Uchoq zinalaridan tushib, bizni kutib turgan mezbonlar sari yurarkanman, to yetib borguncha darrov qoʻlimga telefonimni olaman-u, asarning shu joylarini topib oʻqiyman. Soʻng boshimni koʻtaraman, yuzimga urilayotgan vodiy shamolidan tafakkurimda oʻtmishning ulugʻvor nafasini, balki mutlaqo yangicha, shiddatli va bunyodkor, yurak urishiga oʻxshagan ayricha depsinishni his qilaman.

5-6-may kunlari Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi hamda OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Fargʻonada yangi Oʻzbekiston nafasi” press-turi doirasida bu moʻjizakor vodiyni kezib, qogʻozlardagi raqamlar hayotga koʻchib, jonli nafas olayotganiga guvoh boʻlib qaytdik.

Mamlakatimiz yetakchisining joriy yil 27-28-aprel kunlari viloyatga tashrifi doirasida belgilab berilgan vazifalar, amalga oshirilgan hamda jarayondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar silsilasiga shoʻngʻirkanmiz, jurnalist oʻlaroq oʻzimizni muazzam ijtimoiy asarning — inson qadri, mardonavor mehnat va yorugʻ kelajak haqidagi epopeyaning tamal toshi qoʻyilayotgan sahnalarida turgandek his qila boshladik. Gapimizning mubolagʻasi yoʻq.

* * *

Dastlabki manzilimiz shahar bagʻrida qad rostlagan zamonaviy majmua —  Fargʻona shahridagi AT park boʻldi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida barpo etilgan bu salobatli inshoot ichiga qadam qoʻyishingiz bilan mutlaqo boshqa aql oʻlchamiga tushib qolgandek boʻlasiz. Bir vaqtning oʻzida 200 yigit-qizni bagʻriga chorlaydigan ayni dargohda raqamli olam asrorlarini oʻzlashtirayotgan yoshlarning koʻzlarini koʻrib, xursandchilik tuyasiz.

Tasavvur qiling: yiliga 3 mingdan ortiq yoshni oʻqitish, gʻoyadan tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarga jalb etish uchun yaratilgan bu zamonaviy kovorking markazida mehnat qaynay boshlaydi. Aslida, oxirgi yillarda viloyat miqyosida AT xizmatlar hajmi toʻrt barobar oʻsib, eksport 23 million dollardan oshgani ham Fargʻona yoshlarining uylarida oʻtirib dunyo bozorini zabt etayotganining amaldagi isboti. Hozir 139 ta rezident kompaniyaga ega boʻlgan bu maskan 2025-yilda 22,7 million dollarlik xizmatlarni eksport qilishga ulgurdi. Kelgusida rezidentlar sonini 200 taga, eksport hajmini esa 30 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Sunʼiy intellekt xabi, venchur fondlar, akseleratsiya dasturlari... Bularning barchasi Fargʻonaning ertangi kuni faqatgina ekin-tikin, ogʻir sanoatdan emas, balki intellektual salohiyatdan ham suv ichishini kafolatlaydi.

 

* * *

Ijodiy safarimiz yoʻnalishi sarmoyalar va gʻoyalar uchrashadigan manzil — Investorlarga xizmat koʻrsatish markazi tomon burildi. Besh gektar maydonni egallagan “Fargʻona ekspo” majmuasi bir qaraganda qadimiy Ipak yoʻlidagi karvonsaroylarning zamonaviy, muhtasham koʻrinishi oʻlaroq taassurot qoldiradi. Sakkiz qavatli inshoot faqatgina koʻrgazma zali emas, gʻoyalar pulga, sarmoyalar esa real zavodlarga aylanadigan oʻziga xos inkubatordir. 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi oʻz mahsulotini namoyish etayotgan bu joyda davlat idoralari, tadbirkorlar va xorijiy investorlar bir stolda oʻtirib, Fargʻonaning ertangi iqtisodiyotini allaqachon chiza boshlaganiga guvoh boʻldik.

* * *

Jurnalistlar bilan toʻla avtobusimiz yoʻlni Quvasoyning togʻli hududlari sari quvib boradi. Koʻzlagan manzilimiz — “Crown Ceramic” qoʻshma korxonasi. Zavod hududiga kirib, bir qarashda quloqni qomatga keltiruvchi, lekin kishiga boshqacha bir shijoat bagʻishlovchi toshlar shovqini ogʻushiga tushdik. Bu yerda mehnat moʻjizasi yuz bermoqda: oyoq ostidagi oddiy soy toshi, togʻlardagi qizil va kulrang kaolin qadoq qoʻlli ishchilar harakati va zamonaviy texnologiyalar sehri bilan jahon bozorlarini lol qoldiradigan keramogranit plitalarga aylanmoqda.

2025-yilda bunyod etilgan va yiliga 8 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarishga qodir ushbu zavod 1 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash va 35 million dollarlik eksport salohiyatiga ega. Xom­ashyoning 97 foizi oʻzimizniki — Quvasoy va Angren konlaridan keltiriladi. Bir kunda 600 tonna tosh va 200 tonna kaolin shu yerning oʻzida saralanadi, tozalanadi. Zavoddagi yopiq zanjirli ekologik tizim insoniyatning tabiat oldidagi qarzini uzishga qaratilgani esa quvonarli: yomgʻir va oqova suvlar qayta ishlanib, ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi, chang yutish moslamalari havoni toza saqlaydi. Elektr sarfi 20 foiz kamaytirilgani, kunduz payti chiroqlardan voz kechilib, tabiiy ­yorugʻlikdan ­foydalanilayotgani har bir qarich yer, har bir kilovatt energiya uvol qilinmayotganidan dalolat. Italiya va Ispaniyaniki bilan bemalol bellashayotgan Fargʻona plitalari bugun Qirgʻiziston va Tojikiston binolariga koʻrk bagʻishlamoqda, ertaga esa butun Yevropaga yoʻl oladi. Korxona rahbarlarining aytishicha, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hajm jihatdan oʻxshashi nafaqat mintaqada, balki boshqa qitʼalarda ham yoʻq. Ular davlatimiz rahbari korxonaga tashrifi chogʻida, avvalo, zavod mahsulotlari bilan ichki bozorni taʼminlash borasida topshiriq bergani, hozir shu boʻyicha harakatlar ketayotganini aytdi. Ochigʻi, mamlakatimiz yetakchisining bunday topshirigʻidan quyidagi hayotiy hikmatni ilgʻadim: oʻz tuprogʻimizdan chiqayotgan shunday noyob toshlar, avvalo, oʻz binolarimizni bezasin.

 

Ruhiyat manzili

 

Qadimiy va navqiron Margʻilon... Bu shaharga qadam qoʻyishi bilan inson vujudida ajib bir hissiyot uygʻonadi. Aynan shu yerda, 35 gektar maydonda qad rostlagan Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi qalbimizni ayricha tarzda titratib yubordi. Qiymati 1,7 trillion soʻmlik bu moʻjaz shaharcha faqatgina inshootlar toʻplami emas, oʻtmish bilan bugunning yuzlashuvi goʻyo.

Karvonsaroylar, hunarmandlar markazi, milliy bozor oralab yurar ekanman, dimogʻimga isiriq va yogʻoch isi urilgandek, qulogʻimga hunarmandlar dastgohlarining ritmli ovozi quyilgandek tuyuldi. Ayniqsa, meni — bir ijodkorni hammadan koʻra koʻproq toʻlqinlantirgan joyi majmuadagi “Otabek va Kumush uyi” muzeyi boʻldi. “Oʻtkan kunlar” romanining har bir sahifasi bu yerda gʻisht va naqshga aylanib, jonlanib turganga oʻxshaydi. Men uch marta qayta oʻqigan muazzam romandagi oʻsha tanish darvoza, oʻsha muhit... Toʻlqinlanib ketmaslikning, qaboqqa yosh tiqilmasligining iloji yoʻq. Taassurotlarimni faqatgina u yerda boʻlganlargina tasdiqlasa kerak, nazarimda.

Boshqacha hissiyotlar bilan avtobusga qaytarkanmiz, direksiya masʼul xodimining soʻzlari yodimda qoldi: “Majmua yiliga 250 ming xorijiy sayyohni jalb etishi kutilmoqda”.

Yana bir gap. Bu majmuaga har bir yurtdoshimiz imkon topib, albatta, kelishi kerak.

* * *

Xalqimizda eng oliy qadriyat nima? Albatta, oilasi, farzandlarini halol mehnat bilan boqish. Quva tumanidagi “Quva agro­star” korxonasida boʻlgach, ayni shu qadriyat xalqaro standartlarga ulanib ketganiga guvoh boʻldik. Yiliga 5 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish, saqlash va qadoqlashni yagona tizimga birlashtirgan bu majmua chinakam maʼnoda milliy brend yaratmoqda. Xalqaro “Global G.A.P.” va “Halal” sertifikatlariga ega mahsulotlar oʻtgan yili ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi “injiq” bozorlarga kirib bordi. Oddiy dehqon 10 sotix yeridan 250 million soʻm daromad topayotganini koʻrib, yerning qadri, mehnatning zavqi nima ekanini vujudingiz bilan his qilasiz. Korxona qamrovni yanada kengaytirib, yangi eksport geografiyasini ochish boʻyicha tinmay harakat qilyapti. Ayniqsa, bu harakatlar yana xalqimizga xos fazilat — isrofni kamaytirishga ­asoslangani bilan hayron qoldiradi. Masalan, korxonada hosil koʻpligidan yoki shamol tufayli toʻkilgan mevalar yigʻilib, innovatsiya asosida danagidan yegulik, poʻchogʻidan oʻgʻit va yoqilgʻi olinmoqda.

* * *

Quyosh tikkaga kelgan... Ketib borarkanmiz, avtobusimiz yoʻl boʻyidagi moʻjizaviy bir maydonda toʻxtaydi. Bu — agrovoltaika. Bir qarashda xuddi filmlardagi manzarani eslatadi: tepada quyoshdan energiya soʻrayotgan minglab yaltiroq panellar, ularning ostidagi salqin soyada esa yashnab turgan “avatar” uzumlari va nariroqda oʻtlab yurgan zotdor qoramollar.

Qarang, yurtimizning jizgʻinak quyoshi endi nafaqat elektr bermoqda, balki ekinlarga soya tashlab, tuproq namligini asramoqda. Avstriyaning zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish tizimi tufayli suv 40 foiz, oʻgʻit 35 foiz tejalib, hosildorlik 25 foiz oshgan. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardagi suv minerallarga boyib, toʻgʻri uzumzorga boradi, qoramollarning organik chiqindisi yerni oziqlantiradi, panellar esa hamma jarayonni quvvat bilan taʼminlaydi. Tabiatning bunday mukammal, yopiq aylanma zanjiri inson aqli bilan birlashib, 110 gektar yerda 2,5 million dollarlik eksport moʻjizasini yaratmoqda. Mazkur yondashuv endi butun respublikaga tarqaladi. Mutasaddilarning bildirishicha, bu boʻyicha davlatimiz rahbari ayni manzilga tashrifi chogʻida topshiriq bergan.

* * *

Yoʻl charchoqlari Quvadagi “Karkidon” suv omboriga yetganimizda zumda tarqab ketadi. Yashil qirlar oʻrtasida yastanib yotgan koʻm-koʻk moviy suv kishiga shunday bir sokinlik beradiki, shaharning shovqin-suronidan oz-moz toliqqan koʻngil orom topadi. Bu turizm majmuasi ertaga Fargʻonaning “Shveysariyasi”ga aylanishiga shubha qilmaysiz. 508 gektar maydonda barpo etilayotgan mehmon uylari, lavandazorlar, sokin goʻshalar... Yiliga 750 ming sayyohni qabul qila oladigan bu maskan nafaqat iqtisodiy foyda, balki insonlar mehnatdan charchaganda oilasi bilan kelib, munosib hordiq chiqaradigan fayzli manzilga aylanadi.

Majmuani tomosha qilarkanmiz, hamrohlarimizdan biri gap boshlaydi: “Mehnatkash xalq maza qilib dam olishga ham haqli”. Hamrohimizning bu fikrida toʻla hayotiylik mujassamligi uchun uni qayd qilib oldim.

Shu bilan press-turimiz poyoniga yeta boshlaydi. Bolalikda bobolarimdan eshitgan bir gap yodimda qolgan: har safarning murodi va hikmati boʻladi. Biz esa jamoamiz bilan yangilanayotgan Fargʻonada har ikkisini-da topdik, nazarimda.

Safar davomida telefonimga ancha-muncha gaplarni qayd qilibman-u, koʻrganlarimni xuddi oʻzidek yozishga soʻzlarim ojizlik qilayotgandek tuyuladi. Aslida, nimadir yozish bir tomonu unga mos nom qoʻyish bir tomon. Mashhur oʻzbek hofizining bir qoʻshigʻida “Fargʻona demanglar, parixonadur” degan jumla bor. Unda, shubhasiz, “Fargʻona” va “parixona” ­soʻzlarining ildizi bir degan badiiy ishora bor. Men esa aynan shu jumlani safarnomaga sarlavha qilib olmoqqa ahd qildim.

Chunki Fargʻonaning qadimiy tuprogʻida bugun shunchaki binolar qurilmayapti, bu yerda yangi davr odamlarining halol tafakkuri, tabiati yuksalmoqda. Qadoq qoʻllar, peshonalardagi ter, yuzlardagi farishtali samimiyat va ertangi kunga qatʼiy ishonch — bularning barchasi yaxlitlashib, chinakam yangi Oʻzbekistonning urib turgan ishtiyoqmand yuragiga aylanmoqda. Buni shunchaki aql bilan anglab boʻlmaydi. Buni shu shamoldan nafas olib, shu xalqning koʻzlariga boqib, faqatgina yurak orqali his qilish mumkin. Fargʻona gullamoqda. Fargʻona yuksalmoqda. Bu yuksalish bizning — barchamizning mushtarak yorugʻ kunlarimiz dalolatgoʻyidir.

Jonibek ALIJONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri