Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu material asosida suvni tozalashga moʻljallangan WATER-TOL nomli filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi ishlab chiqildi.

Soʻnggi yillarda uglerod asosidagi zamonaviy materiallar — grafen, uglerod nanotrubkalari, fullerenlar va grafen oksidi keng koʻlamda tadqiq etilmoqda. Ushbu materiallar yuqori mustahkamlik va noyob fizik-kimyoviy xususiyatlarga ega boʻlishiga qaramay, ularning aksariyatini ishlab chiqarish jarayonida zaharli moddalar qoʻllanilishi sababli tibbiyot sohasida foydalanish cheklangan.

Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan koʻp qatlamli grafen esa bu jihatdan mutlaqo xavfsiz hisoblanadi. U inson organizmi uchun zararsiz boʻlgan nanokarbon material boʻlib, olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra:

  • inson toʻqimalariga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi;
  • yaralarning tez bitishiga yordam beradi, jumladan, diabet sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralarning qisqa muddatda tuzalishi qayd etilgan;
  • bakteriyalar, viruslar va zamburugʻlarga qarshi faol taʼsirga ega;
  • hujayra va toʻqimalarning tiklanish jarayonini ragʻbatlantiradi.

Shu bois, koʻp qatlamli grafen inson tanasi toʻqimalari bilan mos keluvchi, yaʼni biomos yangi avlod materiali sifatida baholanmoqda. U tibbiyotda yaralarni davolash, tiklovchi muolajalar va antibakterial qoplamalar yaratishda, farmatsevtika sohasida dori vositalarini yetkazib beruvchi tashuvchi sifatida, sanoatda esa mustahkam va yuqori chidamli materiallar tayyorlashda qoʻllanilishi mumkin.

Eng muhimi, global ekologik muammolarni inobatga olgan holda, koʻp qatlamli grafen suv va havoni tozalash, zaharli moddalar hamda radionuklidlarni yutib olishda yuqori samaradorlikka ega.

Koʻp qatlamli grafenning grafen oksididan asosiy farqi shundaki, u tarkibida kislorodli guruhlarni saqlamaydi. Shu sababli, mazkur material tibbiyot va ekologiya sohalari uchun xavfsiz, yuqori salohiyatga ega boʻlgan hamda XXI asrning istiqbolli innovatsion materiallaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.