Shunga asosan, Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi moddiy-texnik bazasini yaxshilashga hamda taʼmirga muhtoj umumtaʼlim maktablarini otaliqqa olish boʻyicha viloyat hokimining 2019-yil 31-oktyabrdagi №299-01-50-sonli roʻyxat tasdiqlangan. 
Unga koʻra, Beshariq tumanidagi 10-maktab viloyat hokimi tomonidan otaliqqa olingan.

Joriy yilning 3-iyul kuni Beshariq tumanida oʻtkazilgan viloyat hokimining sayyor qabulida qatartollik bir guruh faollar tomonidan qishloqlaridagi 10-maktabning filial binosi bugungi talablarga javob bermasligi, maktabning asosiy binosi esa bu qishloqdan salkam 7 kilometr uzoqdaligi bois, uni yangitdan qurib berishni soʻrab, murojaat qilishgandi. 
Tumandagi 10-maktabning filiali binosi Qatortol kishlogʻida joylashgan boʻlib, 1960-yilda hashar yoʻli bilan xom gʻishtdan 120 oʻringa moslashtirib qurilgan. Fargʻona davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining 2016-yil 10-avgustdagi xulosasiga asosan maktab binosi foydalanishga yaroqsiz, deb topilgan.

Fuqarolar murojaati viloyat Ishchi guruhi tomonidan atroflicha oʻrganilib, maktab filialining yaroqsiz holatdagi eski binoni buzib, oʻrniga 315 oʻquvchi oʻrinli yangi bino qurilishi maqsadga muvofiqligi aniqlandi.

Shu maqsadda viloyat hokimi tomonidan 3 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ ajratilib, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi, ekspertiza xulosasi olindi va “Taʼmirlash tiklash” unitar korxonasi tomonidan qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda oʻquv binosining beton, gʻisht terish ishlari, rom oʻrnatish ishlari oxiriga yetkazildi. Yangi maktab binosining fasad va ichki qismlarida pardozlash ishlari bajarilmoqda. Taʼkidlash joiz, otaliqqa olingan maktablar yangicha qiyofa kasb etib, taʼlim olayotgan kelajak avlodni ilm olishga ishtiyoqini yana-da oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Fargʻona viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.