Oʻzbekiston va Germaniya munosabatlarining keng doirasi, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Muloqot chogʻida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, tez rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanligi aytib oʻtildi. Birinchi navbatda barqaror oʻsib borayotgan iqtisodiy yoʻnalishda tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, yangi investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish boʻyicha qiziqish bildirildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda parlamentlararo muloqotning muhimligidan kelib chiqib, bu borada qator rejalarga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, ikki tomonlama aloqalarni huquqiy jihatdan taʼminlash, parlament qoʻmitalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va uni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, elektron parlamentni joriy etish boʻyicha tajriba almashishga kelishib olindi.
Delegatsiya aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi va mazkur jarayonda Germaniya faol ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.
Suhbat davomida mehnat munosabatlari, gender tenglikni taʼminlash, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, madaniy-gumanitar sohalarda ham hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida oʻzaro tashriflarni tashkillashtirgan holda Oʻzbekiston va Germaniya parlamentlari munosabatlarining yangi yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida hamkorlikka oid tegishli hujjatlarni ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.