Toshkent viloyati YAngiyo'l tumanida joylashgan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakul`tura yili doirasida “O'zbekiston Respublikasida kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari” mavzusida amaliy seminar bo'lib o'tdi.

Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Turkiya Respublikasi hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida FAO—Turkiya hamkorligi dasturining bir qismi bo'lgan FISHCap (Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo'jaligi va akvakul`turani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish) loyihasi doirasida tashkil etilgan bo'lib, ushbu  dastur davlat va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yilni Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili, deb e'lon qildi. Ushbu tashabbus kichik hajmli baliqchilar va kichik hajmli baliqchilik ishchilarining oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikka barham berish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga qo'shgan hissasiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratish, ularning muhim roli to'g'risida xabardorlikni oshirish va soha vakillarining qo'llab-quvvatlashini kuchaytirish maqsadida ilgari surilgan.

— Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakul`tura yilining nishonlanishi fermerlar, baliqchilar va sohaning boshqa vakillarining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qo'shayotgan beqiyos hissasining e'tirofi bo'ldi, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov. — Ushbu tashabbus kichik hajmli baliq yetishtiruvchilar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularning fikri barcha darajalarda, jumladan, davlat siyosatini shakllantirish va sohani rivojlantirish bilan bog'liq qarorlar qabul qilishda hisobga olinishi muhim ahamiyatga ega.

Seminarda, shuningdek, O'zbekistonda akvakulturaning bugungi holati, kichik hajmli baliqchilik va akvakul`turani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mamlakatimizda kichik hajmli baliqchilik va akvakultura bilan bog'liq tadbirlarni rivojlantirish va amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilari uy sharoitida baliq etishtirishning intensiv usullari bilan ham tanishtirildi, shuningdek, ozuqa bazasi, baliq kasalliklarining oldini olish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

— Kichik baliqchilik va akvakultura sektori birgalikda global baliq yetishtirishning katta qismini ishlab chiqaradi va shu bilan birga tarmoq bandlarining 90 foizini ta'minlaydi, — dedi FAOning baliqchilik va akvakultura bo'yicha katta mutaxassisi Xaydar Fersoy. — Siyosatda, boshqaruvda va rivojlanishda bu sohaga ko'p e'tibor berilmagan degan qarashlar mavjud. Biroq, so'nggi o'n yil ichida sohaga e'tibor va ahamiyat ortib bormoqda. FAO tomonidan 2014-yilda joriy etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi va qashshoqlikka barham berish kontekstida barqaror kichik hajmdagi baliqchilikni ta'minlash bo'yicha FAO ixtiyoriy ko'rsatmalari ushbu sohani munosib e'tirof etishdagi muhim muvaffaqiyatdir. Sektor yangi rivojlanish imkoniyatlarini hisobga olgan holda ortib borayotgan muammolarni yengib o'tish uchun o'z pozitsiyasini egallashi kerak.

Tadbir doirasida intensiv akvakultura sohasidagi ilmiy ishlanmalar va yutuqlar ko'rgazmasi tashkil etildi. So'ngra seminar ishtirokchilari Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tarkibiy bo'linmalari, jumladan, laboratoriya majmuasi, FAO ko'magida o'rnatilgan akvarium majmuasi va boshqa inshootlar bilan tanishtirildi.