Qayd etilganidek, Qoʻmita qonunchilik faoliyati doirasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari va ekspertlarni jalb qilgan holda 16 ta qonun va 24 ta masalani dastlabki tarzda koʻrib chiqib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 13 ta tadbir oʻtkazilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash sohasidagi Qonunlarning joylardagi ijrosi 7-marta, taʼlim sohasi 5-marta, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi sohasi 1-marta oʻrganilgan.
Bundan tashqari maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi vazirlarining axborotlari eshitilgan.
Senatga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijalari Qoʻmita majlislarida va Senatning yalpi majlislarida muhokama qilingan.
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish doirasida hozirgi kunda dolzarb ahamiyat kasb etgan “Onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash jarayonlaridagi muammolar va yechimlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash jarayonidagi muammolar, onkologiya muassasalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, respublikadagi onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalarni zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash darajasi kabi masalalar muhokama qilindi hamda hukumatga qoʻmitaning tegishli tavsiyalar berildi.
Qonunlar ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlari qabul qilinishini oʻrganish faoliyati doirasida 5 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlari qabul qilinishi hamda amalda qoʻllanilishi holati monitoring qilinib, natijasi boʻyicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sohasida Qoʻmita aʼzolari tomonidan hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 19 581 ta yozma murojaat koʻrib chiqilgan, shundan 5 363 tasi Senatga kelib tushgan murojaatlardir.
Nazoratga olinib yuborilgan 2 582 ta murojaatdan 1 058 tasi (41%) ijobiy hal qilingan. Taalluqliligi boʻyicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning 1 524 tasiga (59%) tashkilotlar tomonidan fuqarolarga tushuntirishlar berilgan.
Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar koʻrish maqsadida 887 ta uchrashuv oʻtkazilgan. Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senat va joylarda jami 4 075 nafar fuqaro qabul qilingan.
Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator soʻrovi shaklidan samarali foydalanilmoqda. Xususan, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 76 ta senator soʻrovi yuborilgan.
Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan maktabgacha va oʻrta taʼlim muassasalarini taʼmirlash hamda yoʻl qurilishi bilan bogʻliq muammolar hal etilgan.
Senat tomonidan maʼqullangan qonunlar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 1 200 ga yaqin materiallar eʼlon qilingan.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.