Afsuski, mualliflik huquqlari bilan bog'liq huquqbuzarliklar tegishli fan tarmog'i bo'yicha falsafa doktorlari (PhD) tomonidan sodir etilayotgani ham kuzatilmoqda. Shunday holat bo'yicha Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi xabar berdi.
Adliya vazirligi tomonidan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori, pedagogika fanlari doktori T.Usmanxodjayev va Jizzax davlat pedagogika instituti professori X.Meliyevlar muallifligidagi “Maktabgacha ta'lim muassasalarida jismoniy tarbiya”, “Milliy va harakatli o'yinlar” asarlaridan mualliflar ruxsatisiz noqonuniy tarzda foydalanilganligi yuzasidan qonuniy chora ko'rish to'g'risidagi murojaat ko'rib chiqildi.
Murojaatni ko'rib chiqish davomida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Jismoniy tarbiya va sport fani katta o'qituvchisi, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) B.M. va Chirchiq shahar davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta'lim kafedrasi mudiri dotsenti A.A. tomonidan T.Usmanxodjayev va X.Meliyevlarga tegishli bo'lgan “Maktabgacha ta'lim muassasalarida jismoniy tarbiya”, “Milliy va harakatli o'yinlar” asarlaridan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.
Holat yuzasidan B.M. va A.A.larga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 177(1)-moddasi birinchi qismi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, javobgarlik masalasini ko'rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo'yicha Sergeli tuman va CHirchiq shahar sudlariga yuborildi.
Sud qarorlariga ko'ra, huquqbuzarlarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 177(1)-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etganligi uchun jarima jazosi tayinlandi.