Farzandlar ruhi baland boʻlsin

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 13-dekabr sonida jurnalist Xolnisa Rahmonqulovaning “Farzandlar ruhi baland boʻlsin” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Yurtimizning eng chekka hududida ham maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish borasida koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish, yaxshi shart-sharoitda kamol topishiga katta eʼtibor qaratilyapti. Zotan, “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonunda bunga doir davlat kafolatlari taʼminlangan. Har bir bola maktabgacha taʼlim-tarbiya olish huquqiga ega ekani belgilangan.

    Jizzax viloyatining chekka hududlaridan boʻlgan Forish tumanida ham oʻgʻil-qizlarning qonunda belgilangan haq-huquqlarini taʼminlash borasida muayyan ishlar bajarilyapti. Jumladan, hududda 60 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilib, ayni paytda ularda bir yarim ming bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 57 ta qisqa muddatli guruh orqali qoʻshimcha 1710 oʻgʻil-qiz maktabgacha taʼlimga qamrab olindi.

    Oʻtgan davrda davlat-xususiy sheriklik asosida ochilgan oltita nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 400 dan ziyod bola taʼlim-tarbiya olyapti. Chekka tuman miqyosida bu chakana koʻrsatkich emas.

    — “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, oʻttiz yoshga toʻlmagan yoshlardan 15 nafarini bogʻchaga ishga olganmiz, — deydi Forish tumanidagi 7-maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Zuhra Gʻoziyeva. — Bogʻchamizda kam taʼminlangan oilalarning 18 nafar farzandi imtiyozli ravishda tarbiyalanadi. Yana olti nafarining badal puli homiylik asosida qoplanadi. Bolalar “Ilk qadam” davlat dasturi asosida zarur taʼlim-tarbiya olyapti. Takomillashtirilgan “Ilk qadam” davlat dasturi boʻyicha malaka oshirib kelgan tarbiyachilarimiz buni seminarlar orqali boshqa pedagoglarga ham yetkazmoqda.

    Qolaversa, tarbiyalanuvchilarimizni sifatli va toʻgʻri ovqatlantirish, salomatligini muhofaza qilish uchun qoʻldan kelgancha harakat qilyapmiz. Oshxonamizda bolalarimiz uchun 24 xil sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilyapti. Oshpazlarimiz maxsus sertifikat va yetarli koʻnikmalarga egaligi bu borada qoʻl kelyapti.

    Mazkur muassasa 2018-yilda “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan, oʻtgan yili qurilish ishlari yakunlanib, qayta ochilgan edi. Zuhra Gʻoziyevaning aytishicha, bogʻcha artezian qudugʻi orqali ichimlik suv bilan taʼminlangan. “Yashil makon” umummilliy davlat dasturi doirasidagi ishlar ham oʻz vaqtida bajarilyapti. Jumladan, noyabr oyida 300 tupdan ziyod daraxt ekildi.

    Kelgusida bogʻcha hovlisida issiqxona tashkil etiladi. Bu isteʼmol uchun ekologik toza va sifatli mahsulotlar yetishtirishda katta ahamiyatga ega. Bugun koʻplab muassasalar qatori 7-maktabgacha taʼlim tashkiloti ham zamonaviy jihozlangan. Kompyuterlashtirilib, hamma xonalar ovozli kameralar bilan jihozlangan. Internet tarmogʻiga ulangan. Oʻyin faoliyati zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilyapti.

    Tarbiyachilarning saʼy-harakati bilan bu yil bogʻcha tarbiyalanuvchilari shaxmat boʻyicha tumanda toʻrtinchi, rasm chizish mahorati borasida uchinchi oʻrinni egalladi. MTT hamshirasi “Yil hamshirasi” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichida 2-oʻringa loyiq topildi.

    Forishda meva-sabzavot oʻzida yetishtirilib, sifatli mahsulotlar bilan oʻzini oʻzi taʼminlaydigan muassasa bor. Tumanning “Uchquloch” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 6-maktabgacha taʼlim tashkiloti 2019-yilda qayta taʼmirdan chiqarilgan. Bugun 150 nafar bolani bagʻrida jamlagan.

    — Bolalar bilimini oshirishda koʻproq masʼuliyat ota-onalarga yuklatiladi. Har bir ishimiz mahalla ahli, ota-onalar va hududdagi 10-maktab bilan hamkorlikda bajariladi. Maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnamaydigan bolalar uchun qisqa muddatli guruhlar, toʻgaraklar tashkil qilganmiz. Hozir bu yerda ingliz tili, musiqa, jismoniy tarbiya toʻgaraklari mavjudb — deydi bogʻcha mudirasi Muhabbat Ravshanova. — Farzandlarimizni salohiyatli oʻgʻil-qizlar qilib tarbiyalashga harakat qilyapmiz.

    Bolaning jismoniy harakati, ruhiy holati, odob-axloqi uygʻun boʻlsa, kelajagini taʼminlay olamiz. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida maktabgacha taʼlim muassasasini gulzorga aylantirishni maqsad qilganmiz. Chunki bolalarimizning toza tabiatni koʻrgisi, undan zavq olgisi keladi. Bundan ruhi tetik boʻladi. Shuning uchun astoydil ishlayapmiz.

    Bugun yurtimizdagi obodonlashtirish ishlari natijasida maktabgacha taʼlim muassasalari ham zamonaviy qiyofa aks etib bormoqda. Bizning chekka hududdagi bogʻchamizda yaratilgan shart-sharoitlar fikrimizni tasdiqlaydi. Bunday imkoniyatlardan ota-onalar juda minnatdor. Yangilikni taʼlim-tarbiyada qoʻllash uchun oʻqish jarayonida interfaol usullardan foydalanyapmiz. Bu borada tarbiyachilardan tortib yordamchi tarbiyachilarni ham bilim olishga, oʻqishga jalb qilib kelyapmiz.

    “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 3-maktabgacha taʼlim tashkilotida uch yuzdan ziyod tarbiyalanuvchi bor. Rus, ingliz tili toʻgaraklari ishlab turibdi. Yaqinda kurash toʻgaragi, karate mashgʻuloti yoʻlga qoʻyildi. Turli musobaqalar tashkillashtirib kelinmoqda. Mental arifmetika mashgʻulotlarini oʻtish yoʻlga qoʻyiladi.

    — Bogʻchamizda 61 xodim faoliyat yuritadi, ulardan 29 nafari pedagog, — deydi MTT metodist tarbiyachisi Nasrin Ibodova. — Innovatsion muhit yaratish boʻyicha tadbir tashkil etyapmiz. Har oyda shunday tadbirlar oʻtkaziladi. Xonalar oy nomiga mos ravishda jihozlanadi. Sohadagi yangiliklardan biri shuki, bolalar onlayn yoʻqlamadan oʻtkazilmoqda. Bu esa ishimizni yengillashtirdi.

    Viloyatning olis hududidagi maktabgacha taʼlim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar inson qadrini ulugʻlash, hur va farovon yurtning bolalari sogʻlom va bilimli boʻlib ulgʻayishi uchun qilinayotganini anglatadi. Zero, inson qadri ulugʻlangan yurtdagina farzandlar erkin va barkamol voyaga yetadi.