Ilmiy kengash zamonaviy yangi multimedia jihozlari bilan taʼminlangan maxsus zalda faoliyat yuritadi. Zero, muhtaram Prezidentimizning ilm-fanni rivojlantirish borasidagi islohotlari oliygohlarda oʻz ijrosini topmoqda.
Fargʻona vodiysining hayvonot olami azaldan tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib kelgan. Ilk bor zoologik tadqiqotlarning yuzaga kelishi mazkur hududda oliy oʻquv yurtlarining tashkillanishi bilan boshlangan boʻlsa, uning keyingi taraqqiyoti ham ular faoliyati bilan chambarchas bogʻliq. Dastlabki tizimli ilmiy izlanishlar bu yerda yigirmanchi asrning oʻttizinchi yillarida vodiyning toʻngʻich oliy oʻquv yurti – Fargʻona davlat universiteti (sobiq pedagogika instituti) ochilgandan keyin boshlangan.
Keyinchalik hududning hayvonot dunyosini oʻrganishga yangidan tashkil etilgan Andijon va Namangan universitetlari, sobiq Margʻilon oʻqituvchilar instituti, Qoʻqon pedagogika instituti, Andijon qishloq xoʻjaligi (sobiq paxtachilik) institutining oʻqituvchilari va xodimlari ham kirishdilar.
Oʻtgan davr mobaynida oʻnlab taniqli olimlar vodiy faunasiga doir koʻplab ilmiy natijalarni qoʻlga kiritdilar. Jumladan, professor S.V.Averinsev (1931-1940) ilmiy natijalarni qator ilmiy va oʻquv manbalarda yoritgan boʻlsa, respublikada suv havzalari zoologiyasi yoʻnalishining taraqqiyoti va ravnaqi akademik Avliyoxon Muhammadiyev va uning shogirdlari ishlari bilan uzviy bogʻliq.
Keyinchalik professorlar A.M.Muxamediyev va M.H.Ahmedovlar vodiyda entomologik tadqiqotlarni rivojlantirdi hamda ilmiy maktablar yaratdilar. Ularning shogirdlari hozirda ushbu ilmiy maktablarning davomchilari sanalib, hayvonot olamining faunasi, ekologiyasi va eksperimental sharoitda tarqalishi, zarari va xoʻjalik ahamiyatini keng qamrovli tadqiq etib kelmoqda.
Umuman olganda, soʻnggi 1 asr davomida Fargʻona vodiysining umurtqasiz va umurtqali hayvonlarining faunasi, sistematikasi, biologiyasi, ekologiyasi, boshqa yoʻnalishlarini oʻrganishda salmoqli ishlar qilinganligi qator ilmiy manbalardan koʻrinib turibdi. Unda Fargʻona vodiysi oliy oʻquv yurtlarida faoliyat koʻrsatgan zoolog-tadqiqotchilarning ulkan hissasi bor.
Aytib oʻtish joizki, Fargʻona vodiysida oʻtkazilgan gidrobiologik tadqiqotlar 1 doktorlik (A.Muxammadiyev, 1958), entomologiya sohasida 7 doktorlik (Dubovskiy, 1967; A.A.Muxamediyev, 1989; A.Kan, 1994; M.H.Ahmedov, 1995; A.G.Kojevnikova, 2000; I.I.Zokirov, 2019; A.K.Xusanov, 2020) dissertatsiyalariga zamin vazifasini oʻtadi. Qayd etilgan va boshqa yoʻnalishlarga xos vodiy materiallari asosida ellikdan ortiq monografiyalar chop etildi, 50 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi, mingdan ortiq maqolalar eʼlon qilindi.
Shularga asoslanib aytish mumkinki, shak-shubhasiz, Fargʻona vodiysi Oʻzbekistonda oʻtkazilgan zoologik tadqiqotlarning markazlaridan biri boʻlib keldi va hozir ham bu mavqeni saqlab qolmoqda.