Koʻp oʻtmay davlatlarimiz mustaqil boʻlib, chegaralar taqa-taq yopildi. Shunda bizda fuqarolik muammosi paydo boʻldi. Na Qirgʻiziston, na Oʻzbekiston bizni oʻz fuqarosi sifatida qabul qilmadi. Aro yoʻlda sarson boʻlib qoldik.
Mustaqillikning dastlabki yillari hech kimga oson boʻlmadi. Hamma narsada taqchillik kuzatildi, roʻzgʻor tebratish qiyin kechdi. Bu yogʻi bozor iqtisodiyotiga oʻtish dedik, boshqa dedik, xullas, mamlakat oyoqqa turishi uchun vaqt kerak boʻldi.
Mana shunday davrda biz ikki karra koʻproq qiynaldik. Bir tomondan, oʻtish davri tashvishi, boshqa tomondan, haq-huquqsizlik muammosi. Hech bir davlat himoyasida emaslik, fuqarosizlik kishi qaddini bukib qoʻyar ekan. Hozir bu xotiralarni yengil aytyapman, lekin uning ortida turgan uqubat va chorasizlik oqibatini boshidan oʻtkazgan odamgina his qilishi mumkinligini ham yaxshi bilaman.
Turmush oʻrtogʻim bilan oʻttiz yilcha shu muammo bilan roʻbaroʻ yashadik. Bu orada farzandlarimiz ulgʻaya boshladi. Ularni bogʻchaga, maktabga joylashtirish ham katta muammoga aylandi. Shu bois, bolalarimning ham koʻngli oʻksik edi. Maktabda, mahalladagi tengdoshlari oldida tortinib, qimtinib yurishdi.
Bu yillar oraligʻida fuqarolik olish uchun qilgan harakatlarimiz zoye ketdi. Menda yana bir armon bor edi. Ota-onamni, yaqinlarimni oʻz vaqtida borib koʻrolmadim, hol soʻrolmadim, yaxshi-yomon kunida ular yonida boʻlolmadim.
Toʻgʻri, tadbirkorlik qildik, buning ortidan ustimiz but, roʻzgʻorimiz toʻkis boʻldi. Ammo hayotda bir inson baxtli boʻlishi uchun shuning oʻzi yoki boylik ham kamlik qilishini mana biz yaxshi tushunamiz...
Allohga shukr, Oʻzbekistonda yangi davr boshlandi. Bu taqdirimizni ham oʻzgartirib yubordi. Uzoq yillik niyatimizga yetdik. Oʻtgan yili menga va oila aʼzolarimga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi.
Bu biz uchun juda katta faxr va sharafligini aytishdan charchamayman. Chunki bugun hayotimiz tubdan oʻzgargan. Hech kimdan kam joyimiz yoʻq. Men pul yoki boshqa moddiy narsalar haqida gapirmayapman. Oʻzim, xotinim, farzandlarim qalbidagi toʻliqlik haqida aytyapman.
Yaqinda oilamiz bilan Oʻshga borib keldik. Aka-ukalar, opa-singillar, oshna-ogʻaynilar bilan diydorlashdik. Toʻgʻri, oʻrtadagi ayriliq qismati oʻrnini toʻldirib boʻlmas judoliklar olib kelgan edi. Endi ota-onamiz yoʻq, biz bilgan yaqinlar, doʻstlar safi ham siyraklashgan. Ammo bugungi hayotimizning yangi surʼati va mazmuni koʻnglimizni koʻtaradi. Farzandlarimiz kelajagidan koʻnglimiz toʻqligi uchun ham baxtlimiz.
Bugun qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar juda iliqlashgan, yaxshi qoʻshnilik aloqalari oʻrnatildi. Bu ham bizni xursand qiladi. Shuning uchun ham shukrona aytamiz, bugungi ozod va obod hayotimizga koʻz tegmasin, deya duo qilamiz.
Muhammadrasul QODIROV,
tadbirkor