Mazkur tadbir uyushma vakillari, kengash a'zolari, yosh ijodkorlar ishtirokida o'tkazildi. Unda kengashning o'tgan yildagi faoliyati sarhisob qilinib, bugungi kunda publitsistikaning o'rni hamda matbuotda e'lon qilingan publitsistik materiallar haqida so'z bordi.

– 2020 yil pandemiya sabab, karantinga to'g'ri kelgan bo'lsa-da, asosiy e'tibor yosh publitsistlarni ijodiy jarayonga tortish, ijodiy mashqlarini tahrir qilishga qaratdik, – deydi kengash raisi Ahmadjon Meliboev. – Natijada yosh mualliflar Ulug'bek Usmonov, Shahribonu Temirova, Nozima Habibullaevaning ijod namunalari “Jahon adabiyoti” jurnalida e'lon qilindi.

Hisobot davrida dotsent Nazira Toshpo'latova gazetalardagi publitsistik chiqishlar bo'yicha so'z yuritdi. Karantin tufayli mart oyining oxiridan may oyining oxirlarigacha ayrim gazetalar vaqtincha o'z ish faoliyatini to'xtatishga to'g'ri kelganini aytib o'tdi. Borlari ham “pdf” formatda ishlagani, AOKA tomonidan “Gazetalar sharhi” telegram kanalining yo'lga qo'yilgani, unda aksariyat gazetalarning “pdf” shakli mushtariylarga vaqtida etkazib turilganini, aytdi.

O'tgan davr mobaynida Ahmadjon Meliboevning “Sardoba, biz sen bilan birgamiz!”, Salim Ashurning “Ofatlarni enggan xalq irodasi”, Zulfiya Mo'minovaning “Mehr karvonlari Sirdaryoga yo'l olgan”, Saydi Umirovning “Iztirob-la yodlab, iftixor-la qutlab”, Jo'rabek Jahonning “Mehr karvoniga qo'shilgan hissa” kabi qator publitsistik maqolalar e'lon qilindi. Pandemiya tufayli publitsistlarning tiriklik, hayot mazmuni, inson qadri, mehr-saxovatga chorlovchi mavzulari gazeta sahifalarining asosiy mazmuniga aylandi. Xususan, Sa'dulla Hakim, Ibrohim G'ofurov, Xurshid Do'stmuhammad, Aziz Said, Abdusaid Ko'chimov, Qutlibeka Rahimboeva, Munavvara Usmonova kabi ko'plab ijodkorlarning mazkur mavzulardagi chiqishlarini ko'rish mumkin.

– Kengash a'zolarining tavsiyasi bilan, Ashurali Jo'raevning “Uyg'onish zamoning muborak bo'lsin”, Ahmadjon Meliboevning “Tojdor ajal hamlasi yohud dunyoni titratgan 40 kun”, Hurshid Do'stmuhammadning “Hayotning qadri, qimmati”, Qudratilla Rafiqovning “2020: millatni ulg'aytirgan yil”, Zuhriddin Isomiddinovning “So'z qismati”, Oxunjon Hakimovning “Tosh yong'oq” kitobi nashrdan chiqdi, – deydi publitsist adib YOqubjon Xo'jamberdiev. – Mualliflar ushbu kitoblarda davrning eng muhim voqeliklariga jiddiy yondashgan.

Shuningdek, “Yangi O'zbekiston”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetalarida g'oyat jiddiy, salmoqli maqolalar e'lon qilinib, mualliflarning publitsistik minbariga aylangani ham ta'kidlandi.

– Publitsistika adabiyotning muhim ijtimoiy masalalarini o'zida aks ettiruvchi janrdir, – deydi “Sharq yulduzi” – “Zvezdo vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf. – “Guliston”, “Tafakkur” “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallarida qator mazmunli publitsistik maqolalar e'lon qilindi. Xususan, Shuhrat Rizaevning “Guliston” jurnalidagi “Umidli dunyo”, Qulman Ochilovning “Davlat tilining yuksalishi”, “Jumanazar Beknazarning Tafakkur” jurnalidagi “Qayon ketmoqdasan, ey odamzot”, Norqobil Jalilning “Sharq yulduzi” jurnalidagi “Millat oinasi” maqolalarini alohida ta'kidlash mumkin. Mazkur chiqishlar publitsistlar dolzarb mavzularni olib chiqqani va muammolarni ochiq aytgani bilan muhimdir.

Shuningdek, yig'ilish davomida yig'ilganlar publitsistik to'plamlarni nashrdan chiqarishni kengaytirish, internet nashrlarida e'lon qilingan publitsistik maqolalarni tahlil qilish borasidagi takliflarini bildirishdi.

Hisobot yig'ilishi yakunida badiiy publitsistika kengashining

2021 yil faoliyatiga oid rejalari muhokama qilindi, fikr-mulohazalar o'rtaga tashlandi. Kun tartibida ko'rilgan masalalar yuzasidan kengashning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Zulayho AHMADJONOVA,

jurnalist