Viloyatda 2022-2023-yillarda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati 31 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 268 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda kimyo, qurilish materiallari, toʻqimachilik, elektrotexnika, charm, farmatsevtika tarmoqlari “drayver” boʻladi.

Prezidentimiz joriy yil 13-may kuni viloyat faollari bilan uchrashuvda hudud mahsulotlarining dunyo bozoriga raqobatbardosh boʻlib kirib borayotganiga, investitsiyaviy salohiyati ortayotganiga doir ana shunday raqamlarni keltirar ekan, bularning hammasi aql, bilim, shijoat mahsuli ekanligini, tanlab olingan bu yoʻlni davom ettirish kerakligini alohida eʼtirof etdi.

Tanlab olingan mazkur yoʻl, oʻz navbatida, Fargʻona viloyatiga 2017-yilga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar salmogʻini 16,5 barobarga oshirib, joriy yilda 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Ayni tahlilda buning asosiy omillari va istiqbol imkoniyatlari xususida soʻz boradi.

BARQAROR OʻSISH DARAJASIGA ASOS BOʻLAYOTGAN ISHLAR

Yaqinda dunyoning eng nufuzli mustaqil kompaniyalardan biri — Standard & Poorʻs xalqaro reyting agentligi (S&P Global Ratings) tomonidan Fargʻona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingi B+ darajasida “Barqaror” deb baholandi. B+ reyting koʻrsatkichi dunyoda iqtisodiy holati barqaror va moliyaviy jihatdan qarzdorligi boʻlmagan hamda sogʻlom investitsion muhitga ega boʻlgan hududlarga berilib, oʻsha hududning xalqaro doiradagi holati ijobiy pogʻonada ekanligini bildiradi.

S&P Global Ratings hisobotida viloyat byudjetining yuqori koʻrsatkichlari hamda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi alohida eʼtirof etilib, kelgusi uch yil davomida viloyat byudjeti oshirib bajarilishi bashorat qilingan. Qolaversa, agentlik ekspertlari fikriga koʻra, qarzdorlik darajasi deyarli nolga teng ekani natijasida viloyatning likvidlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlishda davom etadi.

—Ana shunday xulosaga viloyatimizning 2019-yildan boshlab moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlari, 2024-yilgacha boʻlgan moliyaviy-iqtisodiy holati prognozi boʻyicha tahlillari, agentlik tomonidan kelgusi 12 oy ichida hukumatning transferlari hisobiga kuchli byudjet koʻrsatkichlarini saqlab qolishi va oʻrta muddatli istiqbolda qarzga mutlaq ega boʻlmasligiga ishonchi asos boʻldi, — deydi Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev. — Viloyatimizda 2017-2021-yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmi 228,1 foizga oʻsib, 2021-yil yakuni bilan 47,3 trillion soʻmni tashkil etdi. 2022-yilda bu koʻrsatkich 53,7 trillion soʻmga teng boʻlishi kutilmoqda.

Sohalar boʻyicha tahlil qilganda, 2017-yilda 9,7 trillion soʻm boʻlgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2021-yilga kelib 27,8 trillion soʻmga yetgan, 2022-yilda 32,9 trillion soʻmdan ziyod boʻlishi kutilmoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 5 yil davomida 2,2 barobar oʻsish qayd etib, 12,7 trillion soʻmdan 28,1 trillion soʻmga ortdi, joriy yilda esa tarmoq mahsulotlari hajmini 31,9 trillion soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.

Ijobiy xalqaro reyting koʻrsatkichiga erishishda viloyatda faol oʻzlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi va jadal tashqi savdo dinamikasi ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Viloyatga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Oʻtgan 2021-yilda 2017-yilga nisbatan 16,5 barobardan koʻp xorijiy investitsiya kirib kelishiga erishildi. Joriy yilning yanvar–may oylarida oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi esa 411 million dollarni tashkil etdi, oʻsish koʻrsatkichi 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobarga ortdi. 2022-yil yakuni boʻyicha 1 milliard dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda.

Toʻgʻridan-toʻgʻri invesititsiya kiritgan korxonalar soni eng yuqori boʻlgan davlatlar orasida Xitoy yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi oʻrinlarni Rossiya, Turkiya Koreya Respublikasi, Qirgʻizistondan tortib Yaponiyagacha boʻlgan koʻp sonli kompaniyalari boʻlgan mamlakatlar egallagan.

HAMKORLIK KOʻLAMLARI YANADA KENGAYADI

Oʻzbek-turk xalqlarining azaliy doʻstlik, birodarlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlanishi barobarida hududlararo iqtisodiy hamkorlik ham kundan kunga kengayib bormoqda. Bunda ikki mamlakat rahbarlarining doʻstona munosabatlari barcha sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda oʻzaro hamkorlikning jadallashishiga xizmat qilayotgani bilan katta ahamiyat kasb etyapti.

Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik, xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli Turkiya biznesi vakillarining ham yurtimizdagi faoliyati rivojlanyapti, yangi loyiha va tashabbuslar ustida ish olib borishmoqda. Ayni kunda turkiyalik sarmoyadorlar ishtirokida 63 ta korxona faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

2021-yilning oʻzida fargʻonalik tadbirkorlik subyektlarining Turkiya respublika bilan tashqi sadvo aylanmasi 113,4 million AQSH dollalar, eksport hajmi 70,8 million, import miqdori 42,5 million dollarni tashkil etdi. Bu raqamlar avvalgi yillarga taqqoslanganda uch-toʻrt hissaga koʻp. 2022-2026-yillarga moʻljallangan nvestitsiya dasturi doirasida Turkiya bilan hamkorlikda umumiy qiymati 33,3 million dollar boʻlgan yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Xususan, Oʻzbekiston tumani Shoʻrsuv shaharchasidagi “Albus cement group” oʻzbek-turk qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatdoshligi va yuqori sifati bilan ajralib turadi. Korxona qisqa davr mobaynida ular turlarini koʻpaytirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratdi. Ayni vaqtda bu yerda sement, quruq qurilish qorishmalari, gips kabi qirq turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Korxonada toʻrt yuzdan ortiq kishi mehnat qiladi. Ayni kunlarda qurilish materiallari ishlab chiqarish klasterini tashkil etilmoqda. Qurilish gipsining yangi turi, rangli PVX gipsokarton, qurilish ohak, keramzit, bazalt xom ashyosidan teploizolyatsiyalar, beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotgan boʻlib, qiymati 58,9 million dollaridan ortadi.

Viloyatda qardoshlar tajribasi asosida koʻp qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. “BTC Yapi A.S” kompaniyaci ana shunday yangi loyiha tashabbuskori. 1996-yilda tashkil topgan kompaniya turli davlatlarda kasalxona, mehmonxona, savdo markazlari, turar-joy binolari, aeroportlar qurish kabi yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib keladi.

— Turkiya tajribasi asosida 16-18 qavatli uylar qurish loyihasida ishtirok etishni koʻzlab turibmiz, — deydi kompaniyaci taʼsischisi va bosh direktori Jaxit Oʻzturk. — Biz qurgan binolar uzoq vaqt aholiga xizmat koʻrsatishi, shahar meʼmoriy qiyofasiga oʻzgiga xos koʻrk, salobat bagʻilab turishi bilan ajralib turadi. Mamlakatingizda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratib berilgan qulay invetsion muhim va sharoitlar hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish imkoniyatini bermoqda. Bu yerda faqat uy-joylar qurish bilan cheklanib qolmaymiz. Eng zamonaviy tibbiyot maskanlari qurish tajribasiga ham egamiz. Shuningdek, sement-beton zavodi faoliyatini ham yoʻlga qoʻyamiz. Mazkur yoʻnalishlarda fargʻonaliklar bilan hamkorlik qilmoqchimiz.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Fargʻona delegatsiyasi Turkiyada boʻlib, uning doirasida umumiy qiymati 142 million dollardan ziyod boʻlgan 12 ta investitsion kelishuv hamda eksport shartnomasi imzolandi. Jumladan, Fargʻona shahrida tibbiyot shaharchasi qurish va tashkil etish boʻyicha “Hitit Sosyal Tesisler Sağlık İnşaat Ticaret Limited Şirketi” kompaniyasi bilan 36 million dollarlik, Furqat tumanida paxtadan tayyor tikuvchilik mahsulotini ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oluvchi kompleksni barpo etish boʻyicha “BENEKS” kompaniyaci bilan 35 million dollarlik investitsion kelishuvlar amalga oshirildi.

XOMASHYODAN TAYYOR MAHSULOTGACHA

Beshariq tumanida Xitoylik sarmoyadorlar bilan birga tashkil etilgan “Fargʻona Yasin Qurilish Mollari” MCHJ qoʻshma korxonasining ishga tushirilishi qurlish tarmoqlari uchun muhim boʻlgan sement ishlab chiqarish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash bilan birga, sohada raqobat maydonini shakllantirish imkoniyatini beradi. Bu yerda loyiha qiymati 200 mln. dollar boʻlgan investitsiya oʻzlashtirildi. Natijada korxonada jaxon andozlariga mos boʻlgan 400 va 500 makali sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Korxonada 300 dan ziyod mahalliy yoshlar ish bilan band. Kunlik ishlab chiqarish xajmi 2,5 ming tonnani tashkil qilmoqda. Yaqin istiqbolda korxona quvvati kuniga 3,5 ming tonnaga oshirish va yilliik ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, mahsulotning 30 foiznii eksport chiqarish rejalashtilmoqda.

“GNT Sare” MCHJ qoʻshma korxonasi Bagʻdod tumanida tibbiy himoya vositalari va jihozlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. Koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 2,5 million AQSH dollarilik (shundan 1,5 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya) ishlab chiqarish liniyasi joriy yil oxirida toʻliq ishga tushiriladi.

Mamlakatimizda farmatsevtika sohasi rivojiga salmoqli hissa qoʻshishga yoʻnaltirilgan korxonada kamyob vositalar — qondagi qand miqdorini tezkor aniqlash uskunasi (glyukometr), pulsometr, fonendoskop, bir martalik tezkor test jihozlari va boshqa turli tibbiy-gigiyenik himoya vositalari ishlab chiqariladi. Bu yerda qoʻshimcha ishlab chiqarish yoʻnalishlariga ham eʼtibor qaratilgan boʻlib, sutni va qogʻoz chiqindilarini qayta ishlash sexlari ishga tushirildi.

— Seximiz asosan qaymogʻi olinmagan sutni qayta ishlashga moslashgan. Muzqaymoq, qatiq, kefir, ayron, tvorog kabi 12 xil sut mahsulot tayyorlayapmiz. Hozircha har kuni 300-350 litr sut qayta ishlanyapti. Aslida uskunalarimiz 8 tonnalik quvvatga ega, — deydi ish boshqaruvchi Maʼrufjon Xoʻjayev. — Mahsulotlarni tashqi bozorga eksport qilishni ham maqsad qilganmiz.

Istiqboldagi rejalar dasturiga koʻra, toʻqimachilik mahsulotlari, kalava ip, tayyor mahsulot ishlab chiqarish ham bor. Buning uchun zamonaviy uchkunalar oʻrnatilayotgan bino qurib bitkazilgan. “Hozircha bozorni oʻrganish ishlari ketyapti”, deyishdi mutasaddilar. Bugungi kunda 60 dan ortiq yigit-qiz mehnat qilayotgan korxona toʻliq quvvvat bilan ishga tushsa, 500 ga yaqin doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

“Ferghana spinning” MCHJ Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi gazlama-mato ishlab chiqarishni boʻyicha 10,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Bugungacha bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish, jihoz va uskunalarni oʻrnatish ishlari amalga oshirilib, gazlama ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

— Mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosi yuqori sifati, pishiqligi hamda zamonaviy toʻqimachilik sanoati talablariga toʻla javob berishi bilan jahon bozorida mashhur, — deydi korxona rahbari Ilyos Uraimov. — Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalar paxtani qayta ishlash, tayyor mahsulot sifatida eksportga yoʻnaltirishdir. Buning zamirida juda katta maʼno, davlatimiz iqtisodiyotining yanada rivojlanishi mujassam. Biz ham gazlama-mato ishlab chiqarish liniyasini yoʻlga qoʻydik. Kelgusida tayyor kiyimlar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.

Oʻrnatilgan eng soʻngi rusmdagi uskunalar bir maromda ishlayapti. Korxona toʻliq ishga tushsa, 600 ta doimiy ishchi oʻrni yaratiladi.

ISTIQBOL IMKONIYATLARI

Yaqinda Yaponiyaning “Mikado develop and investment” kompaniyasi tomonidan viloyat hokimligida Fargʻonada qad rostlayotgan Ekoshahar hududida mehmonxona-rezidensiya va savdo-turizm majmuasi barpo etish loyihasi taqdim etildi. Unga koʻra, majmua 4 qavatli yapon saroylari meʼmorchiligini oʻzida mujassamlashtirgan lyuks mehmonxona, 60 blokdan iborat har birining maydoni 50 metr kvadrat boʻlgan savdo doʻkonlari hamda ularning ust qavatida eng zamonaviy xizmat koʻrsatish joylaridan iborat boʻladi.

Hindistonning “Indo Capital Lights” kompaniyasi Bagʻdod tumanida quyosh panellari hamda energiya tejamkor lampalar ishlab chiqarish bilan bir qatorda karton qadoq qutilar tayyorlash korxonasini, Fargʻona shahrida yirik savdo majmuasini barpo etish loyihalarini amalga oshirishni maqsad qilgan.

Xitoyning “Fht Future Technology” kompaniyasining investiyaviy rejalari yanada keng. Loyihaga koʻra, kompaniya viloyatda 25 gektar maydonda innovatsion texnopark hamda 350 million dollar investitsiya hisobiga 500 gektar maydonda quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda. Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi texnoparkda joylashtiriladigan xorijiy korxonalarni taʼminlashga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston tumanidagi “Fargʻona Vest interneyshil sement” qoʻshma korxonasi MJCH tomonidan amalga oshirilayotgan sement ishlab chiqarish loyihasi 2022-yilning eng yirik xorijiy investitsiyalari sirasiga kiradi. Loyiha doirasida 215 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib 800 ta yangi ish oʻrni ochiladi.

Yaratilayotgan qulay investitson muhit natijasida Fargʻona viloyatida xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni yil sayin ortib bormoqda. Ular 2017-yilda 184 tani, 2018-yilda 253 tani, 2019-yilda 388 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilga kelib 444 taga, 2021-yilda 535 taga, 2022-yilning ayni kun holatiga esa 552 taga yetdi.

Xulosa oʻrnida Standard & Poorʻs xalqaro reyting agentligining yana bir eʼtirofini keltirmoqchimiz. Unda statistik koʻrsatkichlarda viloyatning iqtisodiy salohiyati yildan- yilga sezilarli miqdorda koʻtarilgan va buning isbotini viloyatning turli sohalarda qayd etayotgan natijalarida kuzatish mumkin. Kelgusida, yaʼni 12 oydan soʻng, Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan institutsional tizimning yaxshilanishi yoki hududning iqtisodiy salohiyati darajasi koʻrsatkichlari koʻtarilishi shunday surʼatda davom etsa, reyting yana bir darajaga yuqorilashi qayd etiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari