Kecha, 20-sentyabr kuni Respublikamizning barcha hududlarida “World cleanup day” — “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging ekoaksiyasi tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda tizim tashkilotlar vakillari, yosh ekofaollar, maktab oʻquvchilari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
“Chiqindidan tozalanadigan joydan chiqindi tashlanmaydigan joy pokizaroqdir. Shuning uchun, avvalo, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamaslik kerak, — dedi Aziz Abduhakimov. — Asosiy maqsadimiz keng jamoatchilikning chiqindilarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish va bu orqali chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish. Aslida, faqat «Butunjahon tozalik kuni”da emas, har kuni atrof-muhitni toza saqlashimiz lozim».
Aksiya davomida ishtirokchilar vazir boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Shuningdek, 12 ta jamoa plogging musobaqasida bellashdi. Unda 120 kg chiqindi toʻplagan Toshkent viloyatining 31-maktab jamoasi birinchi oʻrinni egalladi. Plogging davomida jami 575,13 kg chiqindi yigʻildi. Aksiya davomida toʻplangan 100 kg plastik idishlar qayta ishlash uchun yuborildi.
Bundan tashqari, yosh ekofaol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Taʼkidlash joizki, “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlarida respublika boʻyicha 1000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududlar jami 36,506 tonna chiqindilardan tozalandi.
Maʼlumot uchun, “World cleanup day” aksiyasi dastlab 2008-yilda Estoniyada boʻlib oʻtgan. 2023-yilda harakat 211 mamlakatdan 19,1 million kishini safarbar qilgani uchun BMTning Barqaror rivojlanish mukofotiga sazovor boʻldi. Oʻzbekistonda 2019-yildan buyon Butunjahon tozalik kuni nishonlanadi.