Fargʻona viloyat hokimligida AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Rozenblyum bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2021 1060

    Fargʻona viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Avazbek Oʻrinboyev viloyat hokimligi qabullar uyida AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum va elchixona masʼullari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda AQSH elchisiga Fargʻona viloyatida soʻnggi yillarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish jarayonlari, viloyatning ulkan iqtisodiy-investitsion va turistik salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Muloqot chogʻida Rozenblyum Oʻzbekistonning, xususan, Fargʻona viloyatining qoʻshni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari, Soʻx tumanidagi oʻzgarishlar bilan ham qiziqdi.

    - Qoʻshni davlatlar, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan qadimdan doʻst, qardosh boʻlib yashaganmiz. Shunga mos tarzda bugun iqtisodiy hamkorlik, savdo-sotiq ham rivojlanib bormoqda va biz turli biznes-forumlar tashkil etib, bu aloqalarni yanada mustahkamlayapmiz, — dedi uchrashuvda qatnashgan viloyat hokimining oʻrinbosari, viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev. Shuningdek, u Amerikada Fargʻona viloyati mahsulotlari uchun katta bozor mavjudligini va bu ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarini jonlantirish uchun yaxshi bir imkoniyat ekanligini taʼkidladi.

    Elchi Deniyel Rozenblyum Fargʻonaning turizm salohiyati ham yuqori ekanligini, bunga u Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida ikki yil avvalgi tashrifi davomida guvoh boʻlganligini taʼkidladi va bu yoʻnalishda AQSH bilan hamkorlikni yuksaltirish taklifini bildirdi.

    AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi qabuldan soʻng OAVga bergan intervyusida Oʻzbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakatga aylanganligini qayd etib, bunga qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyilgani orqali erishilayotganligini eʼtirof etdi.

    AQSH elchixonasi vakillari “Fergana Global Textile Group” klasteri, Rishton kulolchilik markazi va yana bir qator ishlab chiqarish markazlarini ham borib koʻrishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.