Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining “Sholi ekinlarini yetishtirish va boshqarishni qo'llab-quvvatlash” loyihasi bo'yicha kirish seminari bo'lib o'tdi. Tadbirda ishtirok etgan milliy va xalqaro ekspertlar loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida ma'lumot berishdi.
FAOning mazkur loyihasini amalga oshirish 2020—2030-yillarda O'zbekiston Qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasining yuqori qo'shimcha qiymatga ega raqobatbardosh qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha ustuvor yo'nalishlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha mamlakat sholichilik sohasini rivojlantirish, qo'shimcha qiymat zanjirini yaxshilash va, o'z navbatida, ichki iste'mol uchun mamlakatda yetishtirilgan sholini ko'proq qayta ishlash hamda eksportni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan.
Ta'kidlash lozimki, O'zbekiston hukumati sholi yetishtirishni ko'paytirish orqali qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiyalashga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va shu bilan birga qishloq joylarda daromadlarni ko'paytirish va turmush sharoitlarini yaxshilashga ustuvor e'tibor qaratmoqda.
— Loyiha takomillashtirilgan ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish orqali O'zbekistonda barqaror sholi yetishtirishni ta'minlashga xizmat qiladi, — deya ta'kidladi FAOning texnik eksperti Viliami Fakava. — Ushbu loyiha sholikor fermerlar va milliy mutaxassislarning sholi yetishtirishni ko'paytirish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirishga imkon beradi. Qishloq xo'jaligi vazirligi, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari va fermerlarga takomillashtirilgan ishlab chiqarish usullarini o'rgatish ularni texnik jihatdan qo'llab-quvvatlash va mahalliy sharoitda sholi etishtirish hajmlarining o'sishini ta'minlaydi.
Bundan tashqari, ushbu loyiha BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, ikkinchi maqsad "Ochlikni bartaraf etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ovqatlanishni yaxshilash va qishloq xo'jaligini barqaror rivojlantirishga ko'maklashish”, shuningdek, qishloq xo'jaligida ayol-fermerlar va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali beshinchi maqsad “Gender tengligi”ga erishishga hissa qo'shadi.