoni BMT Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan sogʻliqni saqlash tizimining yangi metodologiyasini ishlab chiqish va Orolboʻyi aholisiga tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan yangi loyihani ishga tushirish tashabbusini ham ilgari surdi. Mamlakatimizning 2023-yilda Oʻzbekistonda YEXHT Parlament Assambleyasining kuzgi sessiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi yana bir bor tasdiqlandi.

Shuningdek, delegatsiya YeXHT PAning doimiy qoʻmitasi hamda siyosiy va xavfsizlik masalalari, iqtisodiy masalalar, fan, texnika va atrof-muhit masalalari, demokratiya, inson huquqlari va gumanitar masalalar boʻyicha qoʻmitalari yigʻilishlarida ham ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari Oʻzbekiston va Qozogʻiston tomonidan ilgari surilgan “BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining YeXHT tomonidan amalga oshirilishi” qoʻshma rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatladi. Hujjat barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, inklyuzivlikni oshirish va gender tengligini taʼminlash, BRMni milliy mexanizmlar, jarayonlar va tizimlarga joriy etish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan

Markaziy Osiyoning ikki davlati – Oʻzbekiston va Qozogʻiston YeXHT PA doirasida birinchi marta ilgari surilgan qoʻshma rezolyutsiyaning qabul qilingani Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan yangilangan tashqi siyosat samarasida mintaqada yuzaga kelgan yangi voqelikni ifodaladi.

Shuningdek, tadbir doirasida YeXHT PA raisi Margareta Sederfelt, YeXHT PA bosh kotibi Roberto Montella, YEXHT PA vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakil Pia Kauma, YeXHT yuqori darajadagi ekspert, elchi Lamberto Zanniyer bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Tadbirlarda Oʻzbekiston tomonidan ekologik muammolarni hal qilish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga yuqori baho berildi.

YeXHT rahbariyati Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha oʻtkaziladigan referendumga kuzatuvchilar delegatsiyasini yuborishga tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.